Qanday amallar ro‘zani buzadi? - Ramazonga doir savol-javoblar

Jamiyat 16:53 / 11.04.2022 36931

Savol: Qanday amallar ro‘zani buzadi?

Javob: Ro‘zador qasddan ovqat yesa, suv ichsa, dori ichsa yoki jinsiy aloqa qilsa, ro‘za buziladi. Bu holatlarda ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Ramazon ro‘zasidan boshqa ro‘zalarda kafforat yo‘q.

Quyidagi hollarda ro‘zador odamning ro‘zasi buziladi va qazosini tutib berishi vojib bo‘ladi, kafforat vojib bo‘lmaydi:

  • tong otmagan deb o‘ylab, saharlik qilsa yoki kun botdi deb o‘ylab og‘zini ochib yuborsa-yu, so‘ng tong otib qolgani yoki kun botmagani bilinsa;
  • ayolini o‘pishi, ushlashi orqali junub bo‘lib qolsa;
  • huqna (klizma) qildirsa;
  • burniga dori tomizsa.

Beixtiyor qayt qilsa, ro‘za buzilmaydi. Agar qasddan, zo‘rlab, og‘zi to‘lib qayt qilsa, ro‘zasi buziladi, keyin qazosini tutishi vojib bo‘ladi.

Quyidagi holatlarda ro‘za buzilmaydi:

  • ro‘zador esida yo‘q holatda yesa, ichsa, jinsiy aloqa qilsa;
  • uyqusida yoki ayoliga qarab junub bo‘lib qolsa;
  • qon oldirsa;
  • surma qo‘ysa;
  • ayolini o‘psa-yu, junub bo‘lmasa.

Ro‘zador odam iloji boricha o‘zini bunday holatdan uzoq qilmog‘i lozim.

Ro‘zador uchun quyidagi ishlar makruhdir:

  • O‘z nafsiga ishonmagan kishining o‘z ayolini o‘pishi. Agar nafsini jilovlay olsa, zarari yo‘q;
  • Biror narsani tatib ko‘rish va misvoqdan boshqa narsa bilan tishni tozalash;
  • Emizikli ro‘zador ayol o‘z bolasiga zaruratsiz taom chaynab berishi. Bunda agar chaynamaslikning imkoni bo‘lsa, chaynamagan ma’qul. Ammo imkoni bo‘lmasa, chaynab berishning zarari yo‘q, vallohu a’lam.

Savol: Kun juda issiqligi tufayli yoki terlab ketgan vaqtda ro‘zador kishi cho‘milishi mumkinmi?

Javob: Odamlar ichida ro‘zador kishi kunduz kuni yuvinishi haqida bir biriga mutlaqo zid ikki xil qarash bor:

1. Ro‘zador kishi kunduz kuni mutlaqo yuvinishi mumkin emas;

2. Kunduz kuni bemalol yuvinish mumkin.

Bu mavzuda so‘z boshlashdan avval, kunduz kuni ehtilom bo‘lib qolgan ro‘zador g‘usl qilishi vojibligi, albatta, yuvinishi shart ekanini ta’kidlaymiz va bu borada hech qanday ixtilof yo‘q. Bizning mavzumiz g‘usl qilishi vojib bo‘lmagan ro‘zadorning yuvinishi haqida bo‘ladi.

Bu mavzuda «Al-Fatovol hindiya» kitobida shunday deyiladi: «Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinishicha, ro‘zador tahoratdan boshqa paytlarda og‘iz va burun chayishi makruhdir. Shuningdek, g‘usl qilish (cho‘milish), boshiga suv qo‘yish, suvga sho‘ng‘ish, namlangan kiyimga o‘ranish ham makruhdir. Abu Yusuf rahmatullohi alayh aytadilar: «Yuqorida sanalgan ishlar makruh emas». Mana shu gap ustunroq, «Muhiti Saraxsiy» kitobida shunday kelgan».

Demak, jiddiy zarurat bo‘lmaganda tahoratdan boshqa paytlarda og‘iz va burun chayish, g‘usl qilish (cho‘milish), boshiga suv qo‘yish, suvga sho‘ng‘ish, namlangan kiyimga o‘ranish kabi ishlar qilinmasa, bu ishlar iftordan keyinga qoldirilsa, Imom Abu Hanifa rahimahullohning so‘zlariga amal qilingan bo‘ladi.

Lekin masalan, kun qattiq isib ketganda va boshqa shu kabi holatlarda yuqoridagi ishlarni qilish zarurati tug‘ilsa va ibodatdan bezor bo‘lish ma’nosida emas, balki ibodatga yordam olish ma’nosida bu ishlar qilinsa, Imom Abu Yusuf rahimahullohning so‘zlariga, keyingi ulamolar ustun ko‘rgan so‘zga amal qilingan bo‘ladi, makruh bo‘lmaydi, vallohu a’lam.

Maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosasi asosida chop etilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: