Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan vodiy bo‘ylab Kinokarvon aksiyasi tashkil etildi

Jamiyat 20:26 / 15.04.2022 11809

11-16 aprel kunlari kinoijodkorlar Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlariga ijodiy safar qildi. Birinchi kuni Farg‘ona viloyatining Toshloq, Qo‘shtepa tumanlari va Marg‘ilon shahar Madaniyat markazlarida ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi. Yig‘ilganlarga kinematografiya sohasidagi so‘nggi yangiliklar bo‘yicha ma’lumotlar berildi, so‘ngra milliy qo‘shiqlardan iborat konsertlar tashkil etildi.

Kinokarvon tarkibida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Xosiyat Husanova, “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni sohibasi Vazira Yunusova, “Shuhrat” medali sohibi Rasulxon Qodirxonov, aktyorlar Umid Iskandarov, Begzod Tojiyev ishtirok etishmoqda.

  • Biz Kinematografiya agentligi tomonidan tashkil etilgan Kinokarvon bilan vodiy bo‘ylab safar qilyapmiz. Bizni hamma uchrashuvlarda juda iliq kutib olishdi. Kinokarvon bilan olib kelingan milliy filmlar ham barchaga birdek manzur bo‘ldi, dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Xosiyat Husanova.

Ikkinchi kuni Marg‘ilon shahar hokimligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Qo‘shtepa, Oltiariq va Toshloq tumanlarida uchrashuvlar o‘tkazildi.  Farg‘ona shahar saxovat uyida bo‘lib, muruvvatga muhtoj keksalar va nogironlar holidan xabar olindi. Kinoijodkorlar bilan samimiy suhbatlar tashkil etildi.

Yig‘ilganlarga Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Jamilaxon Po‘latovaning “Ayol qalbi” kinokartinasi namoyish etildi.

Mazkur kinokartina tibbiyot sohasida samarali faoliyat olib borayotgan, bemorlarning dardiga darmon bo‘layotgan shifokor ayol taqdiri haqida hikoya qiladi.

Ssenariy mualliflari Jamilaxon Po‘latova va Zulfiya Yo‘ldosheva, postanovkachi rejissyor Jamilaxon Po‘latova, operatorlar Dilmurod Turdiboyev, Diyor Ismatov, postanovkachi rassom Erkin Xushmatov, kompozitorlar Shuhrat Zokirov, Sardor Ergashev, kartina direktori Muzaffar Sa’dullayev.

Kinokarvon Farg‘ona viloyati hokimligi Xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi 90-kar bolalar uchun ixtisoslashtirilgan Maktab internatiga ham tashrif buyurdi. Internatda bolalar kinoijodkorlarni juda samimiy kutib olishdi.

  • Kinokarvon bizning maktab internatga tashrif buyurib bolalarni juda xursand qildi. Agentlikka kattakon tashakkur izhor etamiz. Mana shunday ijodiy uchrashuvlar yanada ko‘p bo‘lsin, deya xursandchilikda so‘zladi internat direktori Azamatjon Madaminov.

Kinokarvon uchinchi kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi. Ikki kun davomida Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti, Andijon tibbiyot instituti, Andijon mashinasozlik instituti, Andijon davlat universitetida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti rektori Umid To‘ychiboyev kinoijodkorlarni iliq kutib olib, ko‘proq tashriflar uyushtirish taklifini berdi.

Haftaning beshinchi kunida Kinokarvon Namangan viloyatiga keldi. Dastavval Namangan viloyati Uychi tumani Madaniyat markazida 15 aprel Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan kinoijodkorlar ishtirokida katta tadbir tashkil etildi.

So‘ng, kinoijodkorlar Namangan viloyati Uychi tumani “Beruniy” MFYda istiqomat qiluvchi  ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan Oyruxsor Mamatvaliyeva xonadonida bo‘lishdi, esdalik sovg‘alari taqdim etishdi.

  • Mamatvaliyeva Oyruxsor kino san’atiga juda qiziqishini, elimiz suygan mashhur aktyorlar bilan uchrashishni orzu qilib yashashini aytdi. Biz uning orzusini amalga oshirish uchun Kinematografiya agentligiga bog‘landik, ular bajonidil bu taklifimizni qabul qilishdi va Oyruxsorning xonadoniga tashrif buyurishib, dildan suhbatlashishdi. “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da Kinokarvon tashabbusi barcha aholini qalbidan joy egallaydi. Biz tashrifdan juda ham mamnun bo‘ldik va kinoijodkorlarga tashakkur aytamiz, deydi Uychi tumani hokim o‘rinbosari Abror Sobirov.

Kinokarvondagi ijodkorlar “Hurriyat” MFYda Muhammadali Qambarov boshchiligidagi mehribonlik uyiga tashrif buyurishdi. Davra suhbatlari va muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Barcha kinoijodkorlarni iliq kutib olishdi.

Kinokarvonning boshqa viloyatlar bo‘ylab safarlari hali davom etadi. Oldinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Samarqand viloyatlariga safarlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Madaniyat vazirligi matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: