Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi Samarqand viloyati Oqdaryo tumani «Bodorjoy» MFY hududida joylashgan «Bahodir Yalangto‘shbiy» masjidi atrofidagi vaziyat yuzasidan ma’lumot berdi.
Samarqand viloyatidagi «Bahodir Yalangto‘shbiy» masjidi moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obekti hisoblanib, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari Milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 846-sonli qarori bilan Milliy ro‘yxatga kiritilgan.
Bahodir Yalangto‘shbiyning nomini abadiylashtirish maqsadida masjidga uning nomi berilgan.
«Bahodir Yalangto‘shbiy» masjidi XX asrning 20 yillarigacha masjid sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shu davrdan e’tiboran sobiq mustabid tuzum tomonidan diniy qadriyatlar toptalib, masjid faoliyati to‘xtatilgan va omborxonaga aylantirilgan. Mahalliy nuroniy oqsoqollar tomonidan og‘zaki ma’lumot berilishicha, qatag‘on yillari (1932–1938) oralig‘ida masjid binosiga o‘t ketgan va obekt o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Bugungi kunda obektning saqlanishi avariya holatiga kelib qolgan.
Ayni vaqtda tarixiy binoni saqlab qolish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Xususan, «Samarqand viloyatini 2022–2026 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi» tasdiqlangan bo‘lib, dasturning 2023 yilga mo‘ljallangan qismida «Bahodir Yalangto‘shbiy» masjidini restavratsiya qilish hamda Bahodir Yalangto‘shbiy shaxsi haqida kino olish belgilangan.
Samarqand madaniy meros boshqarmasi tomonidan «Bahodir Yalangto‘shbiy» masjidini restavratsiya qilish yuzasidan loyiha-taklifi ishlab chiqilib, Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etilgan.
Kelajakda «Bahodir Yalangto‘shbiy» masjidi binosidan turizm obekti sifatida foydalanish rejalashtirilgan.