“Farzandim tashlab ketdi, vatanim tashlab qo‘ymadi” - qismatidan kuyganlar quvonchi

Jamiyat 10:01 / 16.04.2022 22978

Faqatgina bir ilinj ularning yuragida umid chirog‘ini yoqqan. Bu ham bo‘lsa, “Tashabbusli budjet”ga Konimexda yakka-yolg‘izlar uchun uy qurib berish borasida taklif kiritilgani va uning ko‘p ovoz to‘plab, g‘olib bo‘lgani.

“Kechqurun o‘lib qolishdan qo‘rqaman”

Nazira Xolova 1957 yilda Konimexda oddiy ishchi oilasida tavallud topgan. Yoshligida hamma insonlar kabi u ham nurli kelajakni orzu qilgan. Biroq hayot uni og‘ir sinovlar girdobiga uloqtirdi. Turmush o‘rtog‘i vafosizlik qilib, tashlab ketdi. Yagona farzandi ham go‘daklik paytida vafot etdi. Bu g‘amlar uni erta qaritdi. Qolaversa, umrining katta qismi uysizlikda, yolg‘iz o‘tdi. Turli manzillarda ijarada yashash qismatida bor ekan. Aka-ukalari ham iqtisodiy imkoniyatlari yetmaganligi sababli o‘z ro‘zg‘orlaridan ortib, unga uy qurib berisholmadi. 

O‘tmaydigan kun-ku yo‘q. Nazira opani hammasidan ham YoLG‘IZLIK atalmish ulkan iztirob o‘z domiga tortib ketgandi. U hamon ana shu iztirob iskanjasida, og‘ir sharoitda yashamoqda.

Yolg‘izlikdan yomon narsa yo‘q. Kechqurun o‘lib qolishdan qo‘rqaman. Qachon tong otarkin, qo‘ni-qo‘shnilarimni ko‘rarkanman, deb kutib chiqaman. Mening ham orzularim ko‘p edi, bola-chaqali, uyli-joyli bo‘lishni, yaxshi hayot kechirishni istardim. Bir o‘zim yolg‘iz va bunaqa sharoitda qolaman deb hech o‘ylamaganman. Lekin hayot ekan. Bir yil ichida 5-6 joyga ko‘chdim. Ko‘ch-ko‘ronni ko‘tarib, ijarada yashash qiyin. Bizga uy qurib berilayotganini eshitib, yig‘lab yubordim. Tashabbusni boshlaganlarga, ovoz berganlarga rahmat aytaman”, – deydi Nazira Xolova.

Nazira opa o‘zi uchun taom tayyorlaydi, choy qaynatadi. Uy yumushlarini qilgan bo‘ladi, o‘zini chalg‘itishga urinadi. Ayni kunlarda o‘z uyi bo‘lishini o‘ylab, kunlari umid va quvonch bilan o‘tmoqda.

Ko‘zi ojiz otaxonning iztiroblari

Qulnazar Abdurahmonovning dardi Nazira Xolovanikidan ham ayanchliroq. 66 yoshni qarshilagan otaxon ko‘p yillar Konimex cho‘llarida chorva ortidan yurib, cho‘ponlik qilgan. 1985 yilda turmush o‘rtog‘i yakka-yu yagona o‘g‘lini olib, Qozog‘istonga ko‘chib ketadi. Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, o‘g‘il otasi holidan xabar olmagan, izlab kelmagan.

Bir necha yil oldin Qulnazar ota yaqinlarini izlab Qozog‘istonga borgan. Ularni uchratgan ham. Biroq na o‘g‘li, na turmush o‘rtog‘i uni qabul qilmagan. Ko‘rsa-da, ko‘rmaslikka olib, nari ketgan. Bunday og‘ir iztirobni ko‘tara olmagan Qulnazar ota bir muddat Qozog‘istonda cho‘ponlik qilgan va ming o‘kinch bilan ortga qaytib kelgan. U hozir bir xona xaroba uyda, yolg‘iz o‘zi ijarada yashaydi.

Buning ustiga ko‘zlari ojiz. Shunday bo‘lsa ham o‘zi uchun harakat qiladi. Aksariyat hollarda devorga ilingan radioning murvatini burab, ko‘zda yosh bilan yangiliklarni eshitib o‘tiradi.

Qulnazar Abdurahmonov boshidan o‘tkazganlari haqida shunday deydi:

Konimexda tug‘ilib o‘sganman. Biz uch og‘ayni edik. “Deddom”da ulg‘ayganmiz. Harbiy xizmatdan qaytib kelgach, cho‘ponlik qildim. 1979 yil oilali bo‘ldim. Lekin oradan 3-4 yil o‘tib, ajrashib ketdik. Shundan keyin yolg‘iz qoldim. U yoqda yurdim, bu yoqda yurdim, qurilishlarda ishladim. 20 yildan beri uysizman. Bu yerda hech kimim yo‘q. Mahalla, hokimlik yordam berib turadi. Men kabi yolg‘iz muhtojlarga uy qurib berilishini eshitib, xursand bo‘ldim. Farzandim tashlab ketdi, vatanim tashlab qo‘ymadi”.

Xayrli tashabbus g‘olib bo‘ldi

“Tashabbusli budjet” loyihasining 2022 yil 1-yarim yillik mavsumi uchun Konimex tumanidan 100 ga yaqin tashabbus ilgari surildi. Ulardan biri tumandagi yakka-yolg‘iz fuqarolarga uy-joy qurib berish haqida. Fuqaro Aliya Saparova tomonidan kiritilgan tashabbus 520 ta ovoz to‘plab, g‘olib bo‘ldi. Loyihani amalga oshirish uchun 1 mlrd 80 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozirda dastlabki ro‘yxat shakllantirilmoqda.

Bu qanday amalga oshiriladi?

Konimex tumani moliya bo‘limi boshlig‘i Baxtiyar Zarkunovning ta’kidlashicha, uylar namunaviy loyiha asosida, barchasi bitta hududda quriladi.

G‘olib bo‘lgan tashabbuslar xalq deputatlari tuman kengashining navbatdagi sessiyasida deputatlar muhokamasiga qo‘yiladi. Agar loyiha deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, sessiya qarori qabul qilinadi va keyingi bosqichda loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, yer ajratish, moliyalashtirish va qurilish jarayonlari boshlanadi. Qurilgan uylar yakka-yolg‘izlarga vaqtincha foydalanishga beriladi hamda hokimlik balansida bo‘ladi. Ular o‘zlari istagancha bu uylarda yashashlari mumkin. Uyni saqlash va kommunal xizmatlar fuqarolarning o‘zlari tomonidan amalga oshiriladi”, – deydi Baxtiyar Zarkunov.

Xullas, Konimexda xayrli tashabbusga qo‘l urildi. Ushbu tashabbus tez fursatlarda amalga oshirila boshlashidan yakka-yolg‘izlar ham, boshqalar ham umidvor.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Muhiddin Nido

Ko‘proq yangiliklar: