Buloqboshidagi tug‘uruqxonada chaqaloq vafot etdi. Bunga shifokorlar loqaydligi sabab bo‘lgani aytilmoqda

Jamiyat 11:58 / 18.04.2022 20026

Omina Mamatqulovaning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, tungi navbatchilikdagi shifokor va uning yordamchisi qiynalayotganini ko‘raturib unga hech qanday yordam berishmagan.

Shifokorlar tomonidan tug‘uruqni tezlashtirish uchun dori berilgan. Yetarli quvvatga ega bo‘lmagan ona esa jarrohlik amaliyotisiz tug‘uruqni o‘tkazishga majburlangan. Ayol juda ko‘p qon yo‘qotib, hushidan ketgach, operatsiya stoliga yotqizilgan.

«Kuchim yetmaydi, operatsiya qilib tug‘dirib olasizlarmi desam, unashmadi. Kuchim qolmadi. Oxiri oyog‘iga yiqildim. Opalar, yordam beringlar desam, biz senga oltinchisini tug‘ debmizmi, tug‘asan-da kerak bo‘lsa deb baqirishdi. Xo‘jayinim bilan gaplashtirishmadi, qo‘limdan telefonlarimgacha olib qo‘yishdi. O‘rtada Nodira va Lola ismli shifokorlar oyoqlari orasida emaklab yurdim. Qo‘l uzatsam, harom qo‘lingni ol, deb jyerkib tashlashdi», deydi Omina Mamatqulova.

Shifoxona qaydlarida bemorning tashrifidagi holati o‘rtacha, kamqon ekanligi yozilgan. Lekin shifoxona tug‘uruq bo‘limi boshlig‘i Sayyora Yusupova turli vajlar bilan bemorning kasallik varaqasi va boshqa tug‘uruqdan oldingi tahlillar natijalarini Kun.uz muxbiriga tanishish uchun berishni istamadi.

U shifokorlarning bemorlarga bu tarzda muomala qilganini izohlay olmadi. Uning ta’kidlashicha, holat bu darajada bo‘lishi mumkin emas.

«Navbatchilikda akusherka Lolaxon va shifokor Nodiraxon Ashurova bo‘lgan. U holatni men ham sizga o‘xshab eshityapman. U darajada bo‘lmasligi kerak. Ayolning holatiga qarab yordam ko‘rsatilgan», deya ta’kidladi bo‘limi boshlig‘i.

5 kilo tug‘ilgan chaqaloq operatsiya jarayonida ona qornidan jonsiz holda olingani qayd etilgan. Biroq bemor va oila a’zolari bola sog‘lom bo‘lgani, aynan tug‘uruqqacha bo‘lgan jarayondagi shifokorlarning beparvoligi oqibatida nobud bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Tug‘uruq bo‘limi boshlig‘i ma’lumotlarni ochiqlamagani va muxbirning savollariga javob berishdan qochgani shubhalarni yanada orttiradi.

Chaqaloqning ona qornida sog‘lom bo‘lgani, ammo tug‘uruq vaqtida nobud bo‘lgani aytilayotgan ushbu holat tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilishi va qonuniy baho berilishi lozim.

Bu masalaga yana qaytamiz.

Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.

Ko‘proq yangiliklar: