Tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zLITIneftgaz” AJ, Davlat geologiya qo‘mitasi, “O‘zbekgeofizika” AJ va IGIRNIGM davlat muassasasi kabi korxonalarning mutaxassislari, shuningdek, quduqlarni burg‘ilash hamda qazib chiqarish boshqarmalarining mutaxassislari, muhandislar, geolog va geofiziklar ishtirok etishdi.
Dastlab “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 2022 yilning I choragida bajarilgan neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari, zaxiralarni ko‘paytirish, yangi maydonlarni burg‘ilashga kiritish hamda ularning kelgusi istiqbolli yo‘nalishlari, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularning yechimlariga doir takliflar batafsil muhokama qilindi.
2022 yilning o‘tgan davrida “O‘zbekneftgaz” AJ bo‘yicha 445 kv.km 3D seysmik-qidiruv ishlari bajarildi, “Cho‘lliota” maydoni burg‘ilashga kiritildi va jami 31,0 ming metr burg‘ilash ishlari olib borildi.
Buning natijasida “Niyoz” – yangi gazkondensat koni ochilishi bilan birgalikda 2,0 mlrd.m3 tabiiy gaz va 100 ming tonnadan ortiq suyuq uglevodorod zaxiralari ko‘paytirildi.
Tadbirda 2022 yilda “O‘zbekneftgaz” AJ va Davlat geologiya qo‘mitasi hamkorligida amalga oshirilayotgan neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari ko‘rib chiqildi.
Qo‘mita va uning tarkibidagi tashkilotlar bilan birga respublikada neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi belgilab olinganligi, Ustyurt mintaqasida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha yangi tadbirlarni loyihalashtirish, ularni maqsadli amalga oshirish, tabiiy gazning yangi konlarini ochish hamda qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash eng ustuvor vazifa ekanligi qayd etildi.
Ushbu maqsadlarda hozirda “O‘zbekneftgaz” AJning Ustyurtdagi boshqarmalarida joriy yil boshidan buyon 60 dan ortiq qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilganligi va ularga Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlarining yoshlari burg‘ilovchi, texnik, mexanik, muhandis yordamchisi sifatida ishga qabul qilinayotganligi qayd etildi.
Soha mutaxassislariga Ustyurt hududida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini yanada jadallashtirish uchun qo‘shimcha – texnik quvvatlari yuqori burg‘ilash uskunalarini jalb qilish va regiondagi 4500 metrdan ortiq chuqurlikdagi katta istiqbollarni o‘rganish hamda uglevodorod xomashyosi zaxiralarini keskin ko‘paytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Ustyurtda qo‘shimcha hududlarni o‘rganish va yangi maydonlarni topish, natijada respublika bo‘yicha neft va gazga istiqbolli strukturalar defitsitini bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-154 sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Geologiya fanlari universitetida “O‘zbekneftgaz” AJ homiylik mablag‘lari hisobidan neft va gaz yo‘nalishida yangi laboratoriya tashkil qilish va uni 1,0 mln dollarlik 13 turdagi uskuna va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga universitet va uning tarkibidagi institutlar bilan birgalikda 2022-2023 yillarda 19 ta ilmiy loyihalar bo‘yicha ishlarni tashkil qilish, ularda universitet o‘qituvchilari va talabalarning ishtiroki, kutilayotgan natijalar va ularning samaradorligi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilib, mas’ullarga zarur ko‘rsatmalar berildi.
Qarordagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ, Davlat geologiya qo‘mitasi va uning tarkibidagi tashkilotlar xodimlaridan iborat qo‘shma “Ishchi guruh” tashkil qilinib, mas’ullarning vazifalari aniq belgilab berildi.
Tadbir davomida Boshqaruv raisi burg‘ilash ishlari hamda uglevodorod qazib chiqarish jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham tanqidiy muhokama qilib, tegishli rahbar va mutaxassislarga ularni bartaraf etish, material-texnik resurslar ta’minotini tezkor hal qilish hamda qisqa muddatlarda tadbirlar samaradorligini keskin oshirish bo‘yicha ham zarur ko‘rsatmalar berdi.
Bundan tashqari, kelgusi besh yillikda “O‘zbekneftgaz” AJ bo‘yicha 10 200 kv.km.3D seysmik ishlarni bajarish, 100 dan ortiq yangi maydonlarni o‘zlashtirish, 950 ming metrdan ortiq burg‘ilash ishlarini bajarish, 310 dan ortiq quduqlarni qurilish bilan tugatish va natijada 180 mlrd m3 atrofida tabiiy gaz hamda 6,5 mln tonnadan ortiq suyuq uglevodorod zaxiralarini o‘stirish maqsad qilinganligini, ularni to‘liq bajarish eng asosiy vazifa ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Ustyurt, Qashqadaryo va Buxoro mintaqalaridagi yangi neft va gazga istiqbolli maydonlarni o‘zlashtirish, uglevodorodlarning yangi zaxiralarini aniqlash hamda ularni qazib chiqarishni samarali tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