«Inson har qanday g‘oyadan ustun» - qanday qilib urush davrida propaganda ta’siriga tushib qolmaslik mumkin?

Jamiyat 20:14 / 14.04.2022 37280

O‘zbekistonda ko‘pchilik bu urush haqidagi ma’lumotlarni internetdagi ijtimoiy tarmoqlar, Telegram-kanallar, yoshi kattaroqlar esa faqat Rossiya telekanallaridan olishadi (chunki Ukraina TV kanallari bizda ko‘rsatmaydi, O‘zbekiston telekanallari bu urush haqida og‘iz ochishmaydi).

Internetda va rus TV-kanallarda yangrayotgan axborotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri hazm qilib, urushayotgan tomonlardan birining tarafdori bo‘lib olib, ijtimoiy tarmoqlarda, hattoki ko‘cha-ko‘yda, oilalarda tortishib qolayotgan hamkasblar, do‘stlar, qarindoshlar haqida eshityapmiz.

Xo‘sh, mutaxassislar bu borada nima deydi? Guruch kurmakdan qanday ajratiladi? Qanday qilib propagandaning nafrat qo‘zg‘ovchi ta’siri ostiga tushib qolmaslik mumkin?

«Men Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida o‘qiganman. Bizda harbiy kafedra bor edi. Bizga maxfiy sharoitda jangovar maxsus propagandadan dars o‘tishgan — bunda dezinformatsiya va ong bilan o‘ynashib, dushman armiyasi safiga nifoq solish san’ati o‘rgatilgan. Bu juda dahshatli yumush, behazil», — deydi keksa jurnalist Vladimir Yakovlev. Uning aytishicha, ayni paytda tinch aholi uchun ham jangovar maxsus propaganda elementlaridan keng foydalanilmoqda.

Jurnalist Vladimir Yakovlev propagandaning xillari, uslublari, ular nima maqsadlarda qo‘llanilishini hikoya qilib berib, undan qutulish, propaganda keltirib chiqaradigan adovat va nafratga sherik bo‘lib qolmaslik uchun nimalarga amal qilish kerakligini ham sanab o‘tgan.

«Sizga har kuni ta’sir qiladigan propagandalarning bor-yo‘g‘i uch xili bor: oq, kulrang va qora propaganda.

Oq propaganda — siyosiy maqsadlarga yetishish uchun faktlarni qalbakilashtirishni nazarda tutmaydi.

Kulrang propaganda — bunga ruxsat beradi, lekin sezilar-sezilmas darajada.

Qora propaganda — propagandistik vazifalarni bajarish uchun voqelikni har qanday usulda buzib ko‘rsatishga mutlaq izn beradi.

Propaganda qanchalik ko‘p yolg‘on ishlatilib, vijdonsizlarcha yaratilsa, u auditoriyaga shunchalik kuchli ta’sir qiladi. O‘z-o‘zidan, qora propaganda — propagandalarning eng kuchlisi, chunki u faktlarga tayanish zaruriyatidan to‘liq xalos qilingan. 

Qora propaganda — o‘ta samarali qurol. Undan faqat bir maqsadda foydalaniladi — raqibning miyasini chalg‘itib, ishdan chiqarish. Uni ishlatishning «sasigan selyodka», «teskari piramida», «buyuk yolg‘on» uslublari bor, ikkinchi jahon urushi vaqtida Gyobbels tomonidan yaratilgan «40 ga 60 prinsipi» — propagandaning bu ko‘rinishlari ham ayrimlarga tanish. Lekin buni hamma ham anglay olmaydi.

Bilasizmi, o‘z vaqtida jurfakning harbiy kafedrasida bizga jangovar maxsus propaganda texnikasini dushman askarlariga qarshi ishlatishni o‘rgatishgan edi. Bugunga kelib, bu texnikalar tinch aholiga qarshi ham ishlatilmoqda. Ya’ni siz-u bizga qarshi.

Maxsus propagandada ta’sir qilishning o‘nlab samarali uslublari mavjud va siz har kuni ularning ta’siri ostida bo‘lasiz. Lekin ulardan to‘rttasi juda keng tarqalgan. O‘zingizni nojo‘ya axborotdan himoya qilishingiz uchun ularni yaqindan bilib olishingiz kerak bo‘ladi. Bugun ular haqida hikoya qilamiz.

Keling, dastlab «sasigan selyodka» uslubini ko‘rib chiqaylik.

1. «Sasigan selyodka» uslubi

U shunday ishlaydi: mutlaqo yolg‘on ayblov tanlanadi. Ayblov imkon qadar jirkanch va mojaroli bo‘lishi kerak. Masalan, kichik o‘g‘irlikda, yoki aytaylik, go‘daklarga jinsiy tajovuz qilishda ayblash yoki bo‘lmasam ochko‘zlikdan birovning qotiliga aylanganlikda ayblash ham yaxshi samara beradi.

«Sasigan selyodka»ning maqsadi — aslo bu ayblovlarni isbotlab berish emas. Maqsad — voqea omma o‘rtasida kengroq muhokama bo‘lishiga erishish.

Inson ruhiyati shunday yaralganki, ayblov omma muhokamasiga aylangach, o‘z-o‘zidan uning «tarafdorlari» va «qarshi tomonlar», bu ishning «bilimdonlari» va «ekspertlari», shuningdek, «qip-qizil ayblovchilari» va aybdorni jon-jahdi bilan «himoya qiluvchilar» paydo bo‘ladi.

Biroq o‘z nuqtayi nazari qanday ekanligidan qat’i nazar, muhokamaning barcha ishtirokchilari ayblanuvchining ismini jirkanch va mojaroli ayblovga bog‘lab qayta-qayta tilga olishadi. Shunday qilib, «sasigan selyodka»ni uning kiyimiga tobora ishqalab borishaveradi va bu qo‘lansa hid uning ortidan hamma joyda ergasha boshlaydi.

«Anavi qotilmi, o‘g‘rimi, nomus tajovuzkorimi?» degan bosh savol uning ismi esga olinishi hamono takrorlanaveradi. 

«Sasigan selyodka» uslubidan foydalanishning klassik usullaridan biri — bu uni fashistik yoki natsistik mafkuraga egalikda ayblashdir.

«Bu inson natsist emasmikan?» — deya munozara qilinganlik faktining o‘ziyoq ayblanuvchini shu qadar obro‘sizlantiradiki, «sasigan selyodka» usulidan foydalanib propaganda vazifasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi, deb hisoblayverish mumkin.

2. «Buyuk yolg‘on» uslubi

«Buyuk yolg‘on» uslubi «sasigan selyodka» uslubiga biroz o‘xshab ketsa-da, aslida boshqacha ishlaydi. Uning mohiyati shundan iboratki, auditoriyaga kamoli ishonch bilan shu qadar global va vijdonsizlarcha yolg‘onni taqdim etish kerak, toki bunday narsa haqida yolg‘on so‘zlash mumkin emasligiga odamlar ishonishi kerak.

Bu yerdagi «tryuk» shundan iboratki, mutlaqo yolg‘on axborot bilan tomoshabin, o‘quvchi yoki shinavandada shunday shok effektini qo‘zg‘ab, keyinchalik har qanday isbot, mantiq va idrokka qaramasdan, uzoq vaqt uning nuqtayi nazarini belgilab beruvchi kuchli qo‘rquv hosil bo‘lishiga erishish lozim.

Bu uslubdan foydalanishning klassik usuli — dushman tarafning turli dahshatli tahdidlari yoki qabihona niyatlarini ta’riflashdir. Bu uslubdan foydalanishning ajoyib misoli — Iroqning ommaviy qirg‘in quroli ishlab chiqarishda ayblanishidir. Bu AQSh tomonidan Iroqning okkupatsiya qilinishiga bahona bo‘lgan.

Albatta, dushman tarafni bakteriologik, biologik qurol ishlab chiqarayotganlikda ayblash yoki qarshi kurashish imkonsiz bo‘lgan yashirin va o‘ta qudratli dushmandan kelayotgan global tahdid haqidagi xabar ham juda yaxshi ish beradi.

«Buyuk yolg‘on» uslubi o‘ta samarali bo‘lishi mumkin. Lekin baribir uzoq muddatli istiqbolda «Mutlaq ayonlik» uslubi yanada ishonchli natija taqdim etadi.

3. «Mutlaq ayonlik» uslubi

Uning mohiyati nimada? Nimanidir isbotlash o‘rniga siz auditoriyani ishontirmoqchi bo‘lgan narsa haqida go‘yoki mutlaq ayon, ochiq-ravshan, o‘z-o‘zidan tushunarli narsadek sistematik ma’lumotlar uzatasiz. Shu sababli buni aholining katta qismi shak-shubhasiz qo‘llab-quvvatlayotgandek taqdim etasiz.

Tashqi ko‘rinishi juda oddiy ko‘ringani bilan bu uslub nihoyatda samarali. Chunki inson ruhiyati avtomatik tarzda ko‘pchilikning fikriga qiziqadi va unga qo‘shilishga moyil bo‘ladi. Faqat shuni esdan chiqarmaslik kerakki, ko‘pchilik albatta siz tomonda bo‘lmog‘i, qo‘llab-quvvatlov mutlaq va shak-shubhasiz bo‘lishi kerak. Aks holda qo‘shilish effektiga erisha olmaysiz.

«Mutlaq ayonlik» uslubi klassik va juda keng tarqalgan qo‘llash usuli, masalan, u yoki bu masalada jamoatchilikning fikri bir joydan chiqayotganini namoyish etuvchi turli sotsiologik so‘rovlar natijasini e’lon qilishdan iborat bo‘ladi.

Qora propaganda uslublari, tabiiyki, uning hisobotlari reallikka qandaydir darajada mos kelishini taqozo qilmaydi. Nihoyat,

4. «Noma’lum qahramon» uslubi

Bu uslubdan foydalanishlariga biz shu qadar ko‘p duch kelamizki, ularni payqashdan ham to‘xtab qolamiz. Biroq «noma’lum qahramon» uslubi maxsus propagandaning eng qadimiy, shu bilan birga o‘ta samarali uslublaridan biri sanaladi.

O‘z nomiga monand tarzda bu uslubning mohiyati — o‘z qo‘shinlarini yolg‘ondan qahramonlashtirishdan iborat.

Tashqi ko‘rinishi qanchalik jo‘n va oddiy ko‘rinmasin, bu uslub chuqur psixologik ildizlarga ega. Gap shundaki, har qanday urush shafqatsiz, dahshatli, insoniylikdan yiroq va bema’nidir. Shu sababli urush doimo o‘z-o‘zidan inson ruhiyatining kuchli qarshiligini keltirib chiqaradi. Bu qarshilik insonning o‘zi va yaqinlari hayoti uchun qo‘rquvi bilan yanada kuchayadi.

Inson ruhiyatining faqatgina bitta bo‘lagi borki, uni ana shu kuchli qarshilikka ro‘para qo‘yish mumkin. Bu — emotsional tarkibiy qismdir.

Shu sababli bosqinchilar armiyasi bo‘lmaydi — ozod etuvchilar armiyasi bo‘ladi. Okkupantlar armiyasi deyilmaydi — faqat qutqaruvchilar armiyasi deyiladi. Insonning urush g‘oyasiga qarshiligini yengishning yagona usuli — unda oliy ma’naviy qadriyatlar: adolat uchun, musibatga duchor bo‘lgan o‘zinikilar uchun kurashish illyuziyasini hosil qilishdir. Bu sodir bo‘layotgan noinsoniy va shafqatsiz hodisalarni oqlashga xizmat qiladi.

«Noma’lum qahramon» uslubining hayratlanarli va unikal xossasi bor. Undan turli davlatlar turli urushlarda va yuz yillar mobaynida qayta va qayta foydalangan. Lekin shunga qaramasdan, uning ta’sir kuchi aslo kamaymagan. Bugunga kelib, bu uslubdan o‘nlab yillar avvalgidek, xuddi o‘sha samaradorlik bilan foydalanilmoqda.

Yana davom etish mumkin. Chunki bizni bir yil o‘qitishgan. Maxsus propaganda usullari ro‘yxati juda katta. Lekin muhimi bu emas.

Anglab turibsizki, jangovar maxsus propagandaning barcha uslublari bitta umumiy maqsadni — dushman armiyasi safiga ichki nifoq, o‘zaro nafrat va ishonchsizlik urug‘larini yoyib, uni kuchsizlantirishni ko‘zlaydi. 

Ammo bugunga kelib bu uslublardan dushman armiyasiga qarshi emas, o‘zining tinch aholisiga qarshi qo‘llash avj oldi. Uslublar keltirib chiqarayotgan natija ularni qo‘llashdan ko‘zlangan maqsad bilan bir xil.

Faqat o‘zaro nafrat va ichki nifoq dushman armiyasida emas, bizning o‘z uylarimiz va oilalarimizda vujudga keladi.

Dushman askaridan ko‘ra, o‘z tinch aholisiga qarshi ishlatilgan jangovar maxsus propaganda hattoki samaraliroq ishlaydi. Ehtimol, dushman askaridan farqli o‘laroq tinch aholi o‘zini himoya qila olmasligidan bo‘lsa kerak.

Shunchaki mushohada qiling: atrofingizda so‘nggi vaqtlarda siyosiy sabablar tufayli kelib chiqayotgan mojarolar, bahslar, o‘zaro xafagarchiliklar soni qanchalik ko‘paydi? Shunda men nimani nazarda tutayotganimni anglaysiz.

Qora propagandaga qarshi turishning eng yaxshi yo‘li — uning muayyan ishlash uslublarini farqlashni o‘rganib olishda emas. Bunday uslublar juda ko‘p.

Maxsus propaganda ta’siridan mutlaq himoya nafrat va o‘zaro nifoqni keltirib chiqaruvchi har qanday axborotga qarshi turish bilan shakllantiriladi. Yodda tutish muhimki, og‘ir, murakkab, xavfli sharoitlarda do‘stlaringiz, oila a’zolaringiz, atrofingizdagi odamlar — aynan ular sizga yordam qo‘lini cho‘zishadi va qo‘llab-quvvatlashadi, sizni qutqarishadi.

Sizni kulfatdan qutqaruvchi va yordam qo‘lini cho‘zuvchilar — sizning yaqinlaringizdir. Har kuni telefon yoki televizor ekranidan turib oilangizdagi siz uchun sevimli va sizni sevuvchi insonlar bilan janjal yoki bahslar yuzaga kelishi uchun yangi bahonalar ulashuvchi odamlar emas.

Maxsus propaganda uslublarining har qanday ta’siriga qarshi real va mutlaq ziddizahar bo‘la oluvchi oddiy so‘zlar bor: INSON HAR QANDAY G‘OYaDAN USTUN.

Ushbu murakkab kunlarda bu so‘zlarni ko‘zingiz tushadigan joylarga yirik harflarda yozib, ilib qo‘yganingiz ma’qul. Shunchaki, unutib qo‘ymaslik uchun». 

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: