BMT: Ukrainadagi urush Yer aholisining beshdan bir qismiga ochlik va qashshoqlik xavfini tug‘dirmoqda

Iqtisodiyot 14:53 / 14.04.2022 21409

Rossiyaning Ukrainaga bosqini 1,7 milliard kishi — sayyora aholisining beshdan bir qismiga — qashshoqlik, yetishmovchilik va ochlik olib kelishi mumkin. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ogohlantirmoqda.

Ukraina va Rossiya Federatsiyasi dunyoda yetishtiriladigan bug‘doy va arpaning 30 foizini, jo‘xorining beshdan bir qismini va kungaboqar yog‘ining yarmidan ko‘pini ta’minlaydi. Shu bilan birga dunyoning iqtisodiyoti past sur’atlarda rivojlanayotgan 45 mamlakati uchun bug‘doy importida Rossiya va Ukraina ulushi 30 foizdan ortiqni tashkil etadi.

Shuningdek, BMTning eslatishicha, Rossiya dunyodagi eng yirik tabiiy gaz eksportyori va ikkinchi eng yirik neft eksportyori hisoblanadi.

Urush rivojlanayotgan davlatlarning pandemiya, tashqi qarz va inflatsiya o‘sishi tufayli kuchsizlangan iqtisodiyotidagi muammolarni yanada chuqurlashtirgan.

2022 yil boshidan buyon bug‘doy va jo‘xori narxlari 30 foizga o‘sgan, neft narxi so‘nggi bir yilda 60 foizdan ko‘proqqa, tabiiy gaz va ko‘mir narxi esa ikki barobar qimmatlagan.

Guterrishning ogohlantirishicha, BMT bunday vaziyatda favqulodda choralar ko‘rish uchun yetarli mablag‘ga ega emas. Xususan, BMTning oziq-ovqat dasturi ham resurslar yetishmovchiligi haqida e’lon qilgan.

«Oziq-ovqat narxlari ko‘tarilishi bilan ijtimoiy va siyosiy beqarorlik o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik bor. Bizning dunyo bunga yo‘l qo‘ya olmaydi. Hoziroq harakatga tushishimiz kerak», — deya qayd etgan Guterrish.

  • Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden ham Ukrainadagi urush tufayli oziq-ovqat inqirozi yuzaga kelishi mumkinligi, bu birinchi navbatda dunyoning qashshoq  mamlakatlariga zarba berishi haqida gapirgandi. Yirik xalqaro tashkilotlar, jumladan XVJ, Jahon banki va Jahon savdo tashkiloti zudlik bilan ocharchilikning oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rishga chaqirgandi.
Ko‘proq yangiliklar: