Surxondaryo viloyati IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, bugun 2022 yil 18 aprel kuni soat 11:35 larda M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Sherobod tumani Oltin voha mahallasi hududidan o‘tgan 1 408-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Sherobod tumani Sariqqamish mahallasida yashovchi haydovchi Damas mashinasini Termiz-Sherobod yo‘nalishida boshqarayotib o‘zidan oldinda ketayotgan Nexia-3 bilan oraliq masofani saqlamagan holda tez harakatlangan. Natijada Damas mashinasi Nexia-3 bilan to‘qnashib ketishi xavfi tug‘ilgan.
Haydovchi to‘qnashuvdan qochish maqsadida Damas‘ning chambaragini keskin burib yuborgan. Oqibatda, u qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib ag‘darilgan va yonbosh holda multiradar o‘rnatilgan OOO “ATLAS INTERNATIONAL UZDE‘ga tegishli Cobalt mashinasi bilan to‘qnashgan.
Shu paytda oraliq masofani saqlamagan holda harakatlangan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida O‘rta qishloq mahallasida yashovchi fuqaro boshqaruvida bo‘lgan Nexia mashinasi Cobalt‘ning ortidan kelib urgan.
Mazkur YTHda Damas mashinasi butunlay yaroqsiz holga kelgan va uning haydovchisi turli tan jarohati olgan. Damas‘da bo‘lgan uning nabirasi 6 yoshli bola esa og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan.