Ro‘zani ataylab yoki ehtiyotsizlik qilib buzsa nima bo‘ladi? - Ramazonga doir savol-javoblar

Jamiyat 19:02 / 13.04.2022 25429

Savol: Agar kishi ro‘zasini qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida buzsa nima bo‘ladi?

Javob: Ro‘zador qasddan, ya’ni ro‘za tutgani esida bo‘la turib ovqat yesa, suv ichsa yoki jinsiy aloqa qilsa, ro‘zasi buziladi. Bu holatda ham qazo, ya’ni buzgan ro‘zasini tutishi ham kafforat vojib bo‘ladi.

Ro‘zaning kafforati quyidagilardan iborat:

  • Bir qul ozod qilish;
  • Agar bunga qodir bo‘lmasa, ketma-ket ikki oy ro‘za tutish.

Bunda bir kun qazosidan tashqari ikki oy hisoblanadi. Hozirgi kunda quldorlik yo‘qligi sababli qul ozod qilishga qodir bo‘lmaslik tabiiydir. Ushbu oltmish kun ketma-ket tutiladigan ro‘za shariatda ro‘za tutish mumkin bo‘lmagan kunlar, ya’ni Ramazon va Qurbon hayiti kunlari va Qurbon hayiti kunidan keyin uch kun, jami besh kunga to‘g‘ri kelib qolmasligi kerak.

Bunga ham imkoniyati bo‘lmasa, oltmishta faqir kishiga fidya miqdoricha taom beradi yoki taomning qiymatini beradi. Bir faqir kishiga oltmish kun taom bersa ham bo‘ladi. Ammo bir faqirga oltmish kunlik taomni bir kunda bersa joiz bo‘lmaydi.

Kafforat haqida fiqhiy manbalarimizda shunday deyilgan: “Kim ikki jinsiy yo‘lning biriga qasddan yaqinlik qilsa, ozuqa yoki davo bo‘ladigan narsani yesa yoxud ichsa, uning zimmasiga qazo va kafforat lozim bo‘ladi. Unda avvalo bir qul ozod qiladi. Topolmasa, ikki oy ketma-ket ro‘za tutib beradi. Unga ham qodir bo‘lmasa, oltmish miskinni to‘ydiradi (“Raddul muhtor”).

Zimmasiga kafforat lozim bo‘lgan kishi ro‘za tutishga qodir bo‘la turib, taomlantirish yo‘li bilan kafforatni ado qilmoqchi bo‘lsa, kafforat ado bo‘lmaydi. Chunki tartib buzilgan bo‘ladi.

Kafforat ro‘zasini tutayotgan ayol orada hayz ko‘rib qolsa, kafforatni qaytadan boshlamaydi, balki uzri ketgach, davom ettiradi. Nifos qonini ko‘rsa, kafforatni qaytadan boshlaydi. Chunki nifos qoni bu masalada uzr hisoblanmaydi (“Raddul muhtor”).

Kafforat ro‘zasini tutayotgan kishi oltmish kun ichida biror kunni qoldirsa, kafforat buziladi va ro‘za tutishni boshidan boshlaydi.

Ramazonning qazosi va kafforatini tutayotgan kishi subhi sodiq kirmasidan avval mana shu ro‘zalarni tutishni niyat qilishlari shart. Agar niyat qilolmay subhi sodiqdan keyin niyat qilsa, niyati e’tiborli bo‘lmaydi. Shuning uchun saharlikka turolmay qolishidan qo‘rqqan kishi quyosh botganidan keyin ertangi kunning qazo yoki kafforat ro‘zasini tutishni niyat qildim, desa kifoya qiladi (“Fatavoi Hindiya”).

Maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosasi asosida chop etilmoqda.

Ramazonga doir boshqa savol-javoblar:

Ko‘proq yangiliklar: