Yapon maktablarida o‘quvchilar o‘zlari maktabni yig‘ishtiradi – bu tajribani bizda qo‘llash mumkinmi?

Jamiyat 13:22 / 29.03.2022 33032

Bolalarni kichik yoshdan tozalikka, jamoaviylikka o‘rgatish, turli narsalar uchun javobgarlik hissini shakllantirish ular katta bo‘lganda, albatta, asqatadi. Masalan, darsdan keyin sinfxonalarni tozalash orqali ham bunga erishish mumkin. Bu borada Yaponiya maktablarida ajoyib tajriba bor.

Yapon maktablarida farroshlar ishlamaydi

Yapon maktablarida bolalar, odatda, o‘zi o‘qiyotgan sinfxonani o‘zlari tozalashadi. Maktab xususiy yoki davlatniki bo‘lishidan qat’i nazar, ularda farroshlar yoki tozalikka javobgar shaxslar ishlamaydi.

Maktablarda "Osouji Jikan" – "Tozalik vaqti" bor, u taxminan 20 daqiqa davom etadi. Boshlang‘ich sinflarda bolalar o‘zlari bilan birgalikda olib kelgan ovqatni yeyishadi va birgalikda tozalashni boshlashadi. Bu odat maktabni o‘quvchilar tozalamaydigan davlatlar uchun g‘alati tuyulishi mumkin, biroq yaponlarda bu odatiy hol sanaladi. Hatto o‘quv qurollarining ichida latta degan element ham bor.

O‘quvchilar, odatda, guruh va qatorlarga bo‘linib, tozalashga jalb qilinadi, hech kimga bir xil vazifa tushib qolmaydi. Yuqoriga o‘tgan sinflarga esa maktabning ma’lum qismlaridagi tozalash ishlari yuklanadi. Bularga yuvinish xonalari, hojatxonalar, hayvonlar yashaydigan jonli burchak va stadion kabilar kiradi.

Har yili 3 marta o‘quvchilar maktab atrofi va mahallani tozalash bo‘yicha hashar uyushtiradi. Bunda o‘quvchilar kichik guruhlarga bo‘linib, atrofdagi chiqindilarni terishadi. Bu tozalash vaqtiga ota-onalar va o‘qituvchilar ham qo‘shilishi mumkin.

Har semestrda bir marta maktabda asosiy tozalash vaqti tashkillashtiriladi: maktab yig‘ishtiriladi, katta sinf o‘quvchilari kichik sinflarga xonalarini yig‘ishtirishda yordam beradi.

Maktabni bo‘yash, bog‘dagi ishlarni bajarish uchun esa professional xodimlar yollanadi. Boshlang‘ich sinflar, asosan, maktabdagi elementar tozalik ishlariga javobgardirlar.

Umuman olganda, bu mamlakatda bolalarni kichik yoshidan tozalikka javobgarlikka o‘rgatish – odat. Hatto o‘ziga to‘q oilalar ham bolasi maktabni tozalashiga qarshi bo‘lmaydi.

Tozalash Xitoy va Janubiy Koreya o‘quvchilariga ham xos odat

Garchi Yaponiyadagi kabi juda ommalashmagan bo‘lsa-da, maktablarda tozalik uchun o‘quvchilarning mas’ul bo‘lishi Xitoy maktablariga ham xos. Bolalarning birgalikda sinfxonani yig‘ishtirishi, tushlik payti bir-biriga yordamlashishi nafaqat atrof-muhitga bo‘lgan muhabbatni paydo qiladi, balki bolalarni jamoaviylikka ham o‘rgatadi, deb hisoblanadi.

Janubiy Koreya maktablarida ham o‘quvchilarning maktabni tozalashi odatiy hol sanaladi. Har semestr boshida bolalarga tozalashning qaysidir qismi bo‘lib beriladi va ular darsdan so‘ng ajratiladigan ma’lum vaqtda bu vazifalarni bajaradi. Masalan, kimdir supurish, kimdir pol artish, yana kimdir axlatlarni to‘kib kelishni zimmasiga oladi.

Singapur ham yapon tajribasini o‘zlashtirgan

2016 yilda Singapur maktablarida ham tozalash ishlari o‘quvchilarga topshirilishi Ta’lim vazirligi tomonidan ma’lum qilingan. Buning bilan davlat Yaponiya tajribasini o‘zlashtirib, bolalarda tozalikka bo‘lgan mehrni shakllantirishni maqsad qilgan.

Tozalikka o‘ch yaponlar

Maktab davridanoq doimiy tozalash ishlarida bevosita qatnashgan yaponlar keyinchalik ham bu odatlarini saqlab qolishadi. Mamlakatda ko‘cha supuruvchilarni uchratish mahol, biroq atrof doim ozoda turadi.

“12 yillik maktab davrida, boshlang‘ichdan to yuqori sinfni tugatguncha tozalik vaqti – o‘quvchilar kundalik hayotining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Uyimizda ham ota-onalarimiz bolalariga o‘ziga tegishli buyumlar va o‘zimiz yashaydigan joyni ozoda saqlash muhimligini doimo o‘rgatib boradi”, deydi Hiroshima prefekturasi hukumatining Tokiodagi ofisi direktori o‘rinbosari Maiko Avane.

Shunday qilib, bolaligidan tozalikka jalb qilingan yapon xalqi buni doimiy odatiga aylantiradi.

O‘quvchilar tozalashga jalb qilinsa, bu to‘g‘rimi?

Rozaliya Gabdulhaqova, psixolog:

— Bolalarning darsdan so‘ng birgalikda sinfxonani tozalashi ular uchun foydali. Bu ularni jamoa bo‘lib ishlashga, bir-birining kuchli-kuchsiz tomonlarini tushunishga va o‘zi qilgan ishdan natijani his qilishiga yordam beradi. Masalan, o‘zining ortini tozalab yuradigan bolalar axlatni shunchaki qoldirib ketmaydi, tozalikka e’tiborli bo‘ladi. Bundan tashqari, ularda mas’uliyat ham shakllanadi.

Tozalash orqali bolalar o‘z ishidan zavq olishni, mehnatning qadriga yetishni o‘zlashtiradi. Hozirgi kunda ota-onalar bolalarini, asosan, aqliy mehnat bilan band qilishyapti. Lekin amaliy tarzda ishlarni bajarish ham bolalar uchun foydali.

Biroq bu jarayonda bolalar jamoaviy bo‘lib ishlaydigan holatda adolat bo‘lishiga e’tibor qaratish lozim. Chaqqon, hamma ishni qila oladigan bolaga hammasi qolib ketib, qo‘lidan ish kelmaydiganlar chetda qolmasligi, hammaga ishlar teng taqsimlanishi kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonda odamlarning tozalikka e’tibori qanday?

Tan olib aytish kerakki, ko‘chalarda chiqindi tashlash odatiy hol: ertalab ko‘cha supuruvchilar tozalagan yo‘laklar kechgacha chiqindi bilan to‘ladi. Ayniqsa, odam gavjum bekatlar va bozorlar atrofi.

Belgilanmagan joyga chiqindi tashlaganlik uchun jarima mavjud, biroq bu amalda deyarli ishlayotgani yo‘q. Kimdir shuning uchun jarimaga tortilganini qabul qila olishi ham qiyin.

Lekin yechim sifatida O‘zbekistonda ham xuddi Yaponiyadagi singari odamlarni tozalikka o‘rgatish uchun maktablar tajribasini tatbiq qilish ham qiyin.

Ichimlik suvisiz maktablar

Muammo: O‘zbekiston maktablarida hali ham ichimlik suvi muammosi to‘la hal qilinmagan.

“2000ga yaqin maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari markaziy ichimlik suvi tarmog‘iga ulanmagani sababli suvni tashib kelishga majbur bo‘lmoqda. Tasavvur qiling, 30 yil bo‘ldi mustaqil bo‘lganimizga, bu masalalar hozir ham bor”, degandi prezident o‘tgan oy ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Bundan tashqari, maktablarda boshqa muammolar ham mavjud. YUNISEF tashkilotining 2019/2020 yillarda O‘zbekistonda bolalar vaziyatiga bag‘ishlangan hisobotida qayd etilishicha, ta’limning barcha sektorlarida isitish, yoritish, suv ta’minoti, kanalizatsiya tizimlarining va tegishli sanitariya-gigiyena inshootlarining yo‘qligi yoki nosozligi kabi muammolar bor.

Yaxshi sharoitda bo‘lmagan maktablarda o‘quvchilarni tozalash ishlariga jalb qilish shundog‘am yaxshi sharoitda o‘qimayotgan bolani jazolashday gap.

Qolaversa, hisobotga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining qariyb 75-80 foizi ikki va undan ko‘p smenada faoliyat yuritadi. Ya’ni aksar o‘quvchilarning darsi shundog‘am kech tugaydi va ularni tozalash ishlari bilan shug‘ullanishga deyarli vaqti qolmaydi.

O‘quvchilarni tozalash ishlariga jalb qilish ularning mehnatga, tozalikka mehr qo‘yishlari uchun foydali bo‘lsa-da, hali aksar maktablarda bunga yetarli darajada sharoit yo‘q. Lekin bolalarda atrof-muhitni asrash hissini shakllantirishni ko‘proq o‘ylashni kechiktirmaslik zarur. Shunda kechki payt bekatlarda, bozorlar atrofida chiqindilar kamroq, tabiatimiz chiroyliroq bo‘ladi.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: