Jizzaxda sobiq sevgilisiga tegishli videolarni internetda tarqatish bilan qo‘rqitib, pul talab qilgan yigit ushlandi

Jamiyat 22:12 / 06.04.2022 14662

IIV huzuridagi tergov departamentining xabar berishicha, 2022 yil yil 19 mart kuni Jizzax shahrida yashovchi 23 yoshli qiz I.N. shahar IIB boshlig‘ining nomiga ariza bilan murojaat qilgan va tovlamachilik qilayotgan yigitga chora ko‘rishni so‘ragan.

Uning o‘z arizasiga ko‘ra, Toshkent viloyati Piskent tumanida yashovchi sobiq yigiti, 23 yoshli A.J. qizning sir saqlanishi lozim bo‘lgan videotasvirlarini internet orqali tarqatib, yaqin qarindoshlariga ko‘rsatishini ro‘kach qilib, ushbu ma’lumotlarni oshkor qilish bilan uni qo‘rqitgan.

So‘ngra ma’lumotlarni oshkor qilmaslik evaziga undan 400 dollar miqdoridagi pullarni berishni talab qilgan.

Mazkur ariza yuzasidan Jizzax shahar IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-tadbir davomida A.J. arizachidan videotasvirlarini internetda oshkor qilmasligi uchun so‘ralgan 400 dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksning 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Surxondaryoda fuqaroning videolarini internetda tarqatish bilan qo‘rqitib, 1000 dollar talab qilgan shaxs ushlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: