Prezident maslahatchisining o‘rinbosari Galina Saidova 24 mart kuni Toshkent investitsiya forumida qilgan chiqishida O‘zbekistonning savdoni erkinlashtirishdagi yutuqlari va bu jarayonni davom ettirishga doir xavf-xatarlar haqida gapirdi. O‘zbekistonlik iqtisodchilar u keltirgan argumentlarni tanqid ostiga oldi.
Tashqi savdoni erkinlashtirish: Galina Saidova nazaridagi to‘rtta risk
Gazeta.uz'ning xabar berishicha, Saidova yutuqlar qatorida valuta bozorining liberallashtirilgani, tashqi savdo aylanmasi 5 yilda 1,7 barobarga oshgani, O‘zbekiston ilk marta suveren reyting olib, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti reytingida 6-guruhdan 5-guruhga ko‘tarilgani, Yevroittifoqning GSP+ imtiyozi qo‘lga kiritilib, Cotton Campaign boykoti bekor qilinganini sanab o‘tgan.
“Men sizlarga aytsam, so‘nggi besh yil ichida bojxona stavkalari ikki baravarga qisqardi. O‘rtacha bojxona stavkasi 15,8% bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib u 8% dan kamroq. Bu – deyarli ikki baravarga kam degani. Va bu tashqi savdoni jiddiy rag‘batlantira oldi”, – degan u.
Galina Saidova, shuningdek, O‘zbekiston uchun savdoni liberallashtirish va iqtisodiy integratsiya yo‘lidagi xavflarni ham sanab o‘tdi. Uning fikricha, bular quyidagilar:
- Ish o‘rinlari yaratilishi sur’atini saqlab qolish;
- Tashqi savdodagi manfiy balans;
- Logistika muammolari;
- Global va mintaqaviy integratsiya.
Prezident administratsiyasi vakili cavdoni erkinlashtirish va ish o‘rinlari yaratilishi o‘rtasidagi muvozanatni saqlashni jiddiy xatar sifatida qayd etdi.
“Barcha, ayniqsa, O‘zbekistonda demografik muammolar ta’sirida biz uchun shunchaki emas, balki haqiqatda ish o‘rinlarini yaratish juda muhimligini yaxshi tushunadi. Xalqimiz yetarli darajada yuqori bilimga ega. Va gap ta’lim, madaniyat, ilmiy darajalar va boshqalarga mos ravishda ish o‘rinlarini yaratish haqida ketmoqda. Ya’ni hech bo‘lmaganda munosib haq to‘lanadigan – men yuqori maosh to‘lanadigan so‘zlaridan hayiqaman – biroq, hech bo‘lmaganda munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlari”, – dedi prezident maslahatchisi o‘rinbosari.
Uning aytishicha, import uchun chegaralarni ochuvchi savdo liberallashuvi “o‘ziga xos qarama-qarshilikka ega”. Saidovaga ko‘ra, bu qarama-qarshilikka shunday yechim topish kerakki, bunda ish o‘rinlarini yaratish degan chiroyli shiorlar ostida yana proteksionizmga qaytib qolmaslik, shu bilan birga mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobatga ham to‘siq yaratib qo‘ymaslik lozim.
Galina Saidova “munosib haq to‘lanadigan” ish o‘rinlari yaratish muammosini hal etish uchun ikki yo‘nalishda ish olib borilayotganini aytdi: (1) xomashyoni chuqur qayta ishlab, qo‘shilgan qiymat yaratish hamda (2) xomashyoni hech qanday to‘siqsiz import qilib, uni tayyor mahsulot eksportiga aylantirish.
U o‘z nutqida savdoni erkinlashtirishdagi ikkinchi “qarama-qarshilik” sifatida tashqi savdodagi katta defitsitni ko‘rsatdi.
“O‘tgan yili bu defitsit 8 mlrd so‘mdan oshib ketdi. Bir daqiqa, bu – umumiy tashqi savdo aylanmasi 42 mlrd dollarni tashkil qiladigan O‘zbekiston uchun kichkina raqam emas. To‘lov balansi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimining tezlashishi, umuman chet el kapitali va mehnat muhojirlari daromadlari hisobiga qoplanyapti. U yopilmoqda – bizda barqaror to‘lov balansi mavjud, biroq, shunga qaramay, bu raqam o‘ziga e’tiborni tortadi”, – deya ma’ruzachining so‘zlarini keltirmoqda Gazeta.uz.
Saidovaning fikricha, savdo defitsiti muammosini hal qilish lozim, chunki “biz moliyaviy resurslarning kiruvchi oqimlari muvozanatini ta’minlashimiz kerak”. U buning uchun “iloji boricha tezroq xomashyo eksportidan tayyor mahsulot eksportiga o‘tish” zarurligini aytib, bu vazifa paxta-to‘qimachilik, mis va gaz-kimyo kabi sektorlarda klasterlar tashkil etish orqali amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
“Biz bu [klasterlar] bazasida juda jiddiy yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini yaratamiz, ular ochiq platformada bo‘ladi. Ochiq platforma degani nima? Biz har qanday investorni taklif qilamiz, xoh u mahalliy, xoh xorijiy bo‘lsin, ularga o‘z texnologiyalari, “nou-xau”larini olib kirishi uchun sharoitlarni yaratib beramiz, joy beramiz, infratuzilma qilib beramiz. Lekin ular shu yerda, bizning xomashyomizni biz bilan birga qayta ishlashi, shunga mos ravishda ish o‘rinlari yaratishi kerak”, – dedi Galina Saidova.
Prezident maslahatchisining o‘rinbosari savdoni liberallashtirishdagi navbatdagi risk deya logistikani keltirib, bu “oxirgi paytlarda juda og‘ir muammo”ga aylanganini qayd etdi.
“Biz uchun bular [logistika muammolari] – jiddiy xatar. Xaritaga qarasangiz, O‘zbekiston qayerda joylashganini ko‘rasiz. Ochig‘ini aytamiz, hozirgi vaziyat sharoitida bizning logistika imkoniyatlarimiz yomonlashdi. Hozir ma’lum hududlarni aylanib o‘tishimizga to‘g‘ri kelmoqda. Bu, yumshoq qilib aytganda, bizga yoqmayapti. Qo‘polroq qilib aytganda, bu bugungi holatimizni hisobga olsak, hech vaqo emas”, – dedi u.
Saidova mahalliy mahsulotlar eksporti uchun muqobil transport koridorlarini ishlab chiqish zaruratini qayd etdi.
“Tabiiyki, yaqin atrofdagilar bilan savdoni rivojlantirish [kerak]. Kimga transport bilan yetib olish osonroq bo‘lsa. Xaritaga qaraydigan bo‘lsak, men ularni sizga aytishimga ham hojat qolmaydi. Yaqin atrofimizda katta salohiyatli, katta bozor va ko‘p aholiga ega yirik davlatlar bor. Ba’zi mamlakatlarga yetib borish qiyin, biroq, bu bizning chellenj, bu bizning chaqiruv, bu bizning vazifamiz. Biz u yerga yetib borishimiz kerak, buning uchun esa mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirishimiz kerak”.
PA rasmiysiga ko‘ra, to‘rtinchi risk – global va mintaqaviy integratsiyalar, ya’ni Jahon savdo tashkiloti hamda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi yo‘nalishlarida oqilona va muvozanatlashgan siyosat olib borish.
“Biz ham u, ham bu yo‘nalishda ish olib boryapmiz. Biz har ikkisining ham plyus va minuslari, qiyinchilik va zarurat tomonlarini ko‘rib chiqyapmiz. Biz ham global integratsiya, ham mintaqaviy integratsiyani juda yaxshi amalga oshirishimiz uchun tegishli organlar tegishlicha ishlarni puxta amalga oshirishi kerak.
Agar biz ana shu anchagina murakkab to‘rtta blokdagi muammolarni hal qila olsak, tashqi savdo faoliyatini liberallashtirishning keyingi bosqichi va mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini oshirishda keyingi pog‘ona haqida gapirishimiz mumkin bo‘ladi”, – dedi Saidova.
Galina Saidovaning ushbu chiqishida bildirgan pozitsiyaga nisbatan iqtisodchilar Behzod Hoshimov va Botir Qobilov tanqidiy baho berdi.
“Aytilgan “risklar” savdoni erkinlashtirmaslik uchun sun’iy o‘ylab topilgan qiyinchiliklar. Ular mavjud emas”
AQShning Viskonsin universiteti biznes-maktabi doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov mazkur bayonotdan kelib chiqib, “O‘zbekiston kelajakda ham savdoni erkinlashtirmoqchi emas” degan xulosaga kelganini aytdi.
“Aytilgan “risklar” savdoni erkinlashtirmaslik uchun sun’iy o‘ylab topilgan qiyinchiliklar. Ular mavjud emas.
Masalan, ishchi joylari yaratilishi bu erkin savdoga qarama-qarshi emas – aynan teskarisi. Dunyo savdosidan o‘zimizni o‘zimiz to‘sganimiz uchun ishchi joylar bizda yaratilishi qiyin. Aynan shu eng katta muammo – savdodan o‘zini to‘sgan mamlakatda, yangi ishchi joylarini yaratish nihoyatda “qimmat”, – deya yozdi u Telegram-kanalida.
Iqtisodchining tushuntirishicha, savdoni erkinlashtirmaslik – mamlakatning xalqaro zanjirlarga kirishi va investitsiyalar jalb qilishini qiyinlashtiradi, buning natijasida yangi ish joylari yaratilmasdan qolib ketadi.
“Lekin, – deydi u. – “himoyalangan” va bir qo‘lda sanab chiqsa bo‘ladigan tashkilotlar bundan ko‘p manfaat olishadi va bir necha o‘n ming insonlar uchun oylik to‘lashni bahona qilib, qolgan 34 million inson qimmatroq tovar va xizmatlardan foydalanishi kerak va muhimi, dunyoda raqobatbardosh bo‘lgan tovar ishlab chiqarish rag‘batidan barcha boshqa potensial korxonalarni mahrum qilamiz”.
Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, logistika qimmatligi ham erkin savdoga o‘tishda xavf-xatar bo‘la olmaydi.
“Teskarisi – aynan qimmat logistika bo‘lgani uchun, savdoni buni ustiga yanada erksiz qilish – ikki karra mantiqsiz. Chunki savdoga boj qo‘yish va qimmat logistika – teng narsalar. Ikkovi ham savdoni qimmat qiladi. Agar qimmat logistika yomon bo‘lsa, demak savdoga cheklov ham, yomon degani. Bu mantiqiy nomutanosiblik.
Masalan, chet eldan kelgan shakar bizni bozorda chet eldan 50 foiz qimmat bo‘lsa va buning 25 foizi logistika, qolgan 25 foizi bojlar bo‘lsa, iqtisodiy nuqtayi nazardan teppa-teng o‘lchovlar. Shakar 50 foiz qimmat, nuqta. Demak, agar logistikani arzonlashtirsak, deylik mo‘jiza bo‘lib shakarning logistikasi 25 foizdan 5 foizga tushsa, xafa bo‘lamizmi? Yo‘q. Xuddi shunday, boj ham 25 foizdan, nolga tushsa, xursand bo‘lishimiz darkor. Ya’ni risk deb sanalgan sabab, aslida savdoni erkinlashtirish uchun argument. Tepadagi “ishsizlik” ham”.
Iqtisodchi o‘z munosabatida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish uchun 1994 yilda ariza berganini eslatgan.
“Siyosiy risk sabablari: YeOIIning barcha a’zolari, hatto butun dunyo sanksiya qo‘llagan Rossiya ham, JST a’zosi. JSTga kirmasligimizga sabab qilib siyosatni ko‘rsatish, haqiqatdan uzoqroq. 1994 yildan beri JSTga kiramiz, har besh yilda yangi sabab: Osiyo moliyaviy inqirozi, Rossiyada “defolt”, dunyodagi iqtisodiy inqiroz, mintaqada nostabillik, koronavirus va hokazo. Ya’ni kirmaslik uchun sabab qidirib topish bo‘yicha bizga teng keladigani yo‘q. JSTda ham tushunishsa kerak – 28 yildan beri “kirish niyati” bor mamlakat bu yili ham kirmasligi aniq.
