“O‘zbekneftgaz”: “Guliston neft bazasi”da manfaatlar to‘qnashuvi, mahsulotlarni noqonuniy yetkazib berish va neft mahsulotlari kamomadi aniqlandi

Jamiyat 17:02 / 31.03.2022 10403

O‘rganish davomida neft mahsulotlarining saqlanishi, iste’molchilarga yetkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan ko‘plab noo‘rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi.

Jamiyat va filial rahbariyati hamda muttasadi xodimlarning o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashishi oqibatida Jamiyatning 2022 yil 1 mart kuni holatiga jami debitor qarzdorlik 24 692,5 mln so‘mni tashkil qilgan bo‘lib, mas’ul xodimlar tomonidan vaqtida undirish choralari ko‘rilmaganligi natijasida 9 089,2 mln so‘m “umidsiz” qarzdorlikka aylanib ulgurgan. 

Jamiyat mas’ul xodimlari tomonidan 3 226,9 mln so‘mlik neft mahsulotlari kamomadini yashirish maqsadida Klasterlar hamda faoliyat yuritib turgan va tugatilgan fermer xo‘jaliklariga to‘lovsiz rasmiylashtirilib, debitorlik qarzdorlikda aks ettirilgan.

Shuningdek, “Guliston neft bazasi” MChJ va Sirdaryo filialiga qarashli AYoQShlar va FYoTShlarda jami 10 852 litr qiymati 98,2 mln so‘mlik neft mahsulotlaridan kamomad aniqlandi va amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur mablag‘lar Jamiyat hisobraqamiga to‘liq qaytarildi.

Sirdaryo filialning 2021 yilning sentabr oyi hisobotlarida haqiqatda mavjud korxonalardan 146,5 mln so‘mlik muddati o‘tgan debitorlik qarzdorliklari asossiz ravishda hisobotdan chiqarilib, Jamiyatning zarariga olib borilgan.

Neftni qayta ishlash zavodining neft mahsulotlarini “mas’ul saqlash” yuzasidan tuzilgan shartnoma talablari buzilgan holda zavodga qarashli mas’ul saqlashdagi 372,0 tonna EKO dizel yoqilg‘isini belgilangan tartibda birja savdolari orqali sotib olmasdan, asossiz iste’molchilarga sotib yuborilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Jamiyat va filial mansabdor shaxslari tomonidan o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda Jamiyatning hisobraqamidan 419,6 mln so‘m pul mablag‘larini shaxsiy manfaatini ko‘zlagan holda hech qanday asoslarsiz o‘zlarining plastik kartalariga o‘tkazgan va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilgan. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida aybdor xodimlardan Jamiyat hisobraqamiga to‘liq qaytarildi.

Jamiyat mansabdor shaxsi tomonidan Jamiyat balansida bo‘lgan jami 23 dona bozor qiymati jami 310,0 mln so‘mlik sig‘imlar asossiz hisobdan chiqarib Jamiyatga zarar yetkazilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ tizimida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli amaliy ishlarga qaramasdan Jamiyat mansabdor shaxslar tomonidan O‘zbekiston 

Respublikasi qonun hujjatlariga zid ravishda jami 2 696,6 mln so‘mlik manfaatlar to‘qnashuvi holatlari ya’ni o‘zlarining yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan korxonalarga neft mahsulotlarini berib yuborish hamda xarid qonunchiligiga zid ravishda shartnomalar tuzish holatlari aniqlangan. 

Aniqlangan holatlar bo‘yicha kamchiliklarni undirish va vaziyatga huquqiy baho berish uchun o‘rganish hujjatlari tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: