Rossiya MDH yagona pensiya makoni kelishuvidan chiqmoqda. Bu nimani anglatadi?

Iqtisodiyot 19:43 / 28.03.2022 31247

Rossiya 1992 yilda imzolangan MDH mamlakatlari doirasida Pensiya huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi shartnomadan chiqib ketmoqchi. Bu YeOIIga a’zo davlatlar bilan yangi shartnoma imzolangani, shuningdek, MDH mamlakatlaridan ko‘plab mehnat muhojirlari kelayotgani sabab ularga pensiya to‘lash xarajatlari oshib borayotgani bilan izohlangan. Ammo hozirgacha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ushbu yo‘nalishda alohida shartnoma tuzilmagan.

2023 yil 1 yanvarda Rossiya MDHga a’zo davlatlar fuqarolarining pensiya ta’minoti sohasidagi huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi bitimdan chiqishni reja qilmoqda. Bu haqda RBK nashri hukumat manbalariga tayanib xabar berdi.

Rasmiy Moskvaning 1992 yilda imzolangan shartnomadan chiqishi haqidagi qonun loyihasi Rossiya Mehnat vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan federal qonun loyihasida keltirib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, bu hozirgi pensionerlarga ta’sir qilmaydi. Rossiya allaqachon YeOII davlatlari bilan yangi shartnoma imzolagani aytib o‘tilgan. Shuningdek, MDH mamlakatlaridan ko‘plab mehnat muhojirlari kelayotgani, ayni paytda ularga pensiya to‘lash xarajatlari ham oshib borayotgani keltirib o‘tilgan. Rasmiylarga ko‘ra, kelishuvdan chiqish 2023 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda Rossiyaga 2,2 milliard rublgacha budjet mablag‘larini tejash imkonini beradi.

MDH yagona pensiya makoni kelishuvi haqida

Pensiya huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi shartnoma SSSR tugatilganidan keyin, 1992 yilda 10ta davlat: Rossiya, Armaniston, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Ukraina tomonidan imzolangan. Hujjatda pensionerning fuqaroligidan qat’i nazar, shaxsning doimiy yashash joyidagi davlat tomonidan pensiya to‘lashga kelishib olingan edi. Bu doimiy tarzda yashab kelayotgan va pensioner bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosining Rossiyada, pensioner bo‘lgan Rossiya fuqarosining O‘zbekistonda pensiya olishiga imkoniyat berardi. Agar ikki tomonlama shartnomalarda nazarda tutilmagan bo‘lsa, mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblar amalga oshirilishi shart bo‘lmagan.

Sodda qilib aytganda, 1992 yilgacha SSSR hududida, shuningdek, 1992 yildan keyingi davrda MDH davlatlari hududidagi ish staji va daromadlaridan kelib chiqib pensiya tayinlash tartibi yo‘lga qo‘yilgandi. Masalan, MDHning biror davlatidan kelgan migrant Rossiyada pensiya oladigan bo‘lsa, uning mehnat staji (xususan, 10 yil O‘zbekistonda, 5 yil Qozog‘istonda va 10 yil Rossiyada ishlagan bo‘lsa, 25 yillik mehnat staji hisoblangan) xuddi shu vaqt davomida Rossiyada ishlagandek hisoblangan.

Rossiya shartnomadan chiqib ketsa, pensiyalar qanday tayinlanadi?

Rossiyaning kelishuvdan chiqishi shu paytgacha mamlakat tomonidan tayinlangan pensiyalarning qayta ko‘rib chiqilishini nazarda tutmaydi. Shu bilan bir qatorda, kelajakda nafaqalar tayinlash yangi qoidalar bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin. Xususan, YeOII davlatlari (Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston) bilan Rossiya yangi ko‘p tomonlama shartnoma tuzgan, unga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab pensiya xarajatlari proporsional tizim bo‘yicha taqsimlanadi. Turli a’zo davlatlar hududida olingan ish staji umumlashtiriladi va har bir mamlakat o‘z hududida olingan ish stajiga muvofiq tarzda, o‘z qismini to‘laydi. Tojikiston bilan ham xuddi shunday prinsiplar bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzolangan, ammo boshqa mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston bilan ushbu masala yuzasidan alohida shartnoma imzolanmagan.

Rossiya o‘z xohishiga ko‘ra, shartnomadan chiqib ketishi mumkinmi?

1992 yilda tuzilgan shartnomaning 13-moddasida keltirib o‘tilishicha, har bir tomon o‘z xohishiga ko‘ra bitimdan chiqish bo‘yicha yozma bildirishnoma bilan chiqishi mumkin. Shundan so‘ng 6 oy muddat o‘tgach, shartnoma shartlari bildirishnoma bilan chiqqan davlat uchun tugatiladi. Ammo a’zo mamlakatlarning biri chiqib ketgan taqdirda ham, bitim qoidalariga muvofiq vujudga kelgan pensiya huquqlari o‘z kuchini yo‘qotmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: