Samarqandda maktab hududidagi 50 tup terak noqonuniy kesib tashlandi

Jamiyat 17:15 / 18.04.2022 4773

Ijtimoiy tarmoqlarda Toyloq tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 15-umumta’lim maktabi hududidagi ko‘plab daraxtlar kesib tashlangani aytilgan xabar tarqaldi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, Toyloq tumanida joylashgan 15-maktab hududidagi daraxtlarning kesib tashlangani holati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘limi tomonidan o‘rganilgan.

O‘rganish davomida maktab ehtiyojlariga sarflash maqsadida ta’lim dargohi ma’muriyati tomonidan 50 tup terak daraxtlari kesilgani o‘z tasdig‘ini topgan.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 26 yanvar kuni 15-maktab direktori F.Komilov maktab hududidagi daraxtlarni maqsadli kesish va o‘rniga yangisini ekish lozimligi to‘g‘risida davlat xizmatlari orqali murojaat qilgan. 2022 yil 15 fevral kuni tuman ekologiya bo‘limi tomonidan uning murojaatini rad etish to‘g‘risida xulosa xati berilgan.

«Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, teraklar o‘zboshimchalik bilan kesib olingani bois, tegishli tartibda qo‘shimcha ravishda o‘rganishlar olib borilib, qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qilamiz», deyiladi munosabatda.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Angor tumanida joylashgan bog‘chada noqonuniy ravishda 43 tup daraxt kesib tashlangandi. Shuningdek, Sirdaryo viloyati Guliston tumanida ariq bo‘yida o‘sib turgan 170 tup tol daraxti, Qashqadaryoda 10 tup tut daraxti noqonuniy tarzda kesib tashlangandi.

Shuningdek, Qarshi davlat universiteti hududida 38 tup daraxt noqonuniy kesilgan. Andijonda tug‘uruqxona oldidagi 12 tup qimmatbaho daraxt kesib tashlangan. Bundan tashqari, Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Chinobod ko‘chalari kesishmasida ekilgan eldor qarag‘aylari kechki payt noma’lum shaxslar tomonidan kesib ketilgan. Andijon va Toshkentdagi holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: