“Bolam uchun uyimizni ham sotib, ijarada yashayapmiz” – bir oila qismati

Jamiyat 14:23 / 11.04.2022 12871

Umrining eng navqiron davrida og‘ir xastalikka duch kelib, azoblarni boshdan kechirayotgan Bobomurod Rahmonov 6 yil muqaddam jigar sirroziga chalingan. Xastalik uni tobora o‘z domiga torta-torta so‘nggi bosqichlarga olib kelgan. Bemor uchun so‘nggi va yagona chora jigar transplantatsiyasi tavsiya etiladi. Bobomurodga tug‘ishgan akasi donor bo‘lishni zimmasiga oladi va bundan ikki hafta avval aka-uka bor topganlarini olib Hindistonga yo‘l olishadi. Lekin uy-joyini ham sotib davolangan bemorda operatsiya uchun kerakli mablag‘ yo‘q. O‘z yurtidagi yaxshilar yordamigina uni qutqarib qolishi mumkin.

“Bolamning rangiga qarab adoyi tamom bo‘ldim. Uyimizni sotib davolatdik, hech narsamiz qolmadi. Bolam bechora chet elda yotibdi. Katta o‘g‘lim jigarining bir parchasini berish uchun birga ketgan. Uning oilasi ham bizning qaramog‘imizda qolgan.

Ikki farzandining baxtiga sog‘ayib qaytishini so‘rab o‘tiribman. Bolalarim xorijga ketishganiga 11 kun bo‘ldi, o‘shandan beri halovatimiz yo‘q. Faqat telefonda internet orqali ko‘ryapmiz. Ko‘zi mo‘ltillab qarab yotadi, qorinlari shishib ketgan, kindigidan suv chiqib turibdi. Hech kimning farzandi shu holga tushmasin”, — deydi bemorning onasi.

Turmush o‘rtog‘ining aytishicha, bemor 440 ming so‘m nafaqa puli oladi, o‘zi ham ishlaydi. Ammo davolanish uchun Surxondaryodagi uyini ham sotgan oila Toshkentda ijarada yashaydi: “O‘zim ham ishlayman, lekin ijarada turganimiz uchun dorilarga yetkazish qiyin bo‘lyapti. Bir oyda dori-darmonlarning o‘ziga 7-8 mln so‘m ketib qoladi. Turmush o‘rtog‘im hozir Hindistonda, hamma tahlillar tayyor, faqat operatsiya uchun pulimiz yo‘q. Imkon qadar tezroq operatsiya qilinmasa bo‘lmaydi”.

Bir emas, ikki farzandi salomatligidan xavotirda, xorijda qolayotgan bolalarining sog‘-omon qaytishidan umidvor ona saxiylarning madadiga muhtoj. Zero, ularga kelgan sinov barchamiznikidir.

Bobomurod Rahmonovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0804 3212 5465 bemor Bobomurod Rahmonov nomida 

Visa: 4463 0900 1173 9052 turmush o‘rtog‘i Kamola Xolmurodova nomida

Ko‘proq yangiliklar: