Arzon go‘sht yetishtirish omillari: subsidiyalar nimaga xizmat qilmoqda?

Jamiyat 17:28 / 15.04.2022 19111

“O‘zbekchorvanasl” agentligi bosh direktori o‘rinbosari Nargiza Amanboyeva:

Go‘sht narxi 110 ming so‘mga, sut narxi 13 ming so‘mgacha ko‘tarilish ehtimoli bor edi

"Bugun bozorlarda go‘sht narxi barqaror saqlanib kelinmoqda. Bunga asosiy sabab davlat rahbari tomonidan chiqarilayotgan qaror va farmonlarning ijrosi deb bilaman.

 Ushbu qarorlar ijrosi bugungi kunda respublika aholisini chorvachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va ularning narxini barqaror saqlashga qaratilgan. Misol uchun, oxirgi ikki yilda chorvachilik yo‘nalishida umumiy qiymati 2 ming 900 ta loyihalar amalga oshirildi. Buning natijasida yangitdan 2 ming 300 ta chorvachilik xo‘jaliklari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada, jami 190 mingdan ziyod, doimiy va mavsumiy yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Berilayotgan subsidiyalar chorvachilikning har bir jabhasini qamrab olishga va rivojlantirishga qaratilgan. Ayniqsa naslli hayvonlar uchun berilayotgan subsidiyalar fermer xo‘jaliklari uchun ham, oddiy aholi uchun ham katta imkoniyat bo‘ldi.

“O‘zbekchorvanasl” agentligi bosh direktori o‘rinbosari Nargiza Amanboyeva

 2021 yilda yog‘ingarchilik me’yorga nisbatan kam bo‘lganligi bois, chorva mollari uchun yem-xashak mahsulotlari narxi oshib ketdi. 1 dona beda press – 2,3 baravar (15 ming so‘mdan 35 ming so‘mga), 1 kg silos – 1,9 baravar (320 so‘mdan 600 so‘mga), 1 kg bug‘doy – 1,8 baravar (2,2 ming so‘mdan 4 ming so‘mga) va 1 kg makkajo‘xori (3 ming so‘mdan 4,2 ming so‘mga) – 1,4 baravar qimmatlashdi.

Buning oqibatida go‘sht narxi 100-110 ming so‘m, sut narxi 10-13 ming so‘m bo‘lish ehtimoli bor edi. Lekin qilingan sa’y-harakatlar buning oldini oldi". 

“Yulduz” fermer xo‘jaligi direktori o‘rinbosari Azmiddin Arabboyev: 

Bir oyda 45-48 ming so‘mdan 5 ming tonnagacha go‘sht topshiryapmiz 

“Yulduz” fermer xo‘jaligi direktori o‘rinbosari Azmiddin Arabboyev

"Fermer xo‘jaligimiz faoliyatiga 30 yil bo‘layotgan bo‘lsa, hozirgiday imkoniyat chorvadorlar uchun shu paytga qadar bo‘lmagan desam adashmayman. Fermerning dardini eshitish, uning muammolarini o‘rganib yordam beradigan jarayon boshlandi. Hozir yetishtirgan go‘sht va sut mahsulotlari uchun subsidiyalar olyapmiz. Biz fermerlarga bu katta yordam. Endi yangi texnologiyalarni joriy qilish ustida ishlayapmiz. Kam xarajat – ko‘p foyda usulida ishlashni boshladik. Bu o‘z-o‘zidan bu mahsulotlar tannarxining pasayishiga olib keladi.

Hozir oyiga 150 million subsidiya olyapmiz. Buning evaziga esa narxlarni tushirib, oyiga kamida 5 tonna go‘shtni o‘rtacha 50 ming so‘mdan ham arzonroq narxda sotishga topshiryapmiz. Tannarxini qisqartirganimiz evaziga 1 kg go‘sht 45-48 ming so‘mdan sotsak ham o‘zini oqlayapti. Hali bundan keyin ham go‘sht va sut mahsulotlari narxini tushirishga katta va keng imkoniyatlarimiz bor". 

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: