Sog‘liqni saqlash vazirligining Qashqadaryo viloyatidagi sayyor tibbiy qabullari davom etmoqda. Hududda mobil poliklinikalar, mammografiya va flyurografiya uskunalari o‘rnatilgan maxsus avtomashinalar aholiga kun davomida tibbiy xizmat ko‘rsatyapti.
Mazkur qabullarda ishtirok etib, murojaati qondirilgan bemorlardan biri Xudoyberdi Xudoyniyozov orqa miya o‘simtasi sabab 1,5 yildan buyon nogironlik aravachasiga mixlangan edi.
“Orqa miyamdagi o‘simta sabab bir yarim yildan beri aravachaga mixlanib qolgandim. Boshqalar yordamisiz yurolmasang, og‘ir ekan. Bugun mutaxassislar ko‘rigidan so‘ng poytaxtdagi Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yo‘llanma oldim. Yana hayotga ishonchim oshdi”,- deydi u.
Sayyor qabullar davomida ma’lum bo‘lishicha, bemorlarning ko‘pchiligi o‘t qopi xastaliklari bilan murojaat qilishgan. Shunday murojaatchilardan biri 43 yoshli Nargiza Qodirova ham o‘t qopida tosh borligidan aziyat chekadi. Ammo cho‘l hududida istiqomat qilishi sababli kasallik xuruj qilganda tibbiy punktga yetib borishga qiynaladi.
Nargiza Qodirova Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan sayyor qabullar jarayonidagi tibbiy ko‘rikda tekshiruvlardan o‘tib Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida davolanish uchun orderga ega bo‘lganini aytadi:
“Cho‘l hududida yashaymiz, tibbiy punktimiz ham uzoqda joylashgan. Kunlarning birida o‘t qopimda kuchli og‘riq turdi. Shifokor yetib kelgunicha ko‘p qiynaldim. Mutaxassis menga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatdi. Operatsiya qilinmasa, o‘t qopi yorilib ketishi mumkinligini aytganidan so‘ng ko‘nglimga g‘ulg‘ula tushdi. Bugun tibbiy ko‘rikka kelib, tekshiruvlardan o‘tdim. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida davolanadigan bo‘ldim. Endi ko‘nglim xotirjam...”.
Tibbiy ko‘rikda bolalar salomatligiga ham e’tibor qaratildi. Poytaxtdan borgan mutaxassislar barcha bemor bolalarni tekshiruvdan o‘tkazib, davolanish uchun Respublika bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, Bolalar milliy tibbiyot markazida davo muolajalarini olish uchun yo‘llanmalar berildi.
Qashqadaryo viloyatida o‘tayotgan sayyor tibbiy qabullarda bir hafta davomida qariyb 8200 nafar bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 1268 nafari operativ davoga muhtoj deb topilib, 544 nafari respublika , 610 nafari viloyatda, 19 nafari tuman darajasida operatsiya qilinishi belgilandi. Shu kunga qadar 95 ta yuqori texnologik operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati