Avvalroq, “Taxiatosh IES” AJ tarkibida tibbiy diagnostika markazi hamda tikuvchilik sexi qurib foydalanishga topshirilganligi haqida xabar berilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” g‘oyasini hayotga tatbiq etish hamda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida markazni Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga beg‘araz topshirish hamda undan Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi keng foydalanishiga sharoit yaratish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Diagnostika markazi bosh shifokori Tabassum Ro‘zmetovaning ta’kidlashicha, muassasa zamonamizning eng ilg‘or uskunalari bilan jihozlangan, jumladan, zamonaviy MRT, elektrokardiogramma, videoendoskopiya, ultratovush diagnostikasi, stomatologiya va boshqa tibbiy qurilmalar yordamida yetarli tajribaga ega bo‘lgan tibbiy xodimlar tomonidan aholiga xizmat ko‘rsatish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Tibbiyot markazida sohaga oid izlanishlar olib borish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda tibbiy amaliyotlar va yuqori texnologik muolajalarni tashkil etish, hududdagi tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish ham belgilangan.
Tikuvchilik sexini tashkil etish orqali xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, eng chekka hududlarda istiqomat qilayotgan ayollarga tadbirkorlikning sir-asrorlarini o‘rgatish va bu orqali oilalar farovonligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi ko‘zlangan.
Bu yerda asosan ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlar uchun maxsus kiyim-boshlar tayyorlanishi yo‘lga qo‘yilgan.
Ikkala loyiha doirasida 65 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati Ⓣ