Attestatsiyadan o‘ta olmayotgan rus tili o‘qituvchilari: ularning shikoyatlari o‘rinlimi?

Jamiyat 15:05 / 07.04.2022 42230

Bu boradagi murojaatlar bizgacha yetib keldi va meni 2800 dan ortiq a’zoga ega rus tili o‘qituvchilari guruhiga qo‘shib qo‘yishdi. Chetdan kuzatib, o‘qituvchilarga savollar berib, vaziyat qanday va ular nimadan norozi ekanligini eshitdim, mas’ullardan ham tushuntirish oldim. Quyida shu haqda batafsilroq gaplashamiz. Barcha e’tirozlarga javob berilgan, erinmasdan o‘qib chiqing.

Ma’lum bo‘lishicha, mart oyining so‘nggi sanalarida milliy tilda o‘qitiladigan maktablarning rus tili fani o‘qituvchilari malaka toifalarini oshirish uchun o‘z ixtiyorlari bilan (pulli), attestatsiya muddati kelganlari esa toifasini saqlab qolish uchun (tekin) test sinovlari topshirishgan.

Pedagog kadrlar attestatsiyasi «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun, hukumatning 2021 yil 17 sentabrdagi «Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 572-sonli qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Sinov topshirayotgan o‘qituvchilar ikki bosqichda 100 ballgacha (eng kamida 55 ball) yig‘ishlari lozim. Pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi uchun 20 ballgacha maktabda qo‘yib beriladi. Qolgan 80 ballni olish uchun o‘quv fani bo‘yicha 1 soat ichida 40 savolga javob berib, malaka test sinovlaridan o‘tishadi.

O‘qituvchilar birinchi bosqichda o‘z maktablaridan turli ballar olib kelishgan. Hamma e’tiroz o‘tkazilayotgan ikkinchi bosqich test sinovlari bilan bog‘liq.

Asosiy e’tirozlar

O‘qituvchilarning to‘lib-toshib hikoya qilishlaricha, test savollari maktab dasturidan emas, Rossiyaning oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari bazasidan olingan va o‘ta murakkab tuzilgan. Savollar chalkash, jadval va grafiklar bilan berilgan, ayrim savollar chalg‘ituvchi, ularga ajratilgan vaqt (har bir savolga o‘rtacha bir yarim daqiqa) yetarli bo‘lmayapti.

Ayrim savollar chindan ham maktab dasturiga taalluqli emas. Jumladan, Maksim Gorkiyning nechta xotini bo‘lgani, Vladimir Visotskiy qaysi kinoga kuy bastalamagan, asosan Rossiya telekanallarida ko‘rsatiladigan filmlarga oid savollar uchraganini yozishmoqda.

O‘qituvchilar guruhida bu borada so‘rovnoma ham o‘tkazilgan va 92 foiz so‘ralganlar test savollarida xatolik borligi va aksariyat qismi maktab darsliklaridan tuzilmaganini tasdiqlashgan. 

Vaziyat shundayki, S1 xalqaro sertifikatiga ega bo‘lgan, Rossiyaning nufuzli oliygohlarida sinovdan o‘tgan, biroq sertifikati hali ro‘yxatga olinmagan o‘qituvchilar ham malaka test sinovlarini topshira olishmagan.

O‘qituvchilarning aksariyati 40 ta savoldan 20-24 tasiga to‘g‘ri javob berilganini texnik xato deb hisoblashmoqda. Ular sinov natijalari qayta ko‘rib chiqilishini, texnik xato bartaraf etilishini istashmoqda.

Chunki avvalroq, 25-26 mart kunlari tojik tili (boshlang‘ich), 29 mart kuni ona tili va adabiyoti test sinovlarida ballarni hisoblashda texnik xatolik sodir bo‘lgan va bu sinalganlarga ball qo‘shib berish bilan bartaraf etilgan. O‘z-o‘zidan, rus tili fanidan topshirganlar ham testda to‘plagan past ballarini texnik xatolik o‘laroq qabul qilishmoqda va to‘g‘rilanishini, ochig‘i, ball qo‘shib berilishini so‘rashmoqda.

Ko‘p yillik stajga ega bo‘lgan o‘qituvchilar stressga tushib qolgani, maktab jamoasi oldida yuzi shuvut bo‘lgani, asabiylashib, qon bosimi ko‘tarilgani, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, hattoki ayrim viloyatlarda o‘qituvchilar vafot etganini yozishmoqda.

«O‘tgan yili sinovda 87,5 ball olgandim. Toifa darajasini bosqichma-bosqich berishadi, deb aytishdi. Yana imtihonga kirib, 46 ball jamg‘aribman. Men kimning sharofati bilan bir yil ichida to‘nkaga aylanib qolganimni bilmoqchiman», — deb savol qo‘ygan o‘qituvchilardan biri Shahnoza Rahmatullayeva.

«Shuhratjon, bu vaziyatni jiddiy yoritishingizni iltimos qilamiz. Bunaqasi bo‘lgan emas. O‘tgan yili rus tili fanini rus sinflar uchun topshirgan edim. Hozirgidan ancha yuqori natija olganman. Yecholmagan savollarimga chindan ham bilmaganman, deya iqror bo‘lganman. Bu yilgi attestatsiyada milliy sinflarga rus tili o‘qituvchilari uchun savollar undan ancha qiyin. Qiyin bo‘lsa ham, yecholmasam xafa bo‘lmasdim , savollarning o‘zi g‘ashingizni keltiradigan darajada tushunarsiz va chalkash. O‘sha test savollarini tuzganlarni yig‘ib, shu testlarni yechib berishlarini talab qilaman. Bizga ma’naviy va ruhiy zarba berishdi. Qonun oldida javob berishsin», — deb yozadi yana bir o‘qituvchi Mohigul Habibullayeva.

«Hurmatli muxbir. Biz sizga suyangan holda yuragimizdagi dardlarimizni ochyapmiz. Endi bitta najotimiz sizdan. Hali attestatsiyaga kirmagan o‘qituvchilar topshirganlarning kayfiyatini ko‘rib ruhi tushyapti. Axir ustozlarga bo‘lgan hurmat, insonni xo‘rlash bundan ortiq bo‘lmasa kerak? Butun O‘zbekistonda biz rus tili o‘qituvchilari sharmanda bo‘ldik-ku? Test yechayotib, ustozlar kompyuter oldida jon beryapti, nahotki odamning qadri shunchalar past bo‘lsa?! Men ham 32 yillik ish tajribasiga ega birinchi toifali rus tili o‘qituvchisiman. Men ham pul to‘lab, navbatdan tashqari topshirgandim. Hamma qatori 42 ball+18=60 ball oldim. Oliyga o‘tolmadim. Nafaqaga 4 oy qoldi. Boshqa ustozlarning gaplariga qo‘shilgan holda, qayta attestatsiya qilishlarini so‘raymiz», — deb yozdi Nasiba Qo‘ziyeva. 

Nahotki hammasi o‘qituvchilar saviyasi bilan bog‘liq?

Test sinovlariga kirgan o‘qituvchilarning ayrimlari savollarni rasmga ham tushirib chiqishgan ekan. Ularning barchasini keltira olmayman: test savollarini tarqatish o‘rinli emas. O‘sha savollar guruhda muhokama qilina boshlandi.

Savollar to‘rt xil murakkablikda tuzilar ekan. Mening jurnalist ko‘zimga juda oson savol bo‘lib ko‘ringan quyidagi savolni ham ayrim rus tili o‘qituvchilari qiyin va chalg‘ituvchi savollar sirasiga kiritishdi.

Bu savolda uchinchi javob to‘g‘riligi qurollanmagan ko‘z bilan ko‘rinib turibdi. Va bu savolning javobini topishga ko‘pi bilan 10 soniya vaqt ketadi. Shunday deb aytib, ayrimlardan baloga qoldim.

Shu savolning to‘g‘ri javobi to‘rtinchi javob deb tortishgan, savolda «eksperimentalniy material» degan jumla borligi 4-javob to‘g‘riligiga dalolat bo‘ladi, degan o‘qituvchilar bo‘ldi. Chunki 4-javobda «material» degan so‘z qatnashgan ekan. Hayratdan yoqa ushladim! «Subbota»ni «shestnitsa» deydigan mana shunday o‘qituvchilar hamon bor ekan va ular bolalarimizga ta’lim berishmoqda. Testdan norozi bo‘lishmoqda: qiyinroq savollarni asti qo‘yavering endi!

Boz ustiga, guruhda o‘qituvchilar ijtimoiy tarmoqlar orqali XTV, Ta’lim inspeksiyasiga jamoaviy murojaatlar yo‘llashga qaror qilishdi. O‘sha murojaat matnini ham ochig‘i, o‘zim xatolardan tuzatib, tahrirlab berdim. Toki, xatolar o‘zlariga qarshi dastak bo‘lib qolmasligi uchun.

O‘z-o‘zidan, ayrim milliy tilda o‘qitiladigan maktablardagi rus tili fani o‘qituvchilarining saviyasi haminqadarmikan, degan xulosaga keladi kishi. Lekin butun respublika bo‘ylab o‘qituvchilarning darajasi shunday, degan xulosaga kelish qiyin. Chunki aksariyat ustozlar boshqa savollar chalg‘ituvchi edi, deyapti va bu hol o‘qituvchilarning ham e’tirozida jon borligidan dalolat berayotgandek. 

Inspeksiyadagilar nima deydi?

Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasida ishlovchilar ham bu gaplardan bezib qolishibdi. Inspeksiyaning apellyatsiya komissiyasida ishlovchi Rashid Tojiboyev o‘z Telegram-kanalida shunday yozadi:

«Hafta og‘ir o‘tdi.

Oldinlari oliy ma’lumotli o‘qituvchi oliy toifani olishi uchun 13 yil kerak bo‘lgan bo‘lsa, hozirda kamida 1,5 yil talab etiladi. Nafaqadagi, ko‘p yillik mehnat stajiga ega o‘qituvchilar, o‘quvchilari xalqaro olimpiadalari sovrindorlari, xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchilarga imtiyozlar berilgan.

Barcha fanlardan test formatlari (fan qamrovi, fan mazmuni, savollar turi, vaqt me’yorlari va baholash mezonlari) e’lon qilindi. Tayyorgarlik uchun namunaviy test savollari sinov rejimida joriy qilindi. Test savollari takomillashtirilib, o‘qituvchiga yangi bo‘lgan manbadan foydalanildi.

Lekin baribir malaka sinovidan o‘ta olmagan o‘qituvchilarning e’tirozlari to‘xtamayapti. 14 martdan beri apellyatsiya komissiyasida ishlayotgan bo‘lsam, o‘qituvchilar tomonidan turli tahdidlar, tamagirlik holatlari, pora taklif qilishlar, so‘kish va qarg‘ishlar bo‘lmoqda.

Test savollariga yangicha yondashilgani bois, darslikda isbotlab berish talab etilmoqda. Ta’lim inspeksiyasining saytidan shaxsiy nomerimni olib, ertalabgacha 30 martalab telefon qilish holatlari bo‘lmoqda. Barchasi bilan ZOOM orqali bog‘lanib, o‘zining savollar kitobi bilan tanishtirganimda, xatolarini ko‘rib, birdan unsiz bo‘lib qolmoqda.

Xullas, hujjat topshirgan 281 ming nafar o‘qituvchiga yoqishning imkoni bo‘lmayapti».

Ushbu masala bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasiga ham o‘qituvchilar tomonidan yangragan e’tirozlarga javob olish va boshqa savollar bilan murojaat qildik.

Inspeksiyaning matbuot kotibi Shavkat Xo‘jaqulovning ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda malaka toifasi berish jarayonini adolatli va shaffof tashkil etish uchun sinovlari real vaqt rejimida, barcha qulaylik, shart-sharoitlar yaratilgan, shuningdek, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlangan xonalarda onlayn tarzda o‘tkazilmoqda.

Toifani oshirish uchun faqat bilim, pedagogik mahorat, psixologik tayyorgarlik va faoliyat natijadorligi talab qilinadigan bo‘lgan. Bir toifadan keyingisiga o‘tishdagi 5 yillik muddat cheklovi olib tashlangan. O‘z ustida ishlaydigan va malakali o‘qituvchilar endi har yili ikki marta toifa sinovlarida ishtirok etishlari mumkin.

Sh.Xo‘jaqulovning aytishicha, bunday yangilikdan ayrim yoshi katta o‘qituvchilar norozi, yosh pedagoglar esa yangilikni to‘liq qo‘llab quvvatlashadi.

O‘zingiz o‘ylang, so‘nggi uch yilda 300 ming nafardan ziyod pedagog o‘z ixtiyori bilan muddatidan avval attestatsiyada ishtirok etish uchun ariza bilan murojaat qilgan. Natijada, shu davr ichida oliy toifali o‘qituvchilar 2 barobarga, birinchi toifalilari esa 1,5 barobarga oshgan. 

Xo‘sh, rus tili fani bo‘yicha savollarni kim tuzgan?

Savollarni inspeksiya jalb qilgan ekspert-o‘qituvchilar tuzishgan. Boshqa mustaqil ekspertlar esa ularni ekspertizadan o‘tkazishgan. Bu ekspertlar o‘tgan yillar davomida malaka sinovlarida yuqori natija ko‘rsatgan eng bilimli o‘qituvchilar orasidan tanlab olinar ekan.

Nazorat savollarini shakllantirishda asosan darsliklarga emas, davlat ta’lim standartlariga suyangan holda, pedagogning kompetentligini hamda pedagogik mahoratini ochib berishga e’tibor qaratilgan.

Test savollarini haqiqiy imtihon jarayonida ishlatish uchun, ekspertiza, aprobatsiya, validlik va ishonchlilik tahlillari kabi bir necha jarayonlardan o‘tkazilar ekan.

Savollar rus saytlaridan olingan, Rossiyadagi rus tili o‘qituvchilari uchun tuzilgan, maktab dasturida o‘tilayotgan mavzulardan yiroq, degan iddaoni ilgari surishmoqda, degan savolimizga inspeksiyaga test tuzish bo‘yicha ekspert sifatida jalb qilingan maktab o‘qituvchisi (shaxsi sir) javob berdi.

«Rossiyaning «Yedinyy gosudarstvennyy ekzamen» loyihasi o‘qituvchilar emas, balki bitiruvchi o‘quvchilar bilimini sinash maqsadida o‘tkaziladi. Malaka (test) sinovlarida savollar ushbu loyihadan olinmagan, yurtimizda amalda bo‘lgan davlat ta’lim standartlari asosida tuzilgan. Lekin misollar Rossiyaning uslubiy saytlaridan, rus yozuvchi va shoirlarining asarlaridan keltirilgan. Rus tili grammatikasidan test savollarini tuzishda ingliz, fransuz yoki amerikalik adiblarning asarlaridan foydalanmaslikni ma’qul ko‘rganman. Biroq dars o‘tishda o‘qituvchi o‘quvchi uchun qo‘shimcha manbalardan foydalana olishi zarur.

Test tuzishda amaldagi dasturlardan chetga chiqilmaganiga 100 foiz kafolat beraman. Ko‘pchilik rus tili (milliy maktablarda) o‘qituvchilarining e’tiroziga sabab bo‘lgan «Slojnyye predlojyeniya. Sintaksis slojnogo predlojyeniya. Slojnopodchinennyye, slojnosochinennyye, bessoyuznyye predlojyeniya» mavzulari asosida tuzilgan testlar bo‘ldi. Bu mavzular milliy maktabning 9-sinflari uchun mo‘ljallangan darsliklardan olingan. Misollar esa rus adiblarining asarlaridan olingan.

Amaldagi darsliklarda testologlarimiz tomonidan asos qilib olingan zamonaviy pedagogik texnologiyalar qo‘llanilgan, ammo ming afsuski, ba’zi pedagoglarimiz ularning darsliklarda borligidan xabari ham yo‘q. Ular o‘quvchilarga bilim berishda zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanishganda, attestatsiya testlarini yechishda qiynalmagan bo‘lishar edi.

Apellyatsiyaga ariza bergan aksariyat o‘qituvchilar bilan test savollarini tahlil qilganimizda, ular «shu misolni darslikdan topib, ko‘rsatib bering», deb talab qilishdi. Nahotki pedagoglarimiz unutib qo‘yishgan, darsliklardagi mashqlar, misollar o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan, attestatsiya esa o‘qituvchilar, oliy ma’lumotli mutaxassislarning bilim darajasini belgilaydi. Shunday ekan, misollar ham pedagog bilim darajasida bo‘lishi kerak. Grammatik qoidalar darslikdan, misollar rus adabiyoti asarlaridan olingan. Ulardan barcha foydalanadi: Rossiya ham, O‘zbekiston ham, boshqa davlatlar ham.

Bugungi pedagog tinmay o‘z ustida ishlashi, zamondan orqada qolmasligi uchun o‘z bilim, malaka va ko‘nikmasini oshirish maqsadida tinmay badiiy asarlar, uslubiy qo‘llanmalar, ensiklopedik nashrlar va fan va ta’limga oid saytlardagi manbalardan o‘qib-o‘rganib, doimo izlanishi shart. Pedagoglik — oson kasb emas. Shuni bilib tanlaganmiz. Biz bilim, ziyo tarqatuvchimiz. Hozirgi attestatsiya esa o‘qituvchilarni o‘z ustida ishlashga undaydigan, zarur payti majbur qiladigan yaxshi mexanizm, desa ham bo‘ladi», — degan test savollarini tuzgan o‘qituvchi. 

Test savollarining mavzusi qayerdadir avvaldan e’lon qilinganmi?

Sh.Xo‘jaqulovga ko‘ra, o‘tgan yildan boshlab, Ta’lim inspeksiyasi tomonidan barcha 33 ta umumta’lim fanlaridan test topshiriqlari formati (fan mazmuni tarkibi, savollar soni, topshiriqlar turi, vaqt me’yori) va baholash mezonlari e’lon qilindi.

Har yili malaka (test) sinovlari oldidan haqiqiy imtihon holatiga yaqinlashtirilgan, test topshiriqlari formatiga mos tarzda namunaviy savollar orqali o‘z bilimlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazish imkoniyati yaratilgan.

Nazorat savollarini shakllantirishda asosan darsliklarga emas, davlat ta’lim standartlariga suyangan holda, pedagogning kompetentligini hamda pedagogik mahoratini ochib berishga qaratilgan.

O‘tgan yilgi malaka sinov testlariga qaraganda bu yilgilari chindan ham murakkab deyilishiga asos bormi? Savollar murakkabmi yoki o‘qituvchilarning malakasi past?

Malaka sinovlarida ishtirok etgan ayrim pedagoglarimiz eskicha testlarga o‘rganib qolishganligi attestatsiya jarayonida sezilib qoldi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalarga asoslangan, moslashtirishni, mantiqiy qiyoslashni talab etuvchi yangi shakldagi testlarni og‘riqli qabul qilishdi. Barcha test savollari amaldagi ta’lim dasturiga muvofiq va Davlat ta’lim standartlari talablariga mos ravishda tuzilgan.

Ushbu fandan apellyatsiya jarayonida ishtirok etgan murojaatchilarga fan mutaxassisi tomonidan qayerda xato qilganligi tushuntirib berildi.

O‘ta olmagan o‘qituvchilarning barchasining malakasi past deyishdan yiroqmiz. Ular orasida ko‘p yillik stajga ega tajribali ustozlar ham bor. Shunchaki ularga yangicha metodikalar asosida o‘z ustilarida ishlash bo‘yicha yordam berish, seminarlar tashkil qilish zarur bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, Hukumat qaroriga asosan 2022 yil 1 sentabrdan boshlab chet tili fani o‘qituvchilari, shu jumladan rus tili (milliy maktablarda) fani o‘qituvchilari attestatsiyasi jarayonida o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini baholashni nazarda tutuvchi kasbiy sinov shaklida amalga oshiriladi. Sinovlarni yangicha tartibda o‘tkazish uchun ayni paytda ilg‘or xorijiy tajribalar o‘rganilmoqda.

Bunda S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega chet tili fani o‘qituvchilariga o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovidan maksimal ball berish tartibi saqlab qolinadi.

25-26 mart kunlari tojik tili (boshlang‘ich), 29 mart kuni ona tili va adabiyoti test sinovlarida ballarni hisoblashda texnik xatolik sodir bo‘lgan va ball qo‘shib berish bilan bartaraf etilgan. Rus tili fanidan topshirganlar ham testda to‘plagan past ballarini xuddi shunday texnik xatolik deb qabul qilishmoqda va to‘g‘rilanishini so‘rashmoqda. Bu borada texnik xatolik ro‘y berganmi?

Yo‘q, texnik xatolik faqatgina ushbu holatda kuzatilgan bo‘lib, bu bo‘yicha rasmiy bayonot ham berildi va yo‘l qo‘yilgan xato zudlik bilan bartaraf etildi.

Har bir fan bo‘yicha jarayonlarning to‘g‘ri tashkil etilishi muntazam monitoring qilib boriladi. Texnik xatoliklar aniqlanganda, pedagoglar e’tiroz bilan murojaat qilgan-qilmaganidan qat’i nazar, ularning yakuniy natijalari qayta hisoblanadi hamda bu bo‘yicha jamoatchilikka e’lon qilinadi.

Afsuski, ushbu bayonotlarni ayrim o‘qituvchilar noto‘g‘ri tushunishdi. Attestatsiyadan o‘ta olmagan ayrim pedagoglar Telegram ijtimoiy tarmog‘ida guruh tashkil qilgan holda hamkasblari o‘rtasida yuqori turuvchi tashkilotlarga ko‘proq ariza berilsa, deputatlarga, jurnalist va blogerlarga murojaat qilinsa, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘proq e’tirozlar bildirilsa, natijalar bekor bo‘lib, ball qo‘shib berilishi yoki qayta imtihon o‘tkazilishi mumkin, deya xato targ‘ibotlar olib borishmoqda. Hattoki blogerlar orqali e’tirozlarni e’lon qilish uchun pul yig‘ish takliflari ilgari surildi.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra ball qo‘shib berish yoki qayta sinovlar o‘tkazishga faqatgina xatolik yuz bergan holatdagina ruxsat beriladi. Rus tili bo‘yicha esa bunday xatolik kuzatilmagan.

Hozirgacha milliy tildagi maktablardagi rus tili o‘qituvchilarining necha nafari sinovdan o‘tdi va ularning qancha foizi muvaffaqiyatli topshirishdi?

Ta’lim tili rus tili bo‘lmagan umumta’lim muassasalar (sinflar)da faoliyat yuritayotgan kamida S1 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega 3600 nafar rus tili fani o‘qituvchilariga 2022 yilning birinchi yarmida o‘tkazilayotgan malaka (test) sinovlariga jalb qilinmasdan eng yuqori ball berildi. Sertifikatini attestatsiya hujjat topshirish yakunlanganidan keyin olgan pedagoglarda esa 2022 yilning ikkinchi yarmida attestatsiyada ishtirok etmasdan toifa olish imkoniyati mavjud.

Joriy yilda ta’lim tili rus tili bo‘lmagan maktab o‘qituvchilari uchun o‘tkazilayotgan malaka (test) sinovlarida ushbu sertifikatni ola olmagan yoki hali olishga ulgurmagan 9391 nafar o‘qituvchi jalb qilingan. Test sinovlari natijasiga ko‘ra, respublika bo‘yicha o‘rtacha ball 40 ballni (80 ballga nisbatan) tashkil etgan.

C1 darajadagi xalqaro va milliy sertifikati bor pedagoglarimiz bilan qo‘shib hisoblanganda jami 4786 nafar (36,84 foiz) pedagoglar toifasini oshirgan, 1187 nafar (9,14 foiz) pedagog toifasini saqlagan va 7018 nafar (54,02 foiz) pedagog salbiy natija qayd etgan.

(Alohida e’tibor berishingizni istardim: S1 sertifikati egalari chiqarib tashlansa, 9391 nafar o‘qituvchidan 7018 nafari — ya’ni 75 foizi testdan o‘ta olishmagan — Sh.Sh.)

C1 darajadagi xalqaro va milliy sertifikatisiz o‘qituvchilar kesimida tahlil qilinganda 2373 nafar (25 foiz) pedagog ijobiy natija qayd etgan. Toifasini oshirib olganlarning maoshi ham ko‘tariladi. 

Muvaffaqiyatsiz topshirgan o‘qituvchilarni nima kutadi?

Salbiy natija qayd etgan pedagoglarning 70 foizi navbatdan tashqari o‘z ixtiyori bilan attestatsiyada ishtirok etgan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 572-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 7-bandiga asosan ularga nisbatan salbiy qaror chiqarilmaydi hamda ular amaldagi toifasi bo‘yicha maosh oladilar.

Agar majburiy (har 5 yilda bir marotaba bo‘ladigan) attestatsiyada pedagog salbiy natija qayd etsa, toifasi bir pog‘ona pasayadi va maoshi ham toifaga mos tarzda kamayadi.

Mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, ish beruvchi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega. Bu qoida faqatgina mutaxassis toifasidagilarga tegishli, ya’ni ikkinchi, birinchi va oliy toifali o‘qituvchilar toifasi pasaygani ishdan bo‘shatishga asos bo‘lmaydi. 

O‘qituvchilarga malaka sinovlarini qayta topshirishlariga imkoniyat beriladimi?

Ha, albatta, ko‘p sonli o‘qituvchilarning talablariga asosan 2022 yildan boshlab attestatsiya jarayonlari har yilda ikki marotaba o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Qayta ishtirok etish uchun Ta’lim inspeksiya veb-sayti yoki Davlat xizmatlari markazi, yo bo‘lmasam yagona davlat interaktiv xizmatlari portal orqali murojaat qilishlari mumkin. Hech qanday cheklov yo‘q. Yuqorida ta’kidlanganidek navbatdan tashqari, o‘z ixtiyori bilan attestatsiyada ishtirok etishmoqchi bo‘lishsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari (270 ming so‘m) miqdorida haq to‘lashadi.

Malaka (test) sinovlarini topshirgan o‘qituvchilarning apellyatsiyasi qay tartibda ko‘rib chiqiladi?

Attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan pedagog kadrlar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab o‘n kun mobaynida apellyatsiya komissiyasiga yozma ravishda ariza (shikoyat) berishlari mumkin.

Apellyatsiya komissiyasi attestatsiya boshlangandan keyin o‘n kun ichida Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘ining buyrug‘iga ko‘ra har bir ta’lim turi bo‘yicha yetti kishidan iborat tarkibda tuziladi.

Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish yozma ravishda yoki Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-sayti orqali elektron tarzda amalga oshiriladi.

Murojaat etuvchi pedagog kadrlar apellyatsiya komissiyasi tomonidan murojaati ko‘rib chiqilishi jarayonida bevosita yoki masofadan turib onlayn tarzda ishtirok etishi mumkin.

Apellyatsiya komissiyasi pedagog kadrning attestatsiya jarayonlariga oid murojaatini ko‘rib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

  • pedagog kadrning to‘g‘ri baholanganligi, o‘quv fani bo‘yicha test va malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar, shuningdek, sinovlarni o‘tkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, attestatsiya natijalarini o‘zgartirishsiz qoldirish;
  • pedagog kadrning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi noto‘g‘ri baholanganligi, o‘quv fani bo‘yicha test yoki malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, attestatsiya natijalarini o‘zgartirish;
  • o‘quv fani bo‘yicha test yoki malaka sinovlarini o‘tkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, test sinovlarining qaytadan topshirilishini tashkil etish.

Apellyatsiya komissiyasi qarori nusxasi murojaat etuvchi pedagog kadrga apellyatsiya komissiyasi qarori chiqqan kundan e’tiboran besh kun muddatda taqdim etiladi. 

O‘qituvchilarga savollarga noto‘g‘ri javob berganini ko‘rsatib berishning texnik imkoniyati bormi?

Umuman, ariza bilan murojaat qilgan pedagoglarga test tuzgan ekspertlar ishtirokida test savollarida yo‘l qo‘ygan xatolari ko‘rsatib berilmoqda. E’tirozlariga javob qaytarilmoqda. O‘zlari bajargan test savollari va belgilangan javoblari taqdim etilmoqda.

Biroq testni yakunlashlari bilan ekranda natija ko‘ringandan o‘sha zahoti qaysi savolga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri javob berganini ko‘rsatish imkoniyati yo‘q. Sababi ayrim fanlar bo‘yicha test sinovlari bir necha kun davom etadi va testlar xavfsizligini ta’minlash muhim. Bundan tashqari, xatolarni ko‘rish ko‘proq vaqt olishi navbatda turgan boshqa pedagoglarga noqulaylik tug‘diradi.

Tajribada ko‘rdikki, murojaat bilan murojaat qilgan pedagoglar qo‘liga test savollarini berganimizda test javoblarida xato borligini ta’kidlashadi. Ekspert tushuntirib berganidan keyingina xatolarini anglab yetishadi.  

So‘ngso‘z o‘rnida

Nima ham derdik, rus tili fani uchun test savollarini tuzgan o‘qituvchi bilvosita savollar murakkab ekanini tan olgan va milliy tilda o‘qitiluvchi maktablarning rus tili o‘qituvchilari bilan Rossiyadagi maktab o‘qituvchilari saviyasi o‘rtasida farq bo‘lmasligi kerak, degan maksimalistik qarashga ega ekanini ko‘rsatgan.

Savollarning chalkash, mantiqiy fikrlashga qarab tuzilgani ham test yechishga ajratilgan 1 soat yetarli emas, degan xulosani beradi. Chunki o‘qituvchilarning ko‘pchiligiga savolni o‘qib tushunib, anglab olguncha vaqt ham yetmay qolgan. Shu sababli ularning har to‘rtovidan uch nafari testdan o‘ta olmagan. O‘zbek tilidagi maktablarning rus tili o‘qituvchilarining ham aksariyati o‘zbeklardir. Ya’ni, rus tili baribir ular uchun ona tili emas. Shu jihati unutilgan.

Bu hol e’tiroz bildirayotgan maktab o‘qituvchilari qisman haq ekanini anglatadi. To‘g‘risini tan olish kerak, Toshkent, Samarqand va Navoiy kabi shaharlarda rus tili o‘qituvchilarining malakasi yuqoriroq, chunki bu shaharlarda rus tili hamon muomalada, ya’ni darsdan tashqari ko‘chadagi muloqot asnosida ham olingan bilim mustahkamlanib boradi. Lekin viloyatlarda bunday emas. O‘z-o‘zidan viloyatlardagi o‘qituvchilarga bunday baland «planka» qo‘yish o‘zini oqlamasligi tayin.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: