Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan AT “Aloqa bank” viloyat filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruvda, bankning Samarqand “Sharq” kompleks xizmatlar ko‘rsatish markazi sobiq bosh menejyeri Sh.N. 2021 yil davomida bankka kredit so‘rab murojaat qilmagan 8 nafar fuqaroning nomiga soxta hujjatlar asosida jami 156,3 million so‘m iste’mol kreditini rasmiylashtirib, talon-toroj qilgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoda «Xalq banki» Uzun filiali sayyor kassiri 278 nafar fuqaroning pensiya va nafaqa pullarini soxta imzo qo‘yib o‘zlashtirgan va pullarning bir qismini onlayn qimor o‘yiniga tikib yuborgani aniqlangandi.