“Homilador xotinim to‘ymayapti” - bo‘lajak onaning ovqatlanish ratsioni qanday bo‘lishi kerak?

Jamiyat 14:59 / 18.04.2022 23080

Ayol hayotidagi eng muhim va murakkab davrlardan biri – homiladorlik. Bu davrda u sog‘ligiga, ovqatlanish ratsioniga har qachongidan ko‘proq e’tiborli bo‘lishi talab etiladi.

Biroq jamiyatda homilador ayolning yaxshi ovqatlanishi uning oila a’zolariga malol keladigan vaziyatlar ham uchrab turadi.

“Kecha qo‘shnim homilador kelinini uyidan haydadi. Sababini eshitib jinnimi deb o‘ylaysiz. Kelinning nafsi buzuq ekan. Xolodilnikni beso‘roq ocharkan, otasi kechasi berkitib shashlik tashlab ketarkan. Mahalla kelinning yonini oldi. Sakkiz oylik homilador kelinni yegan ovqati uchun kechirim so‘ratishdi”.

“Bir yil oldin turmush qurganman. Hozir yetti oylik homiladorman. Noshukur yoki nafsi buzuq kelin emasman, lekin meni “o‘g‘ritomoq” deb masxara qilib chaqirishadi. Homilador bo‘lib go‘shtga boshqorong‘u bo‘ldim, kabob, go‘sht yegim keladi. Erimga aytsam, ko‘zi chiqib ketdi, qaynonamga aytgan ekan, “namuncha ko‘zingiz och, nafsingiz buzuq, ochofat bo‘ladimi kelin degan”, deb urishib berdi. Erimga boshqa gapirmadim, yegim kelgan narsani uyga borib yeb kelaman”.

“Ayolim homilador. Uni yeyman, buni yeyman deyaveradi. Onamning asabi tamom bo‘ldi: nafsingizni tiying, deydi. Bu o‘tib ketarmikin?”

Bu – real hayotdagi vaziyatlar. Kimdir bu holatlarni o‘qib hayratlangan bo‘lsa, kimdir qaysidir tanishining holati shunday ekani haqida o‘ylab qolgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda homilador ayollarning har uch nafaridan birida – anemiya

YUNISEFning “2019/2020: O‘zbekistondagi bolalar vaziyatining tahlili” hisobotida O‘zbekistonda homilador ayollarning ovqatlanish ratsioni bilan bog‘liq muammolar qayd etiladi.

Hisobotga ko‘ra, mamlakatda oxirgi yigirma yil davomida reproduktiv yoshdagi (15-49 yoshda) va homilador ayollar ovqatlanishining umumiy ahvoli yaxshilangani kuzatildi. Shunday bo‘lsa-da, farzand ko‘rish yoshidagi ayollar hanuz to‘g‘ri ovqatlanishga erisholmayaptilar: homilador bo‘lmagan ayollarning qariyb 20 foizi anemiyaga chalingan; homilador bo‘lmagan reproduktiv yoshdagi ayollarning taxminan atigi 40 foizining ovqatlanishi minimal diyeta me’yorlariga javob beradi. Homilador bo‘lmagan ayollarning deyarli yarmida folat tanqisligi mavjud. Folat tanqisligi shahar hududlarida yashovchi ayollarda ko‘proq kuzatiladi. Homilador bo‘lmagan ayollarning taxminan besh nafaridan birida V12 vitamini tanqisligi qayd etiladi.

Homilador ayollarning ovqatlanishida ham muammolar mavjud: ularning qariyb uchdan bir qismi anemiyadan aziyat chekadi va bunday holat JSST tasnifiga ko‘ra, jamoat sog‘liqni saqlash tizimining o‘rtamiyona muammosi sifatida e’tirof etiladi. YUNISEF xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda homilador ayollarning yarmigina minimal maqbul diyeta xilma-xilligiga amal qiladi va bunday ayollarning har o‘n nafaridan birigina tavsiya etiladigan A vitaminli qo‘shimchalarni, har uch nafaridan birigina polivitaminli tabletkalarni qabul qiladi.

Kichikday ko‘ringan muammo

Shunchaki juda kichik ko‘ringan bu masala ham, aslida, juda muhim. Atigi 40 foiz reproduktiv yoshdagi ayolning ovqatlanish ratsioni minimal diyeta talablariga javob berishi haqidagi tahlil esa vaziyat maqtagulik emasligini ko‘rsatadi.

Homilador ayol ratsioni qanday bo‘lishi kerakligi, nega ba’zi ayollarda homiladorlikda ishtaha juda ochilib ketishi va bu holatga qanday yondashish kerakligi haqidagi savollarga ginekolog-reproduktolog Gulnoza G‘aniyevadan javob oldik.

— Homilador ayol ratsioni qanday bo‘lishi kerak?

— Nafaqat homilador ayol, balki homiladorlikni rejalashtirayotgan ayolning ratsioniga ham alohida etibor berish kerak. Homilador ayolning ratsioniga oqsil, uglevod, vitamin va minerallarga boy bo‘lgan mahsulotlar kiritilishi kerak. Bular – go‘sht mahsulotlari: mol go‘shti, baliq go‘shti, tovuq go‘shti, sabzavotlar va ho‘l mevalar, ko‘katlar, tuxum va sut mahsulotlari kabilar.

Homilador ayollarga kuniga 3 mahal emas, 4-5 mahal kam-kamdan tez-tez ovqatlanish tavsiya etiladi. Ularga o‘ta achchiq, sho‘r, qovurilgan, yog‘li ovqatlar iste’molini kamaytirish, non, birinchi navli undan tayyorlangan yumshoq bulochkalar o‘rniga qora unli nonlarni iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Gazli va rangli ichimliklar, tez tayyor bo‘ladigan mahsulotlar, fast-fudlar iste’molini esa cheklash kerak.

— Nega ba’zi homilador ayollarda ishtaha haddan ziyod ochilib ketishi mumkin?

— Bu – ayolning individual organizmiga bog‘liq. Bizga ko‘rikka kelgan homilador ayollar, odatda, birinchi uch oylikda ishtahasizlikdan shikoyat qilishadi. Yengil toksikoz o‘tgandan so‘ng homilador ayollarda ishtahaning haddan ziyod ochilib ketishi kuzatilishi mumkin. Bu ayolning homiladorlikda organizmida kuzatilgan gormonal o‘zgarishga bog‘liq. Homiladorlikda estrogen gormonining oshib ketishi hisobiga miyaga juda ko‘p signallar kelib tushadi va ochlik hissi kuzatiladi. Natijada ayol ko‘p ovqat yeydi.

Bundan tashqari, ovqatlanish ayolning psixologik-emotsional holatiga ham bog‘liq. Ayolning kayfiyati buzilsa ham, ko‘p ovqat yeyishi mumkin. Yana bir sabab organizmdagi homilaning o‘sishi natijasida ayolning organizmida vitamin va minerallar yetishmovchiligi kuzatiladi. Yetarli ozuqa olish uchun ham homilador ayollar ko‘p miqdorda ovqat yeyishni boshlaydi.

Lekin tinimsiz ovqat yeyish ham oshqozon-ichak tizimiga bosim hisoblanadi. Shuning uchun ovqatni kam-kam ulushda yeyish lozim. Qorin tez ochganda ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish va vitaminlarga, minerallarga boy mahsulotlar: sabzavotlar, salatlar, ho‘l mevalar yeyish tavsiya etiladi.

Aslida, homiladorlikda ishtahaning ochilib ketishi – normal holat. Biroq bu holat semizlik bilan kechsa, bu yerda qo‘shimcha ekstrenital kasalliklar, ya’ni qandli diabet, qalqonsimon bez patologiyasi, tireotoksikoz kasalliklarini ham tekshirib ko‘rish kerak bo‘ladi.

Ona so‘ragan narsasini yemasa...

Homiladorlik davrida aytib o‘tilganidek, turli gormonlar, jumladan, estrogen va progesteron gormonlarining ortishi, emotsional holatlarning ortib ketishi, hid-ta’m bilish sezgilarining kuchayib ketishi sabab turli xildagi ovqatlarni yeyish holati kuzatiladi. Bunaqa holatda, albatta, homilador ayol ko‘ngli tusagan narsani yeyishi kerak. Chunki uning organizmida yegisi kelgan oziq-ovqat moddalari tarkibidagi ozuqa, minerallarga yetishmovchilik borligi sabab ham aynan shu narsalarni talab qiladi. Shuning uchun ham xalqimizda ayol xohlagan narsani yemasa, bolaning ko‘zi ko‘k bo‘ladi, qulog‘i xunuk bo‘ladi degan har xil gaplar mavjud. Buning tagida ayollarga kerak bo‘lgan vitamin va minerallarni iste’mol qilishlari zarurligi ma’nosi yotadi.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: