Toshkent shahri Yunusobod tumanida tadbirkordan 1100 AQSh dollari talab qilgan muhandis ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi departament xabar bermoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yunusobod tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda «Hududgaz Poytaxt» gaz ta’minoti filiali «Yunusobod tumangaz» bo‘limining ulgurji iste’molchilar bo‘limi muhandisi X.B. tadbirkor J.ga tegishli bo‘lgan savdo shoxobchasiga tabiiy gaz tarmog‘ini o‘tkazib berish hamda loyiha hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 1100 AQSh dollari talab qilib, dastlab 100 AQSh dollarini qo‘lga kiritib, kelishilgan puldan yana 900 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.