Yevropaliklar Rossiya gazi uchun rublda to‘lashdan bosh tortmoqda

Iqtisodiyot 11:10 / 31.03.2022 68213

O‘tgan haftada Rossiya prezidenti Vladimir Putin kutilmaganda «nodo‘st davlatlar» Rossiya gazi uchun rublda to‘lov amalga oshirishi kerakligini aytdi - bu amalda Rossiya gazining asosiy iste’molchilari bo‘lgan Yevropaning barcha mamlakatlariga taalluqli edi. O‘tgan vaqt davomida YeIning qator davlatlari bunga rozi bo‘lmasliklarini ma’lum qilib bo‘lishdi.

«Biz rublda to‘lamaymiz. Biz Yevroittifoqning boshqa barcha davlatlari bilan yakdilmiz», dedi 30 mart kuni Avstriya mudofaa vaziri Klaudia Tenner PULS 4 telekanaliga bergan intervyusida.

Shu kuni Germaniya kansleri Olaf Shols va Rossiya prezidenti o‘rtasidagi telefon muloqotida gazga to‘lov masalasi muhokama qilindi. Germaniya hukumati rasmiy vakili Shteffen Xebestrayt suhbat mazmunini qisqacha keltirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin Sholsga, yevropalik hamkorlar uchun hech narsa o‘zgarmasligini aytgan: to‘lovlar avvalgidek yevroda o‘tkazilishi va sanksiyalarga uchramagan «Gazprombank»ka kelib tushishi, keyin rublga konvertatsiya qilinishini aytgan.

«Shols suhbatda bunday protseduraga rozilik bildirmadi, ammo yaxshiroq o‘rganish uchun xat orqali ma’lumot yetkazishni so‘radi», deya xabar qilgan Xebestrayt.

Ta’minotda uzilishlar yuzaga kelishi ehtimoli tufayli Germaniya va Avstriya favqulodda holatlar rejimidagi harakatlar rejasini ishga tushirgan. Germaniya ehtimoliy taqchillikni inobatga olgan holda aholi va kompaniyalarni gaz iste’molini qisqartirishga chaqirgan. Avstriya hukumati gaz bozorida nazorat qat’iylashtirilishini ma’lum qilgan.

«Fransiya rublda hisob-kitob qilishga qarshi», degandi biroz avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron. 29 mart kuni u urush boshlanganidan buyon to‘qqizinchi marta Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Makron va Putinning muloqoti kuni «Katta yettilik» yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda G‘arb davlatlari ham gaz uchun rublda to‘lov qilmaslikka kelishib oldi. «Yetkazib berish dollar yoki yevro orqali amalga oshirilishi kerak», dedi Yevrokomissiya matbuot kotibi Erik Mamer.

Sharqiy Yevropa davlatlari vazirlari ham o‘zgarishga qarshi chiqishgandi. «Men Yevropada kimdir rublning qanday ko‘rinishda ekanini bilishiga shubham bor», deya Sloveniya bosh vaziri Yanez Yanshaning so‘zlarini keltirgan Reuters.

Jarayonning cho‘zilishi

23 mart kuni Vladimir Putin Rossiya gazi «nodo‘st davlatlar»ga eksport qilinganida to‘lov rublda qabul qilinishi haqida e’lon qildi. Rossiya bunday ro‘yxatga 48 mamlakatni kiritgan - ular asosan Ukrainadagi urushdan keyin Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilgan G‘arb davlatlaridir.

31 mart kuni markaziy bank va Rossiya hukumati bu hisob-kitoblar qanday amalga oshirilishi, yevropaliklar ichki bozordan qanday qilib rubl sotib olishi borasida rejani taqdim etishi kerak edi.

Yevropaliklarning ilk reaksiyasidan keyin Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya rublda to‘lov qilishdan bosh tortganlarga gazni tekinga yetkazib bermasligini aytdi.

Keyinroq Kreml rublda to‘lov qilishga o‘tish uzoq davom etadigan jarayon ekani va bu 31 mart kuni boshlanmasligini ma’lum qildi.

Chorshanba kuni Bloomberg va Reuters agentliklari «Gazprom»ning Germaniyadagi ofisida Yevroittifoqning monopoliyaga qarshi regulyatori xodimlari tomonidan tintuv o‘tkazilgani haqida xabar tarqatdi. Nashrning yozishicha, tintuvlar gaz ta’minoti bo‘yicha tekshiruv bilan bog‘liq. Regulyator «Gazprom»ning Yevropada gaz narxi rekord darajada oshishiga aloqadorligini tekshirmoqda.

Kuzda ham gaz narxi tarixiy maksimumlarni qayd etgandi. Yevropadagilar o‘shanda «Gazprom» yetarli miqdorda gaz yetkazib bermayotganini aytgan, rossiyaliklar kompaniyasi buni rad etgandi.

Voz kechish mumkinmi?

Yevropaning ko‘plab kompaniyalari amalda bo‘lib turgan shartnomalarda to‘lovlarni rublga o‘tkazish yoki gaz yetkazib berishdan voz kechish haqida hech narsa deyilmaganini aytishmoqda.

«Gazprom» bilan shartnomada to‘lov amalga oshiriladigan valutaning o‘zgarishi ko‘zda tutilmagan», degan Polshadagi PGNiG neftgaz kompaniyasi rahbari Pavel Mayevskiy PAP Biznes agentligiga.

Litvaning Ignitis grupe kompaniyasi Rossiya gazidan voz kechishga tayyor. Bu haqda BNS yeye agentligiga uning vakili Arturas Ketleryus ma’lum qilgan.

«To‘lovlarni rublda qilish to‘g‘risidagi bayonot shartnomalarni buzish hisoblanadi», degan Germaniya vitse-kansleri, iqtisodiyot va iqlim vaziri Robert Xabek.

Turli davlatlar uchun turlicha shartnomalar tuzilgan. Odatda ularning matni ochiqlanmaydi.

Ammo boshqa omil ham bor: Yevropaning ko‘plab davlatlari Rossiya gaziga kuchli darajada qaram. YeIda bu qaramlikni kamaytirish va undan xalos bo‘lish bo‘yicha uzoq muddatli reja bor, Ukrainadagi urush sharoitida bu jarayonni tezlashtirishga kirishishgan - yil oxiriga qadar yevropaliklar Rossiya gazi iste’moli hajmini uchdan ikki qismiga kamaytirishni maqsad qilishgan.

BBC bilan suhbatlashgan rossiyalik tahlilchilarning fikricha, Yevropa ma’lum vaqt davomida Rossiya gazisiz qolishi mumkin.

Energetika va moliya instituti prezidenti Marsel Salixov  1 aprel kuni isitish mavsumi yakunlanishi va gazga talab kamayishini eslatib o‘tgan. Yozda gaz yerosti omborlariga to‘planadi, bu sovuq mavsumdagi uzilishlar uchun zaxiralar bo‘ladi. Salixov bu yilda omborxonalar to‘ldirilmay qolishidan xavotirda.

U qishki vaqtda Yevropa Rossiya gazisiz issiqlikni ta’minlay olmaydi, deb hisoblaydi. Salixovning fikricha, yil oxirigacha gaz iste’molini qisqartirish rejasi sust bajariladi.

«Arikapital» UK investitsiya strategi Sergey Suverovning hisoblashicha, Yevropa kompaniyalari yakunda rublda to‘lov qilishga rozi bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga Rossiya o‘tish davrini ancha uzoq muddatga, bir necha oyga kechiktirishi mumkin.

Ekspertlar hisoblashicha, Rossiya gazi uchun rublda to‘lov qilishning variantlarini topish muammo bo‘lmaydi. Shunday variantlardan biri - sanksiyalar ostida bo‘lmagan Moskva birjasidan rubl xarid qilish. Rossiya Banki bilan kelishuv esa unga qo‘yilgan cheklovlar tufayli muammo tug‘diradi.

O‘tgan haftada Putinning bayonotidan keyin birjada rubl qimmatlasha boshlagandi. Tahlilchilar buni bozorda yevropaliklar gazga to‘lov qilish uchun rubl sotib olishga majbur bo‘lishi tufayli valuta oqimi ortishi kutilgani bilan izohlashgan.

«Yevropa uchun Rossiya gazidan voz kechish narxning keskin qimmatlashini anglatadi. «Gazprom» esa daromadlarining yarmini yo‘qotishi mumkin», deydi Suverov. Bu shuni anglatadiki, budjetga soliq tushumi pasayadi, bu «Gazprom» investitsiya dasturlari pasayishiga olib keladi hamda bu Rossiya iqtisodiyotida ham aks etadi.

«Rossiya gazidan voz kechilishi Yevropa uchun ham, «Gazprom» uchun ham juda qimmatga tushadi», deya xulosa qiladi ekspert.

Ko‘proq yangiliklar: