Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida bir guruh odamlar YPX mashinasini qurshab olgani va uning ichida o‘tirgan xodimlarni kuch ishlatib mashinadan tortib tushirgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Munosabatda ma’lum qilinishicha, 2022 yil 26 aprel kuni soat taxminan 17:00 larda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB YHXB YPX inspektorlari tomonidan tuman markazidagi “Oziq-ovqat dehqon” MChJ bozori atrofida jamoat tartibini saqlash hamda mashinalar tirbandligining oldini olish maqsadida patrul maxsus avtomashinasing ovoz kuchaytirgich moslamasi bilan xizmat olib borilgan.
Shu jarayonda bir necha kishi xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan faol qarshilik ko‘rsatgan. Ulardan biri patrul avtomashinasining old o‘rindig‘ida bo‘lgan YPX katta inspektori B.Karimovning pogoni, bodi kamerasi va ko‘krak nishonini yulib olgan. Shundan so‘ng, xodimlar tomonidan qo‘shimcha kuchlar chaqirtirilib, jamoat tartibi tiklangan.
Xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, faol qarshilik ko‘rsatgan fuqarolar Sh.B., N.B., N.D. va Q.A. ning shaxsi aniqlanib, hozirda ularga nisbatan Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchilarning uch nafari jinoyat-protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlanib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Surxondaryo viloyatida YPX xodimini do‘pposlagan qoidabuzar haydovchi qamoqqa olingandi.