Ukrainadagi vaziyat: bayonotlar, yo‘qotishlar, sanksiyalar, rejalar

Jahon 08:28 / 20.04.2022 39132

Ukraina tomonining bayonotlari

«Rus armiyasi bu urushda dunyo tarixiga o‘zini jahonning eng vahshiy va noinsoniy armiyasi sifatida toabad yozib qoldiradi», — degan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tungi murojaatida.

Foto:  flickr.com/photos/president_of_ukraine

«Tinch aholini maqsadli ravishda o‘ldirish, turar joy kvartallari, fuqarolik infratuzilmasini vayron qilish, bu yo‘lda barcha qurollardan, shu jumladan, xalqaro konvensiyalar bilan taqiqlangan qurollardan foydalanish Rossiya armiyasining o‘ziga xos imzosiga aylanib ulgurdi. Bu razillik tufayli rus hukumati avlodlar osha mutlaq yovuzlik manbasi sifatida tilga olinadi», — degan Zelenskiy.

O‘tgan sutkada Ukraina qurolli kuchlari 10 ta hujumni qaytargan. 12 ta tank, 1 ta artilleriya tizimi, 29 ta zirhli texnika, 2 ta avtomobilni yo‘q qilgan. Havo hujumidan mudofaa tizimi 1 ta Ka-52 vertolyoti, to‘rtta uchuvchisiz samolyot va bitta qanotli raketani urib tushirgan.

Ukraina bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 19 aprel holatiga Rossiya tomonining yo‘qotishlari 20 ming 800 kishiga yetgan.

Urush boshlangandan buyon Ukraina Rossiya tomonining 802 ta tank, 2063 ta zirhli mashinalar, 386 ta artilleriya tizimi, 67 ta havo hujumidan mudofaa vositalari, 169 ta samolyot, 150 ta vertolyot, 8 ta kema va katerlar, 158 ta pilotsiz uchoqlarini yo‘q qilganini da’vo qilmoqda.

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu vazirlikning hay’at yig‘ilishida Qrim yarimoroli Rossiya imperiyasi tarkibiga 239 yil muqaddam orol aholisining iltimosiga ko‘ra qo‘shib olinganini ta’kidlagan.

Foto: vvesti.com

«Bugun federal qonunga ko‘ra Qrim, Taman va Kubanning Rossiya imperiyasi tarkibiga qo‘shilgan kuni nishonlanmoqda. 239 yil muqaddam Yekaterina II urushdan charchagan qrimliklarning iltimosiga ko‘ra, yarimorolni Rossiya davlati himoyasi ostiga olgan edi», — degan Shoygu.

RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Rossiyani ihotalash va uning iqtisodiyotini bo‘g‘ish hech kimning qo‘lidan kelmasligini ta’kidladi.

Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi rahbari Maksim Reshetnikov Rossiya sanksiyalarning birinchi zarbasiga dosh berganini ta’kidladi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainada maxsus operatsiyasining navbatdagi fazasi boshlanganini aytib o‘tdi.

Foto: Mid.rf

«Rossiya Ukrainada yadro qurolidan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmayapti. Zelenskiyning bayonotlarini jiddiy qabul qilmaslik kerak, chunki u doim nuqtayi nazarini o‘zgartirib turadi. Rossiya Ukrainadagi siyosiy rejimni o‘zgartirmoqchi emas», — degan Lavrov.

Natsizm nafaqat Rossiyada, dunyoning biror nuqtasida qayta bosh ko‘tarmasligi uchun Rossiya bor kuchini ishga solishini aytgan Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Sergey Kiriyenko.

Rossiya mudofaa vazirligi brifingida Ukraina tomonining yo‘qotishlari sanaldi:

  • Aviatsiya Ukrainaning 31 ta harbiy obektlariga hujum uyushtirgan;
  • Ukraina armiyasining shaxsiy tarkibidan 180 askar, 15 ta zirhli texnika, bitta «Buk-M1» ZRK yo‘q qilingan;
  • Maxsus operatsiya boshidan buyon RF QQ Ukrainaning 490 ta pilotsiz uchar qurilmasi va 2367 birlik zirhli texnikasini yo‘q qilgan;
  • Quruqlikdagi raketa qo‘shinlari bir kunda Ukraina QQning beshta obektini nishonga olgan;
  • RF harbiy kosmik kuchlari Ukrainaning 31 ta obektiga zarba bergan, havo hujumidan mudofaa tizimi uchta pilotsiz uchar qurilmani urib tushirgan.
  • Maxsus guruhlar Mariupoldagi «Azovstal» kombinati hududini shturm qilishga kirishgan.
 Mariupoldagi zarar ko‘rgan binolar xaritasi — Wall Street Journal.

Xalqaro hamjamiyatning reaksiyalari

BMT Ukrainada vafot etgan tinch aholi vakillari soni 2000 kishidan oshganini e’lon qildi.

Pentagon Rossiya tomonidan yadroviy tahdidni doimiy asosda kuzatib borayotgani, ayni paytda AQSh yadroviy kuchlarining tayyorgarligi statusini o‘zgartirishga hojat yo‘qligi haqida bayonot berdi.

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya AQShdagi yuqori inflatsiya o‘sishiga birinchi sabab ekanligini ta’kidladi.

Foto: abcnews.go.com

«Kelinglar, ayni paytda bizdagi narx-navo nega bu qadar yuqori ekanligiga oydinlik kiritaylik. Sabablar ikkita: birinchisi — koronavirus. Ikkinchi katta sabab — Vladimir Putin. Ukraina atrofidagi vaziyat butun dunyo bo‘ylab yonilg‘i va oziq-ovqat narxlarining o‘sishiga olib keldi. So‘nggi statistikaga nazar tashlasak, o‘tgan oyda inflatsiya o‘sishining 70 foizi Putin narxlarining o‘sishi oqibatlari ekanligi oydinlashdi. Men narxlar tushishi uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qilaman», — degan Bayden.

Yevrokomissiya Ukrainaga ko‘proq qurol-yarog‘ berilishidan maqsad urushni yanada cho‘zish emas, mamlakatning himoyalanishiga yordam berish ekanligini ta’kidladi.

Xitoy Ukrainada tomonlarni gumanitar huquqqa qat’iy rioya qilish va tinch aholini evakuatsiya qilishni ta’minlashga chaqirdi. Xitoy Ukraina voqealar tufayli joriy etilgan sanksiyalarning salbiy oqibatlarini bartaraf etishni qo‘llaydi. Mamlakatlarning zaxiralarini muzlatish iqtisodiy barqarorlikka raxna soladi, bu amaliyotdan voz kechish kerak, degan Xitoyning BMTdagi doimiy vakili. Xitoy shuningdek, boshqa davlatlarni Ukrainaga og‘ir qurol-aslahalarni jo‘natishdan voz kechishga chaqirdi.

BMT rahbari Antoniu Guterrish Rossiya va Ukrainani yangi gumanitar koridorlar ochish va ehtiyojmandlarga yordam yetkazish uchun pasxa bayramida to‘rt kunlik vaqtinchalik sulh tuzishga chaqirdi.

Litvada georgiy tasmasi hamda Z va V belgilarini omma oldida namoyish etish taqiqlandi va buning uchun jarima jazosi joriy etildi.

Finlandiya Rossiya bilan chegaralardagi nazoratni kuchaytirdi.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

Amerikaning General Motors avtokonserni Rossiyani to‘liq tark etayotgan ilk xorijiy avtokompaniya bo‘ldi. Avtomobillar va ehtiyot qismlar yetkazib berish to‘xtatiladi, Rossiyadagi ofis xizmatchilari ishdan bo‘shatiladi.

General Motors Rossiyani tark etmoqda. Foto: REUTERS

Germaniyaning maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Henkel kompaniyasi Rossiyada biznes yuritishni to‘xtatayotganini e’lon qildi.

Biznes uchun dasturiy ta’minot yaratuvchisi SAP kompaniyasi Rossiyada ishni to‘liq to‘xtatib, rossiyalik mijozlari bilan shartnomalarni bekor qilganini e’lon qildi.

Vengriya TIV rahbari mamlakat Rossiyaning nefti va gaziga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarga qo‘shilmasligini e’lon qildi.

Fransiya TIV Yevropa Ittifoqi va AQSh yaqin kunlar ichida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishi, choralar birinchi navbatda energiya resurslariga qaratilishini ta’kidladi.

Kelgusi haftada Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan sanksiyalarining oltinchi paketi qabul qilinishi kutilmoqda.

Xalqaro valuta fondi Ukraina yalpi ichki mahsuloti hajmi 2022 yilda 35 foizga tushishini prognoz qildi. O‘z navbatida, XVF prognozlariga ko‘ra, Rossiya YaIMining qisqarishi 2022 yilda 8,5 foizni, 2023 yilda 2,3 foizni tashkil etadi.

TikTok ilovasini AppStore’dan yuklab olish rossiyalik foydalanuvchilar uchun imkonsiz bo‘lib qoldi.

Kutilmalar va rejalar

Bosh vazir Jastin Tryudoga ko‘ra, Kanada Ukrainaga og‘ir artilleriya vositalarini jo‘natadi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham Ukrainaga artilleriya vositalari jo‘natishni va’da qildi.

Germaniya kansleri Olaf Shols g‘arb davlatlari yetakchilari bilan muzokaralardan so‘ng NATO Ukrainadagi mojaroga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmasligini ta’kidladi.

Foto: Lisi Neisner / REUTERS

«Biz Germaniya qurolli kuchlarining o‘z zaxirasidan Ukrainaga yetkazib berishimiz mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘larning oxiriga yetib bo‘ldik. Putinning tasavvuridagi tinchlik nomaqbul. Rossiyaning Ukrainada g‘alaba qozonishiga qo‘yib bermaslik kerak», — degan GFR kansleri.

Niderlandiya o‘z ittifoqchilari bilan Kiyevga qo‘shimcha ravishda «og‘ir qurol-yarog‘lar» yetkazib berish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: