Prezident kelgusi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Eng avvalo, maktab o‘qituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash bo‘yicha umummilliy loyiha boshlanadi.
Ushbu yangi tizim doirasida kelgusi 3-4 yilda maktablardagi barcha sinf o‘qituvchilari yangi metodika asosida o‘qitiladi. Buning uchun:
- 1 iyunga qadar har bir hududdagi Malaka oshirish markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy ta’lim markazlari tashkil etiladi;
- ushbu markazlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya, IT kabi aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha xorijdan eng malakali mutaxassislar jalb qilinadi;
- xorijiy mutaxassislar yordamida oliygoh, milliy ta’lim markazlari va mobil guruhlarning muallimlaridan iborat har bir viloyat kesimida «trenerlar guruhlari» shakllantiriladi;
- mazkur trenerlar esa joylarda maktab o‘qituvchilarining bevosita malakasini oshirib boradi. Ularning oylik ish haqiga 100 foizgacha ustamalar to‘lanadi.
Yuqoridagi yangi tizimlarni joriy qilish uchun 100 million dollar qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi.
Prezident bu borada Qoraqalpog‘iston va Samarqand tajribasini ko‘rsatib o‘tdi.
Misol uchun, Qoraqalpog‘istondagi mobil guruhlar bir oy davomida joyida muallimlarni o‘qitgani natijasida ularning bilim va ko‘nikmalari 15 foizga yaxshilangan.
Samarqandda 420 nafar ilg‘or pedagoglar tanlab olinib, mobil guruhlar viloyatning 9 ming nafar o‘qituvchilar malakasini oshirishni boshlagan.
Avloniy instituti Respublika milliy ta’lim markazi sifatida qayta tashkil etiladi va Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan yagona tizimga aylantiriladi.
Umuman, yangi metodikalarga o‘qitish tizimi Milliy ta’lim markazi va Toshkent davlat pedagogika universitetidan boshlanadi.
Universitet Xalq ta’limi vazirligi tarkibiga o‘tadi, maktab o‘qituvchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha respublikadagi tayanch muassasaga aylantiriladi.
Hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagogika oliygohlari bosqichma-bosqich universitetlar tarkibidan alohida ajratib chiqariladi va mustaqil ta’lim dargohiga aylantiriladi.
Yig‘ilishda o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashini rag‘batlantirish orqali ta’lim sifatini keskin oshirish mumkinligi alohida qayd etildi.
Misol uchun, o‘tgan yili xalqaro sertifikatni olgan chet tili o‘qituvchilarini rag‘batlantirish tizimi joriy qilingani natijasida Navoiy, Namangan va Surxondaryoda malakali o‘qituvchilar sezilarli darajada oshgan.
Mutasaddilarga bu tajribani yangi o‘quv yilidan boshlab matematika, kimyo, fizika, biologiya va axborot texnologiyalari fanlariga ham joriy etish topshirildi.