21 aprel kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish haqida qaror qabul qilgach, regulyator an’anaviy matbuot anjumani o‘rniga jurnalist va blogerlardan kelib tushgan savollarga javob berdi.
Markaziy bank o‘tgan yili muomalaga chiqarilgan yangi banknotlardan qachon to‘liq foydalanish boshlanishi va eski pullar muomaladan chiqarilishiga oid savolga javob berdi.
Regulyator avval ham ta’kidlanganidek, eski namunadagi banknotlar to‘lov qobiliyatini yo‘qotmasligini ma’lum qilgan.
“2021 yilda dastlab yangi nominaldagi, ya’ni 2 000 so‘mlik va 20 000 so‘mlik banknotlar muomalaga chiqarildi.
Shuningdek, 2021 yilning avgust va dekabr oylaridan bosqichma-bosqich yangi ko‘rinishdagi 5 000, 10 000, 50 000, 100 000 so‘mlik banknotlar muomalaga chiqarildi hamda ushbu banknotlar shu nominaldagi eski namunadagi banknotlar bilan parallel ravishda muomalada bo‘lishi, ya’ni eski namunadagi 5 000, 10 000, 50 000, 100 000 so‘mlik banknotlar to‘lov qobiliyatini yo‘qotmasligi belgilandi.
Shuningdek, muomaladagi eski banknotlar salmog‘i yuqoriligi bois, ularning muomaladan chiqarish muddatlari cheklanmagan.
“Bugungi kunda eski namunadagi banknotlar tabiiy yo‘l bilan, ya’ni muomalada bo‘lishi jarayonida eskirgan va to‘lovga yaroqsiz holga kelganlari muomaladan qaytarib olinmoqda. Muomalada aylanayotgan banknotlar soni 2,5 mlrd donadan ortiq bo‘lsa, shundan 201 mln donadan ziyodi 2021 yil namunasidagi banknotlar hisoblanadi”, – deyiladi MB izohida.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda muomaladagi naqd pul ulushi 3 foizga kamaygani ma’lum qilingandi.
Shu bilan birga, 2021 yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar tarkibida 100 000 so‘mlik banknotlarning ulushi 27,3 foizdan 34,8 foizga yetgan bo‘lsa, 50 ming so‘mlik banknotlarning ulushi 38,8 foizdan 34,2 foizga, 10 000 so‘m – 15,7 foizdan 14,5 foizgacha, 5 ming so‘m – 16,1 foizdan 12,7 foizgacha, 1000 so‘m – 2,1 foizdan 1,4 foizgacha kamaydi. 2000 so‘m (0,3 foiz) va 20 000 so‘m (2,1 foiz) yangi turdagi banknotlar muomalaga chiqarilgan.