“Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir ekan” - ko‘zi ojiz holida 7-8 kishini ish bilan ta’minlagan tadbirkor

Jamiyat 15:25 / 06.04.2022 37777

Urgutlik tadbirkor Feruz Baratov Kun.uz bilan suhbatda ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan dastlabki yillar, o‘zgalarga qaramlik va yonib yashashga topilgan ishtiyoq haqida gapirib berdi.

Feruz 2007 yilda aksariyat tengdoshlari qatori Rossiyaga ishlash uchun boradi. Bir necha yil ishlab, ota-onasiga pul jo‘natib turadi.

U 2012 yillarda boshida kuchli og‘riq turgani, burnidan qon kelganini eslaydi. “Kuchli shamollashning belgilari bor edi. Shundan so‘ng bu holat tez-tez takrorlanib turdi. Ochig‘i, boshqa sabab ko‘rsata olmayman, chunki hech qanday zarba olmagandim, yiqilmagandim. O‘zimcha davolanib yurdim. 2015 yilda O‘zbekistonga butunlay qaytib keldim va oila qurdim”, – deydi u.

To‘ydan bir muddat o‘tib, Feruz ko‘zi xiralasha boshlaganini sezadi. Shifokorlarga ko‘rinadi, chuqur tekshiruvlardan o‘tadi. 2016 yilning yanvarida Toshkentda operatsiya o‘tkaziladi.

“Operatsiyadan chiqqanimdan so‘ng ko‘zim ko‘rmay qoldi. Tasavvur qiling, ko‘zingizni bog‘lab qo‘yishsa, qancha vaqt tura olasiz. Nimani his qilasiz? Asosiysi bilasizki, ma’lum vaqtdan so‘ng ko‘zingizdagi bog‘ichni yechib yuborishadi va siz yana ko‘ra boshlaysiz. Menda unaqa bo‘lmadi...” deydi Feruz.

Vaqt o‘tgani sari shifokorlar unga o‘zlari bilgan haqiqatni singdirib borishadi. U butunlay ko‘rmay qoladi.

Bu orada farzandlari dunyoga keladi.

“Ularni erkalardim. Men go‘daklikdayoq ko‘zi ojiz bo‘lib tug‘ilganimda, balki sinovim boshqacharoq bo‘lishi mumkin edi. Bolalarimni ko‘rolmasligim juda alam qilardi.

Ota-onam, ukam ko‘chadan uyga kirar ekan, farzandlarimga shirinlik olib kelardi. Shunda o‘yladim, nahotki men ularga mehnat qilib, nimadir olib kelish baxtidan mahrumman? Bir umr mehnat qilib, nonini o‘zi topib yurgan odam uchun bu og‘ir sinov ekan. Farzandlarim uchun nimadir qilishim kerak, degan qarorga keldim. To‘g‘ri, hozir yaqinlarimga malol kelmayotgandirman, ammo bolalarim kelajagi uchun ham o‘zim ishlashim kerakligi haqida ko‘p o‘yladim”, deydi qahramonimiz.

Urgutda milliy hunarmandchilik ancha rivojlangan. Feruz Baratov turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda ko‘rpa-ko‘rpacha, yostiq tikishni yo‘lga qo‘yadi.

Feruzning aytishicha, avval hech qachon bu hunar bilan shug‘ullanib ko‘rmagan. Odam qilgan ishni odam qilarkan, deydi u. Dastlab ayoli bilan birgalikda buyurtma asosida ko‘rpa-ko‘rpacha tikib berishgan bo‘lsa, keyinchalik o‘zlari istiqomat qiladigan Chag‘izmon mahallasidagi bir qancha xotin-qizlarni ish bilan ta’minlaydi.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan mahalladagi bir qancha ayollar ko‘rpa-ko‘rpacha tikishni “oilada farzandlar tarbiyasi va ro‘zg‘or yumushlariga xalal bermagan holda daromad qilish imkoniyati” deb ta’riflashdi.

“Har bitta qavib berilgan ko‘rpacha uchun 10-15 ming so‘mdan olyapman. Bu ish yosh bolali va nafaqadagi ayollar uchun ayniqsa qulay. Nafaqaga chiqqaningizdan keyin zerikib qolarkansiz. Mehnat qilib, oilaga qo‘shimcha daromad keltirishga nima yetsin. Feruzjon baraka topsin, birga ishlayotganimizga olti oydan oshdi. Kelinim ham shu ish bilan band”, deydi Nazokat Sattorova.

Hozirgi vaqtda mahallada yetti-sakkiz nafar xotin-qizlar Feruz boshlagan ish ortidan daromadga ega bo‘lyapti. Ko‘rpa-ko‘rpachalar odatda buyurtma asosida choyxona va to‘y marosimlari uchun tayyorlab berilmoqda.

“Yaratganga shukur, yana mehnat qila boshladim. Orzu qilganimdek, farzandlarim uchun ota bo‘lib non topib keldim. Ularni yoqtirgan shirinliklari, o‘yinchoqlari bilan siyladim.

Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir deyishadi. Ko‘zlarim ko‘rmasligi foydamga xizmat qila boshladi. Qo‘lim mehnatdan qo‘rqmaydi...” deydi Feruz.

U qayta-qayta shukrona keltirib, sinovlardan olingan ijobiy xulosasini aytib o‘tdi.

“Men hozir ko‘rman, demayman. Avval ko‘r bo‘lgan ekanman. Sababi oilani, ota-onani, yaqinlarni, saodatli kunlarni qadriga ko‘pincha yetmas ekanmiz. Hamma narsa ko‘chada, oshna-og‘aynigarchilik, o‘ynab-kulish deb o‘ylarkanmiz. Ko‘p vaqtimiz maqsadsiz sarflanarkan. Demak, men endi ko‘ryapman, ko‘zim ko‘r bo‘lgach, asl ko‘zim ochildi”, – dedi Feruz Baratov.

Sinovli dunyo, deyishadi. Ba’zan savdolar kimnidir butunlay sindirib tashlasa, kimdir najot axtaradi, umidini uzmaydi. Intiladi va yashashga kuch, maqsad topa biladi. Chiroyli va xayrli yashashni o‘rganadi. Feruz bilan suhbatlasha turib, u xuddi shu yo‘ldan borganiga amin bo‘ldik.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: