Xatarlar yuqoriligicha saqlanib qolmoqda – Markaziy bank asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilganiga izoh berdi

Iqtisodiyot 14:12 / 21.04.2022 22390

21 aprel kuni Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishida yillik asosiy stavka 17 foiz miqdorda o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu Markaziy bank boshqaruvining mart oyida stavka 3 bandga oshirilganidan keyingi ilk yig‘ilishi bo‘ldi. Regulyator foiz stavkasi nega o‘zgarishsiz qoldirilganini izohladi.

Aytilishicha, ko‘rilayotgan choralar bosimlarni pasaytirishga mart oyining ikkinchi yarmidan boshlab valuta va pul bozoridagi tendensiyalarning muvozanatlashuviga xizmat qilayotganiga qaramay, ularning samarasi hali to‘liq yuzaga chiqmagan va bu jarayon davom etmoqda.

Shundan kelib chiqib, pul-kredit siyosati choralarining iqtisodiyotda to‘liq aks etishini ta’minlash maqsadida joriy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Markaziy bank tashqi iqtisodiy vaziyatning o‘zgarib borishi, amalga oshirilayotgan makroiqtisodiy va tarkibiy o‘zgarishlar natijadorligini inobatga olib kelgusi yig‘ilishlarda makroiqtisodiy prognozlar qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan.

Shuningdek, Markaziy bank stavka o‘zgarishsiz qoldirilishida qanday omillar rol o‘ynagani haqida ma’lumot berdi.

Iqtisodiy faollik

 Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha YaIMning real hisobda o‘sishi 5,8 foizni tashkil etdi.

Yil boshidagi bazaviy prognozlar bo‘yicha joriy yil ikkinchi choragi so‘ngida YaIM manfiy tafovutining yopilishi va iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarining salohiyatli darajasiga yetishi kutilayotgan edi. Tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlar ta’sirida ushbu manfiy tafovutning yil oxirigacha saqlanib qolishi taxmin qilinmoqda.

Joriy yilda fiskal taqchillikning yil boshida belgilangan parametrlardan yuqoriroq bo‘lishi hamda ijtimoiy xarajatlar o‘sishining kutilayotganligi aholining xarid qobiliyati va daromadlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Birinchi chorak yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, yuzaga kelgan tashqi va ichki iqtisodiy jarayonlar hamda valuta bozoridagi tendensiyalar aholi iste’mol kayfiyatida ham ma’lum darajada aks etib, jamg‘arishga bo‘lgan moyillik va xarajatlarga nisbatan ehtiyotkorona yondashuvning saqlanib qolishiga olib keldi.

Ichki narxlar dinamikasi va inflyatsion kutilmalar

Joriy yilning mart oyida inflatsiya darajasi 1,5 foizni tashkil etib, yillik hisobda 10,5 foizgacha oshdi va ikki xonali son darajasiga qaytdi. Bazaviy inflatsiya ko‘rsatkichi yillik 9,1 foizda shakllanib, uning umumiy inflatsiyadagi hissasi 6,9 foiz bandgacha oshdi.

Narxlarning o‘suvchi dinamikasi, asosan, import inflatsiyasi, tashqi bozorlarda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi bo‘yicha kutilmalar va an’anaviy mavsumiy omillar bilan izohlanadi.

Aprel oyida narxlarning ma’lum darajada muvozanatlashuvi kuzatilayotgan bo‘lib, Markaziy bankning haftalik kuzatuvlari natijalariga ko‘ra, aprelning dastlabki 20 kunida ayrim asosiy iste’mol tovarlari bo‘yicha narxlarning pasayishi va muvozanatlashishi kuzatildi.

Ikkinchi chorakda narxlar dinamikasida mavsumiy omillar hisobiga meva va sabzavotlar guruhining hissasi pasaytiruvchi bo‘lishi, tashqi omillar va tarkibiy o‘zgarishlar ta’sirida nooziq-ovqat tovarlari guruhining oshiruvchi hissasining kuchayib borishi kutilmoqda.

2022 yil mart oyi so‘rovlari natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari 15 foizni, tadbirkorlarniki – 15,4 foizni tashkil etdi. Valuta almashuv kursining nisbatan muvozanatlashuvi va tarkibiy islohotlar ta’sirida kelgusida kutilmalarning pasayib borishi taxmin qilinmoqda.

Yil so‘ngigacha inflatsiya dinamikasiga taklif omillarining (ishlab chiqarish, transport-logistika, xorijdan yetkazib berish, yoqilg‘i-energetika narxlari oshishi) ta’siri talab omillariga nisbatan yuqoriroq bo‘lishi kutilmoqda.

Sanoat ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra joriy yilning mart oyida ham xomashyo (ish, xizmatlar) yetkazib berish muddatlarining uzayishi kuzatilmoqda (mart oyida yetkazib berish muddatlari indeksi fevral oyidagi 51,4 dan 47,5 gacha yomonlashgan).

Pul-kredit sharoitlari

 Joriy yil 18 martdan boshlab asosiy stavkaning 17 foizgacha oshirilishi qisqa muddatli resurslar bozori foiz stavkalarida ham o‘z aksini topmoqda.

Mart oyining ikkinchi yarmida Uzonia indeksi o‘rtacha 17,2 foiz darajasida shakllangan bo‘lsa, aprel oyining dastlabki yarmida o‘rtacha 18 foizga teng bo‘ldi.

Chorak davomida banklararo pul bozorida faollikning ortishi kuzatilib, o‘tgan yilning IV choragi bilan solishtirganda 1,3 barobarga ko‘p, jami 27,7 trln so‘mlik operatsiyalar amalga oshirildi. Mart oyining o‘zida pul bozorida jami 12,5 trln so‘mlik depozit operatsiyalari amalga oshirildi va bu likvid mablag‘larga bo‘lgan talabning vaqtinchalik oshganligi bilan izohlanadi.

Tijorat banklari tomonidan aholiga taklif etilayotgan muddatli depozitlarning stavkalari ham joriy pul-kredit sharoitlaridan kelib chiqib o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar mart oyi yakunlari bo‘yicha 20,9 foizgacha oshdi (yanvar oyida 20,2 foiz). Bu o‘z navbatida, milliy valutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘sish sur’atlarining qayta tiklanishiga xizmat qilmoqda.

Xususan, aprel oyining birinchi yarmida aholining milliy valutadagi muddatli depozitlar hajmi 5 foizga o‘sdi (mart oyining mos davrida 1,3 foizga pasaygan).

Umuman olganda so‘mdagi aktivlar bahosining nisbiy ustunligi mavjudligi sharoitida 20 aprel holatiga aholining milliy valutadagi muddatli depozitlar hajmi yil boshidan 14 foizga oshdi.

Ko‘proq yangiliklar: