Buxoroda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha xabar bergan shaxslarga pul mukofoti beriladi

Jamiyat 23:53 / 03.04.2022 1146

Viloyat hokimining farmoyishi asosida yer uchastkalari bilan bog‘liq ikkita doimiy ishlovchi ishchi guruh tuzildi. Ulardan biri yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlaydi, ikkinchisi ushbu holatlarni bartaraf etadi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, 2021 yilda Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari hamda mahalliy hokimliklar tomonidan 1096 ta yer bilan bog‘liq qonunbuzilish holati aniqlangan. Ularning 659 tasi bartaraf etilgan bo‘lsa, qolgan 437 tasi hozirgi kunga qadar bartaraf etilmagan.

Yirik kommunikatsiya tarmoqlari atrofida hamda boshqa muhofaza zonalarida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan jami 1 285 ta noqonuniy bino-inshoot qurilgani aniqlangan. Ammo ularni to‘liq bartaraf etish choralari ko‘rilmagan. MIBning hududiy bo‘limlari ish yurituvida mavjud bo‘lgan jami 659 ta noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish bilan bog‘liq ijro hujjatlarining aksariyati tuman va shahar hokimliklari tomonidan ijrosiz qaytarib olish to‘g‘risidagi murojaatlari natijasida ish yuritishdan tamomlanib, ijro hujjatlarining amalda ijrosi ta’minlanmasdan qolgan.

Shuningdek, 2021 yil davomida yer munosabatlari bilan bog‘liq sodir etilgan qo‘pol qonunbuzilishlar bo‘yicha 37 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Hokim farmoyishi bilan Kadastr agentligining viloyat boshqarmasiga foto va video orqali yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy foydalanish bo‘yicha xabar bergan shaxslarni Yer kodeksining 84-moddasida nazarda tutilgan tartibda pul mukofoti bilan rag‘batlantirish topshirildi.

Yer kodeksining 84-moddasida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish, ulardan tegishli hujjatlarda ko‘rsatilgan normalardan ortiqcha tarzda g‘ayriqonuniy tarzda foydalanish, qonunga xilof obektlar va inshootlarni qurish hollari, yer munosabatlari sohasidagi suiiste’molliklar to‘g‘risida foto va videoyozuv texnikasidan foydalanilgan holda tasdiqlangan xabarlar uchun jamoatchilik nazorati sub’yektlari rag‘batlantirilishi mumkinligi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: