Prezident Shavkat Mirziyoyev seshanba kungi videoselektor yig‘ilishida viloyat hokimlariga yuqori koeffitsiyentli 120 ta maktabda o‘qish sharoitini yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.
Ular 1 avgustga qadar 960 ta maktabni kompyuter sinfi bilan ta’minlash, 740 tasini jihozlash ishlarini yakunlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, 5,5 mingta kompyuter sinflarini yangilash bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.
Bunga respublika budjetidan 200 milliard so‘m, mahalliy budjetlardan ham 200 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Mutasaddilarga yangi o‘quv yilidan boshlab kichik maktablarda internet tezligini sekundiga 40 Megabit, katta maktablarda esa kamida 100 Megabit bo‘lishini ta’minlash, maktablar uchun alohida imtiyozli tariflarni tasdiqlash topshirildi.
Shuningdek, davlat rahbari maktablardagi tarbiya masalasiga to‘xtaldi.
«Maktablarda davlatdan maosh oladigan 15 mingga yaqin ma’naviyatchilar bor.
Lekin, o‘quvchilarning tarbiyasi, Vatanga muhabbat yoki ota-onaga hurmat ruhini shakllantirishda, aytingchi, qaysi tuman maktabi namuna bo‘ldi? Hali bunday maktablar yo‘q. Qani maktab siyosati?» deya savol qo‘ydi davlat rahbari.
Shu munosabat bilan bir oy muddatda «qizil» toifaga kirgan 1 ming 526 ta maktabni joyida o‘rganib, har biri bo‘yicha alohida yo‘l xaritalarini tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.
Maktablarda ma’naviy muhitni tubdan yaxshilash bo‘yicha mutlaqo yangi konsepsiya ishlab chiqiladi. Unda:
- eng avvalo, o‘quvchilarda yoshligidan o‘zining mahallasi va qishlog‘i hayotiga befarq bo‘lmaslik hamda Vatanga muhabbat;
- oila, ota-ona va ustozlarga hurmat;
- ilm va bilim, harakat va intilish orqali katta marralarni egallash mumkinligini tushuntirish hamda zamonamiz qahramonlarining bosib o‘tgan yo‘llarini keng targ‘ib qilish nazarda tutilishi kerak.
Maktablardagi ma’naviyatchilarga talablarni qayta ko‘rib chiqib, bu lavozimni mahalla va jamoada obro‘si bor kadrlar bilan to‘ldirish kerakligi, maktablarda ilm va san’at vakillari, ziyoli va nuroniylar, ilg‘or tadbirkorlar, klaster va sanoat korxonalari rahbarlari bilan doimiy uchrashuvlarni tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi.
Bunga ijtimoiy tarmoqlardagi maktab o‘quvchilari orasida obunachisi eng ko‘p bo‘lgan mashhur san’atkor, sportchi, aktyor, blogerlarni ham faol jalb qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Bundan tashqari, namunali o‘quvchining ota-onasiga minnatdorchilik xati va sovg‘alar topshirib borishni tizimli yo‘lga qo‘yish kerakligi, har chorakda eng namunali ota-onalarni rag‘batlantirib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish muhimligi aytildi.