Migratsiyadan qaytgan ayollar. Davlat himoyasiga oid hisobotlar haqiqatga mos kelmayapti

Jamiyat 14:54 / 16.04.2022 17805

Yaqinda e’lon qilingan maqolamizda o‘zbekistonlik 568 ming xotin-qiz xorijda mehnat qilib oilasini boqayotgani, ular ishlayotgan asosiy davlatlar, O‘zbekistonga qaytganlaridan so‘ng bunday xotin-qizlarning ehtiyojlari so‘rovnoma asosida aniqlanib, yordam ko‘rsatilishi haqida ma’lumot bergandik.

Davlat tomonidan turli xil ko‘rinishda ijtimoiy himoyalar bor. Bular haqida ko‘p va xo‘p gapiriladi. Bunday yordamlar orasida xorijda ishlab qaytganlar uchun alohida dasturlar bor. Xo‘sh, ular haqidagi raqamlar qanchalik asosli, ko‘rsatilayotgan yordamlar O‘zbekiston Respublikasida egalariga yetib boryaptimi?

Ro‘yxat va real hayot farq qilgan keyslar

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, xorijda ishlab qaytgan migrant xotin-qizlar bilan ishlashning xonadonbay tizimi mavjud. Unga ko‘ra, so‘rovnoma asosida chetdan qaytgan migrantning ehtiyoji o‘rganilib, bo‘sh ish o‘rni, kasbga yoki tadbirkorlikka o‘qitish, subsidiya taklif qilinadi.

Agentlikdan xorijda ishlab qaytib, O‘zbekistonda o‘z yo‘nalishini topgan xotin-qizlar bilan bog‘lanish uchun ularning kontaktlarini oldik.

Kun.uz’ga berilgan ro‘yxatga 6 nafar ayol kiritilgan bo‘lib, jadval “Xorijda ishlab qaytib kelgan xotin-qizlar orasida davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozlarga ega bo‘lgan va o‘z tadbirkorligini boshlaganlar ro‘yxati” deb ataladi.

Ro‘yxat bo‘yicha 1-raqamda Karimova Shirin (ism-familiya o‘zgartirilgan).

U 2020 yilda Janubiy Koreyadan qaytgani, Agrobank Sardoba tuman filialidan 200 mln so‘m imtiyozli subsidiya ajratilgani, bu pulga tuman markazida bolalar dam olish parki tashkil etgani yozilgan.

Ammo, ro‘yxatda ko‘rsatilgan telefon raqamiga amalga oshirilgan qo‘ng‘iroqni ayolning qizi ko‘tardi, onasi yaqinda Rossiyaga ishlashga ketganini aytdi. Uning aytishicha, onasi haqiqatan tadbirkorlik boshlash uchun imtiyozli kredit olib parkda ish boshlagan, biroq parkni yuritishni xolasiga qoldirib, yaqinda Rossiyaga ishlashga ketgan. Park bu mavsumda hali ishga tushirilgani yo‘q, havolar endi isigani sabab bir necha kun ichida ishga tushiriladi.

2-raqamda – Hotamova Malika (ism-familiya o‘zgartirilgan).

Janubiy Koreyada ishlab kelgan, subsidiya imtiyozli kredit ajratilgani yozilgan. Chorvachilik, go‘sht yetishtirish bo‘yicha yakka tadbirkor sifatida qayd etilgan.

Biroq ayol Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘ziga hech qanaqa yordam berilmaganini, tashkilotlarga kredit, yer so‘rab borganini, ammo murojaatlari ijobiy hal bo‘lmaganini ma’lum qildi.

"2018 yil noyabrda O‘zbekistonga kelgach, Migratsiya agentligi tomonidan biznes boshlash bo‘yicha o‘quv kursiga qatnashdim, shu faqat. Hozir vaqtincha ishsizman", deydi u. Aytishicha, hozir O‘zbekiston Respublikasi hisobidan dasturlashni o‘rganish uchun kursda o‘qiyapti, bolalari – maktab o‘quvchilari.

3-raqamda – Toshboyeva Tojinisa (ruxsati bilan o‘zining ism-familiyasi yozildi)

Ro‘yxatda tadbirkorlik o‘quv kursida o‘qigani, 245 ming so‘mlik subsidiya ajratilgani va o‘zining yengil sanoatga ixtisoslashgan oilaviy korxonasini ochgani ko‘rsatilgan.

Lekin ayolning o‘zi hozir faqatgina xonadonida tikish bilan shug‘ullanishini bildirdi.

Sankt-Peterburgda qizim bilan ishlab kelganman. Biz tadbirkorlik bilan shug‘ullandik, buning uchun imtiyozli kredit so‘rab murojaat qilgandik, lekin berilmadi. Shundan so‘ng qizim yana 6 oy Turkiyaga borib ishlab kelishga majbur bo‘ldi” deydi Tojinisa Toshboyeva.

Uning ma’lum qilishicha ro‘yxatda qayd etilganidek, davlat taklif qilgan tadbirkorlik kursida o‘qimagan. Lekin bu kursda o‘qish taklif qilinganda o‘zi rad etgan. 245 ming so‘m subsidiya ham olmagan. Ayol tikish faoliyatini o‘z uyida yuritib keladi, ishini kengaytirish uchun yangi joyga muhtoj. "Barcha tikuv mashinalarim bor, faqat eng muhimi – joy muammosi. Hozir uyda qilingan sharoit bilan topayotganim 5 farzandimning yeb-ichishiga yetyapti xolos, umuman orttirolmayapman", deydi Tojiniso opa.

Hamidova Zuhra (ism-familiya o‘zgartirilgan) 2022 yilda Ukrainadan qaytgan. Ro‘yxatda unga arzon uy-joy uchun kredit va moddiy yordam subsidiya ajratilgani ko‘rsatilgan.

Ayol bilan bog‘langanimizda Ukrainada oz muddat ishlab, Rossiyaning qurolli bosqini sabab mart oyida O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘lganini bildirdi. Zuhra tuman hokimi bilan uchrashuvda qatnashgan va unga arzon uy-joy uchun subsidiyaga sertifikat berilgan, lekin hali pulni olmagan. Hozircha ishsiz. Aytishicha, chetdan qaytganidan so‘ng mahalladan biror so‘rovnoma to‘ldirishini so‘rashmagan va yordam ham qilinmagan.

Ro‘yxatdagi faqat bir ayolning vaziyati yozilgani bilan mos keldi:

Kenjayeva Aynur (ism-familiya o‘zgartirilgan)

Ro‘yxatda uning Qozog‘istonda ishlab kelgani, O‘zbekistonga qaytgach tadbirkorlik kursida o‘qitilib, 245 ming subsidiya ajratilgani, hozir YaTT egasi ekani ko‘rsatilgan.

U bilan bog‘langanimizda haqiqatan tadbirkorlik o‘quv kursida o‘qiganini bildirdi. O‘zining kelin ko‘ylaklari saloni bor. Tadbirkorlik o‘quv kursida o‘qigani ish boshlashiga yordam bergan.

***

Ko‘rinib turganidek, migratsiyadan qaytgan, davlat yordami ko‘rsatilgan va buni natijasida tadbirkorlikni boshlagan, deya qayd etilgan ayollarning (bu – agentlikning o‘zi tomonidan bog‘lanib sharoiti haqida bilishimiz uchun tavsiya etilganlar) vaziyati deyarli yaxshi emas.

Agentlikning o‘zi ishonch bilan taqdim qilgan ro‘yxatdagilarning deyarli hech biri bizga hisobotda berilganidek, xorijdan qaytgandan so‘ng ehtiyojlarini aniqlash uchun so‘rovnoma to‘ldirishganini aytishmadi.

2020 yilda migratsiyadan qaytib “bolalar dam olish parki” tashkil qilish uchun 200 mln mablag‘ olgan sardobalik ayolning ayni paytda yana migrant bo‘lib ketganining o‘zi alohida o‘rganish talab etadigan masala. Bunda ayol shunchaki bankdan kam foizli kredit olishning vositasi bo‘lgan bo‘lsa ajab emas.

Shuning o‘zi ham chetdan qaytgan migrantlar bilan ishlash mexanizmi qanday ekani haqida xulosa chiqarishga yetarliday go‘yo.

Zilola G‘aybullayeva

Ko‘proq yangiliklar: