Rossiya hukumati mamlakatdagi muhim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish choralari doirasida 2022 yilning 1 aprelidan 31 avgustigacha kungaboqar va kolza urug‘larini eksport qilishga vaqtinchalik taqiq joriy qildi.
Qayd etilishicha, kungaboqar va kolza eksportiga qo‘yilgan cheklovlar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirgan mamlakatlarga nisbatan tatbiq qilinmaydi. Shuningdek, bu mahsulotlarni ikki tomonlama hukumatlararo shartnomalar asosida eksport qilish ham mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, 15 apreldan 31 avgustgacha Rossiyadan kungaboqar yog‘i eksportiga ham 1,5 million tonnalik kvota joriy qilinadi. Avvalroq kungaboqar yog‘i eksporti uchun boj 1 apreldan 313 dollargacha oshirilishi ma’lum qilingandi.
Shunga o‘xshash cheklovlar Ukraina hukumati tomonidan ham joriy qilingan bo‘lib, kungaboqar yog‘i eksporti mamlakat Iqtisodiyot vazirligining tegishli ruxsatnomasi bilangina amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu mamlakatlardagi eksport taqiqlari O‘zbekiston ichki bozoriga qanday ta’sir qilishi mumkin?
O‘zbekiston o‘simlik moyini qaysi davlatlardan import qiladi?
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekistonga 313,6 mln dollarlik (2020 yilga nisbatan o‘sish – 21,6 foiz) o‘simlik moyi import qilingan. Bu umumiy oziq-ovqat mahsulotlari importida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan ikkinchi turdagi mahsulot (bug‘doy va un mahsulotlaridan keyin) hisoblanadi.
2021 yilda import qilingan o‘simlik moyining asosiy geografiyasi quyidagicha:
- Rossiya – 207,6 mln dollarlik import, 66,1 foiz;
- Qozog‘iston – 79,5 mln dollarlik import, 25,3 foiz;
- Ukraina – 8 mln dollarlik import, 2,55 foiz.
Ko‘rinib turibdiki, Rossiya va Qozog‘istondagi vaziyat O‘zbekiston ichki bozorini o‘simlik yog‘i bilan ta’minlashda juda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston ichki bozorining o‘simlik yog‘i importiga bog‘liqlik darajasi
“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, o‘simlik yog‘iga bo‘lgan ichki talabning 40 foizdan ko‘proq qismi import mahsulotlar hisobiga ta’minlanadi.
“O‘zbekistonga kungaboqar xomashyosi asosan Qozog‘istondan olib kelinadi. Joriy yilning dastlabki 3 oyidagi ko‘rsatkichga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Qozog‘istondan import 90 foizdan ortiqroqni tashkil qiladi. Ya’ni 1 apreldan Rossiya tomonidan joriy qilingan taqiqning bizdagi ishlab chiqarish jarayoniga deyarli ta’siri mavjud emas.
Qozog‘istondan xomashyo importida yuzaga kelgan kichik muammolar hal qilindi, qo‘shnilarmiz bilan kelishgan holda hamkorlikni davom ettiryapmiz. Bizdan farqli o‘laroq, Qozog‘istonda xomashyo ko‘p yetishtiriladi, ammo ishlab chiqarish quvvati u qadar yuqori emas.
Import qilinadigan tayyor o‘simlik yog‘ining uchdan ikki qismi esa Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Hozir Rossiyaning o‘zida ham o‘simlik yog‘i sezilarli darajada qimmatlashgan, narxlar oshishi butun dunyo bo‘ylab sodir bo‘lmoqda”, – deyiladi “O‘zyog‘moysanoat” axborotida.
Ta’kidlanishicha, hozirda O‘zbekistonda 500ga yaqin yog‘-moy ishlab chiqaradigan zavodlari bor. Shulardan 100dan ortig‘i “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi tarkibiga kiradi. 2021 yilda umumiy hisobda 271 ming tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqarilgan. Uyushma hisob-kitoblariga ko‘ra, ichki bozorning bir yillik ehtiyoji 460 ming tonnani tashkil etadi. O‘tgan yilda xorijdan 200 ming tonnadan oshiqroq miqdorda o‘simlik moyi importi amalga oshirilgan.
“Paxta yog‘i ishlab chiqarish uchun kerak bo‘ladigan xomashyo esa to‘liq o‘zimizda yetishtiriladi. Bu yerda importga qaramlik mavjud emas”, deya Kun.uz'ga ma’lum qildi “O‘zyog‘moysanoat”.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 1-choragida ham katta hajmda kungaboqar yog‘i xomashyosi yetishtiradigan davlatlarda hosildorlik kamayishi va eksport qilishdagi muammolar sabab O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxi keskin qimmatlab ketgandi. Shundan so‘ng narxni barqaror saqlash maqsadida ushbu mahsulot importi vaqtincha QQSdan ozod qilingan. Soliq imtiyozlari 2022 yil 30 aprelgacha davom etadi. Bu muddatni uzaytirish borasida hozircha yangiliklar yo‘q.
Kungaboqar yog‘i ishlab chiqaruvchi asosiy davlatlar
Oxirgi yillardagi statistik ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, Ukraina va Rossiya kungaboqar yetishtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham, kungaboqar yog‘i eksporti bo‘yicha ham global miqyosida yetakchi hisoblanadi. Ba’zi manbalarda kungaboqar yog‘i eksportining qariyb 80 foizi Ukraina va Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelishi aytilgan. Ushbu mamlakatlardagi notinchliklar va tashqi savdoga qo‘yilgan cheklovlar bevosita jahon bozoridagi narxlarga ham bosim qilmoqda.
Ukraina bilan urushdan oldin ham Rossiyada kungaboqar eksportini butunlay taqiqlash yoki kvota belgilash bo‘yicha rejalar bo‘lgan. Bundan mamlakatdagi qayta ishlash quvvatlaridan sezilarli darajada foydalanilmaslik oqibatida zavodlar ish faoliyati to‘xtayotgani (tayyor mahsulotga nisbatan xomashyo importi ulushi yildan yilga oshayotgani hisobiga) va tashqi bozorlarda tayyor mahsulot bahosi qimmatlashishiga erishish (tabiiyki asosiy xomashyo yetkazib beruvchi davlatlardan birida cheklovlar kiritilishi boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarish hajmini kamaytiradi) maqsadlari ko‘zlangan.
Nega O‘zbekiston o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish uchun zarur xomashyoni o‘zi yetishtirmaydi?
“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari Qamar Serkayevning Kun.uz'ga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kungaboqar yetishtirish iqlimiy omillar sabab kutilgan iqtisodiy samarani bermaydi.
“Moyli o‘simliklarni yetishtiradigan mintaqalar bor, masalan, har qancha harakat qilib palma yetishtiramiz desak ham bizning mintaqada palma o‘smaydi. Moyli ekinlar ham shunaqa. Iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda moyli o‘simliklarni yetishtirishdan olinadigan samaradorlik Rossiya, Ukraina yoki Polshadagidek bo‘lmaydi. Bizdagi hosildorlik kam chiqadi.
Ikkinchi faktor bu – hosil ichidagi moy saqlami hisoblanadi. Masalan, O‘zbekiston sharoitida kunjut moydorligi 50 foizga yetsa, Ukrainada 60 foizgacha. O‘zbekistonda yetishtiriladigan kungaboqarning moy saqlami 27–30 foizgacha (eng yuqori), Rossiyada 48 foizgacha, Ukrainada 50 foizdan oshiqroq. Shuningdek, ularning bir gektardan oladigan hosili o‘rtacha 35–40 sentner, bizda 15 sentner. O‘zbekistonda moyli o‘simliklarni yetishtirish iqtisodiy samarasiz bo‘lsa, uni ekishga majburlash kerak emas”, – deya tushuntirgandi Qamar Serkayev.
O‘zbekistonning Ukrainadan importi juda kam ulushga ega ekani, Rossiya tomonidan kiritilgan kvota cheklovlari bo‘yicha hali aniq ma’lumotlar mavjud emasligini hisobga olsak, ichki bozorda o‘simlik yog‘i narxlari qanday o‘zgarishini aniq prognoz qilish qiyin. Ammo yillik nisbatda qaraydigan bo‘lsak ham, qariyb bir yil davomida import qilishda QQSdan ozod qilingan kungaboqar yog‘ining inflatsiya darajasi 26,9 foizni tashkil etmoqda.