14 aprel kuni Toshkentdagi Turin Politexnika universitetida “Assoodiq” loyihasining yangi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyihaning navbatdagi kitobi “Zakot” deb nomlangan va Ramazon oyida dolzarb bo‘lgan zakot masalalari batafsil sharhlar asosida yoritib berilgan. Muallif Abdulmannon Abdulloh qalamiga mansub kitobda zakot, fitr sadaqasi, xayr-ehson kabi moliyaviy ibodatlar ta’limotiga oid savollarga javob topish mumkin.
Taqdimot marosimida ishtirok etgan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid kitobning mo‘min-musulmonlar uchun moliyaviy ibodatlar borasidagi ilmlarini oshirishda foydali manba ekanligini ta’kidladi.
“Zakot” kitobi muallifi Abdulmannon Abdulloh zakotning asl mohiyatini anglatish, uning tartib-qoidalarini, ilohiy hikmatlarini, ajr- savoblarini va samaralarini xalqimizga tushuntirishda olib borilgan izlanishlari haqida gapirdi.
Tadbir ishtirokchilariga kitoblar sovg‘a qilinib, ularning savollariga batafsil javob berildi.
Mazkur qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2021 yil 3 iyuldagi 03-07-4255 hamda 2022 yil 13 yanvardagi 03-07/208 raqamli xulosalari asosida chop etilgan.