Bu qanday gap bo‘ldi? Davlat rahbari barcha ishlar mahallada hal bo‘lsin desa, hokim va boshqa amaldorlarni «pastga tush, mahallaga bor, masalani o‘sha yerda hal qil», deb ko‘rsatma berish bilan birga tegishli farmonu qarorlar qabul qilsa-yu, hokimlar eski qoliplardan xalos bo‘lishni istamasa, buni qanday tushunmoq lozim?
«Derzkiy» so‘zi rus tilidan «dag‘al», «qo‘pol», «qo‘rs», shuningdek, «dadil», «jasur», «shijoatli» deb tarjima qilinadi.
Yuqoridagi misolda mahalla raisi mahallada xotin-qizlar bilan ishlashga mas’ul bo‘lgan va bir necha yil birga ishlagan o‘rinbosarini yangi joriy etilayotgan xotin-qizlar faoli lavozimiga tavsiya etgan va uning nomzodini himoya qilgan. O‘rinbosari yangi lavozim talabiga to‘la javob bera olishini, u mahalla xotin-qizlarini yaxshi bilishini, ular o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega ekanligini aytgan, xolos. Rais hokimning vajohatidan, qahridan qo‘rqmasdan, o‘z fikrini ayta olganligi uchun uni jasur, shijoatli deb ta’riflashimiz mumkin.
Hozirgi kunda mahalla raisi aynan shunday bo‘lmog‘i lozim emasmi? Albatta, kerak. Tizimda so‘nggi ikki yil ichida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Endi eskicha fikrlaydigan, hokimu boshqa amaldorlar aytganiga qarsak chalib o‘tiradigan labbaychi, befarq va loqayd mahalla raislari davri o‘tdi.
Afsuski, hali deyarli o‘zgarmagan hokimiyat tizimidagi o‘zini hokimi mutlaq sanovchi ayrimlar buni tushunmayapti. Eski qoliplardan voz kechib, o‘zini jamiyatning boshqa a’zolaridan, butun eldan ustun qo‘yish psixologiyasidan uzoqlasha olmayapti. Ular hokim o‘ziga xos menejyer, ish boshqaruvchi ekanligini, ma’lum hududdagi aholi manfaatini himoya qilish uchun tayinlangan va soliq to‘lovchi hisobiga kun ko‘rayotgan YoLLANMA XODIM ekanligini unutib qo‘ymoqda.
Agar barcha muammolar prezident talab qilayotgandek, mahallaning o‘zida hal bo‘lsa, odamlar oddiy muammo bo‘yicha hokimlik va boshqa idoralarga murojaat qilib, sarson bo‘lmasa, bu o‘sha amaldorlarning o‘ziga ham yaxshi emasmi? Boshog‘riq kamayadi, boshqa kattaroq ishlarni bajarishga ko‘proq vaqt qoladi. Buning uchun ishchan, so‘zi o‘tadigan, to‘g‘ri so‘zli, haqiqatni ochiq ayta oladiganlar mahalla raisligiga saylanishi maqsadga muvofiq emasmi?
Amaldorning barcha aytganlariga bosh egib, «xo‘p bo‘ladi, bajaramiz», deydigan raislarning davri o‘tganligini barcha kattalar anglashi lozim. Doim boshi egik, kattaning aytganining farqiga bormasdan, ko‘rsatmasini bajarishga tayyor «labbaychilar» kimga kerak? Bundaylar prezidentning mahalla raisi amaldorlar oldiga muammoni ko‘tarib chiqib, uni hal bo‘lishiga erishish lozimligi haqidagi talabini qanday bajaradi?
Shu sababli «qani, men ko‘raman, o‘zboshimcha va «derzkiy» nomzod saylovdan qanday o‘tarkan» deb, eskicha fikrlayotgan hokimlar o‘z qarashini o‘zgartirib, mard, jasur shaxslar mahalla raisligiga kelishidan manfaatdor ekanligini tushunishi zarur.
Shu kunlarda mahalla raisligiga nomzodlar shakllantirilmoqda. Yaqinda ular hokim boshchiligida mahalliy hokimliklarda tuzilgan komissiya suhbatiga taklif etiladi. Ana shunda komissiya va hokim qanday yo‘l tutadi? Kimlarning nomzodini saylovga taqdim etadi?
Bundan bir yarim oy avval, fevral oyining boshlarida, mahalla raislari saylovi haqida hali hech qayerda gapirilmagan va raislar besh yilga saylanadi deyilgan paytda bunday saylovni shu yilning o‘zida o‘tkazish lozimligini asoslab, maqola yozgan edim. Unda, jumladan, shunday so‘zlar bor edi:
«Nomzodlar xalq dardi bilan yashaydigan, mahalladoshlariga chin dildan ko‘maklashishga tayyor, mahallaning qari-yu yoshi hurmat qiladigan, mahalla og‘irini yengil qilishga qodir, qo‘lidan aniq bir ish keladigan insonlar bo‘lsin. Yana shuni inobatga olish lozimki, endilikda kompyuterda ishlashni bilmaydigan, internet bilan do‘stlashmagan, onlayn muloqotdan uzoq bo‘lganlarning rahbar, jumladan MFY raisi bo‘lib ishlashi ancha og‘ir».
Bu borada qonunimiz nima deydi? Kimlar mahalla raisligiga nomzod qilib ko‘rsatilishi mumkinu, kimlar mumkin emas?
Qonunchilikka ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar:
- O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi;
- qoida tariqasida, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
- bevosita saylovga qadar kamida 5 yil tegishli hududda doimiy yashayotgan bo‘lishi;
- tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerak.
Quyidagilar nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin emas:
- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar;
- og‘ir yoxud o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
- sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar;
- haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar;
- diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari.
O‘ylaymizki, hokimlik komissiyalari qonun talablariga to‘la amal qiladi va qaysidir mutasaddining o‘zicha o‘ylab topgan qoidasiga asoslanib ish yuritmaydi. Nomzodlarning yoshi, ma’lumoti yoki ish joyi haqida hech qayerda bo‘lmagan talabni qo‘ymaydi.
Afsuski, xotin-qizlar faoli lavozimiga nomzodlarni tanlashda ularga Toshkentdan kelgan va ishxonasidan chiqmagan, mahalla sharoitini bilmagan mutasaddilar xohishi bo‘yicha qonunda bo‘lmagan talablar qo‘yildi. Natijada, ayrim mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimiga nomzod bosim asosida tayinlanganligi noroziliklarga sabab bo‘ldi. Masalan, bizning mahallaga tayinlangan faolning ishga chiqish niyati yo‘q.
Shunday ekan, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga ham aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, ham yangicha fikrlaydigan, aholi muammolarini tegishli idoralar oldiga qo‘ya oladigan shijoatli, rostgo‘y nomzodlarni tavsiya etish muhim. Jamiyatimiz manfaati shuni talab qilmoqda.
Toshpo‘lat Rahmatullayev,
Samarqand shahar «Bog‘imaydon» MFY raisi, jurnalist.