Yillik asosiy stavka 17 foiz miqdorda o‘zgarishsiz qoldirilgach, Markaziy bank rasmiy reliz e’lon qildi.
Unga ko‘ra, tashqi iqtisodiy vaziyatlarda sodir bo‘layotgan holatlarni inobatga olib asosiy va xatarli ssenariylar doirasida makroiqtisodiy prognozlar yangilangan:
- asosiy ssenariy bo‘yicha import inflatsiyasi, ishlab chiqarish, logistika va yetkazib berish bilan bog‘liq taklif omillari ta’sirida inflatsiya darajasi yil yakunlari bo‘yicha 12-14 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda (dastlabki prognoz 8-9 foiz edi);
- asosiy savdo hamkorlardagi iqtisodiy faollikning pasayishi, milliy valuta kursining o‘zgarishi va migratsion oqimlar joriy yilda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining o‘tgan yilga nisbatan 18-25 foizga kamayishi ehtimolini yuzaga keltirmoqda;
- yalpi tashqi va ichki talab dinamikasidagi o‘zgarishlar, deflyatorning nisbatan yuqori bo‘lishi va fiskal sharoitlar ta’sirida 2022 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatda yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 3,5-4,5 foiz doirasida kutilmoqda (yil boshidagi prognoz 5,5-6,5 foiz edi).
“Umuman olganda ushbu prognozlar ko‘plab shartlarga asoslangan bo‘lib, tashqi iqtisodiy vaziyatning o‘zgarib borishi, amalga oshirilayotgan makroiqtisodiy va tarkibiy o‘zgarishlar natijadorligini inobatga olib kelgusi yig‘ilishlarda makroiqtisodiy prognozlar qayta ko‘rib chiqiladi”, – deyiladi regulyator bayonotida.
O‘zbekistonda makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy va muqobil ssenariysi o‘tgan yil noyabr oyida qabul qilingandi.