Kun.uz’ga murojaat yo‘llagan tadbirkorlar onlayn nazorat kassa mashinasida mijoz tomonidan qaytarilgan tovar uchun chekni qaytarish (vozvrat) funksiyasi yo‘qligini, bu ortiqcha muammo keltirib chiqarayotganini aytishgan.
“Biror mahsulot sotilgandan keyin, ma’lum sabablarga ko‘ra xaridor uni qaytarib olib kelsa onlayn nazorat kassa mashinasida “vozvrat” yo‘q, Kun yopilgandan keyin chekni qaytarish mumkin emas. Bu degani tadbirkor ham soliq to‘laydi. Bu holatda soliq qo‘mitasi hech qanday yechim bermagan”, – deydi u.
Holat yuzasidan izoh bergan Davlat soliq qo‘mitasi axborot kommunikatsiyalar departamenti direktori Hayotjon Nasrulloyevning tushuntirishicha, yaqinda soliq to‘lovchilarning shaxsiy kabinetida qaytarilgan tovar uchun cheklarni qaytarish funksiyasi qo‘shilgan.
Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sahifasida yangi funksiya haqida ma’lumot ham berilgan.
Unga ko‘ra, hisob-kitoblarning to‘g‘ri olib borilishini ta’minlash maqsadida soliq to‘lovchining (my.soliq.uz) shaxsiy kabinetida onlayn-NKM va virtual kassa orqali berilgan cheklar bo‘yicha mahsulotlar qaytarib berilganda qaytarish cheklarini hisobot davri uchun ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratilgan.
Onlayn-NKM yoki virtual kassa cheklarini qaytarish uchun:
- my.soliq.uz portalida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti “YuSh onlayn-NKM va virtual kassa ma’lumotlari” bo‘limidagi “Chekni qaytarish” menyusida chek chop etilgan sana va savdo shoxobchasi tanlanib “Qidirish” tugmasi bosiladi;
- Keyingi bosqichda “Qaytarilgan chek” shakllanadi. Ushbu bo‘limda xarid cheki raqami kiritilib “Yuborish” tugmasi bosiladi.
Kun.uz bilan suhbatda DSQ mas’uli Hayotjon Nasrulloyev qaytarish cheklarini keyingi oyning 10-sanasiga qadar ro‘yxatdan o‘tkazish mumkinligini aytdi.
“Tovarlarni qaytarish funksiyasi barcha onlayn NKM qurilmalarida mavjud. Agar tadbirkorlik sub’yekti ushbu funksiyani ishlatishda muammoga duch kelsa o‘zi shartnoma qilgan texnik xizmat ko‘rsatish markaziga murojaat qilishi mumkin”, - deydi u.