“Yana bir masala – kuni kecha hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 300 million dollar mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzoladim. Shundan 45 million dollarni Qashqadaryodagi tadbirkorlar loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiramiz”, dedi prezident.
Qarshi shahrida “Uztex” korxonasi tomonidan yiliga 150 ming juft poyabzal ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha shu yil 3-chorakda ishga tushiriladi.
“Eltexsanoat” umumiy qiymati 254 milliard so‘m bo‘lgan 7 ta loyiha amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Qarshi shahridagi “Alp-texno servis” korxonasida yiliga 300 ming dona “smart” televizorlar ishlab chiqarish shu yil 3-chorakda yo‘lga qo‘yiladi.
“Viloyat, shahar va tumanlardagi “Loyiha guruhlari” va “Tadbirkorlar kengashlari” yangi mahalliy sanoat loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatishi kerak. Bu ishlarni muvofiqlashtirish uchun S.Umrzoqov va A.Voitov boshchiligida alohida ishchi guruhi tashkil etiladi”, dedi davlat rahbari.
Qayd etilishicha, ushbu ishchi guruhi a’zolari haftada 4 kun Qashqadaryoda faoliyat olib boradi va barcha muammolarni joyida hal qiladi.