Ikkinchi risk esa – to‘liq teskari. Savdodagi negativ to‘lov balansi – bu tabiiyki musbat investitsion balansning hosilasi. Ya’ni, ertaga bizda investitsiyalar ko‘payib ketsa va biz valutani fiksatsiya qilmasak, tabiiyki negativ savdo balansi bo‘ladi. Bu eng oddiy qonuniyat. Hozirgi negativ balans – bizga kirib kelayotgan dollarlar hisobiga qondiriladi. Masalan, davlat qarz olyapti va bu pulga sport saroyi quryapti. Chetdan kelgan uskunalar, o‘sha “negativ balans”da. Oila Rossiyadan dollar olyapti va chet elda chiqqan un sotib olyapti – bu ham o‘sha balansda. Qisqasi, “negativ balans”ni xohlamasak, chet elliklar investitsiya qilishini xohlamasligimiz kerak, yoki valutani sun’iy ravishda ushlab turishimiz kerak. Qandaydir ma’noda, savdoni cheklashimiz ham, o‘sha “negativ balans”ning sababi, oqibati emas.
Xulosa shuki, mening tushunishimcha, bizda savdo qanday erkin bo‘lmagan bo‘lsa, shundayligicha qoladi”, – deya yozadi Behzod Hoshimov.
“Savdoni liberallashtirish va ishchi o‘rinlari nega bir-biriga qarshi qo‘yilyapti?”
Harvard universiteti doktoranti, iqtisodchi Botir Qobilov Galina Saidovaning fikrlariga munosabat bildirarkan, savdoni erkinlashtirish masalasi uzoq yillardan beri turli sabablar ko‘rsatgan holda ortga surib kelinayotganini ta’kidladi.
“2-3 hafta bu yerda hech narsa yozmaganim uchun o‘qish va tushunish qobiliyatim susaygan shekil, ushbu maqolani 3 marotaba o‘qisam ham iqtisodiyotimizga liberalizatsiyaning qanday risklari mavjud ekanligi haqida tushunmadim. To‘g‘risi.
Aytilgan shunday risklardan biri, adashmasam, bu – iqtisodiyotni erkinlashtirish va ish o‘rinlari yaratish masalalari o‘rtasidagi muvozanatni saqlash zaruriyati ekan. Ya’ni savdoni liberallashtirish va iqtisodiy integratsiya amalga oshirilsa, ishchi o‘rinlari xavf-xatarga uchraydigan bo‘lib chiqyaptimi? Nega ikkalasi bir-biriga qarshi omillar bo‘lishi kerak?
Geografiya tilga olingan qismida esa men o‘qishni to‘xtatdim…
Umuman olganda, maqolani chetga surib turadigan bo‘lsak, savdo liberalizatsiyasi va iqtisodiyotni erkinlashtirish kerakmi, kerak emasmi, uning xatarlari qanday, keling shoshmaylik, ehtiyot bo‘lish kerak, geosiyosatni o‘ylaylik, ishchi o‘rinlari nima bo‘ladi, va hokazo va hokazo argumentlarni haligacha (kalendarda 2022 yil) eshitish menga shaxsan g‘alati. Kompartiya bayonoti yozilgan kasetasini juda ko‘p marotaba o‘ynatdik, tingladik. Vaholanki, kasetalar – ikki avlod ortda qolib ketgan texnologiya…” – deya yozdi Harvard tadqiqotchisi.
“Buyog‘iga illyuziyaga berilmaslik kerak”
Iqtisodchi Otabek Bakirov:
— Chidab o‘qidim, lekin YeOII alternativasi tilga olingan joyda to‘xtatdim.
Bu xuddi 1945 yil aprelda Hitler Germaniyasiga ittifoqchi bo‘lishni rejalash kabi yoki 1989 yilda SEV shartnomasiga qo‘shilishni mo‘ljallash singaridir. Tasavvur qilishingiz uchun.
O‘qigan joyimgacha anglaganim shuki, bular iqtisodiy paradigmalarda oqni qora, qora oq, deb ayta olishadi va eng yomoni - siyosiy qarorlar qabul qiluvchilarga shuni ishontirib ham kelishmoqda.
Investitsiya forumidan olgan yagona foydamiz menimcha shu. Forum bahona iqtisodiy mafkura shakllantirayotgan sobiq gosplanchilarning dunyoqarashini o‘zimiz uchun hech qursa tasavvur qilib oldik. Endi buyog‘iga illyuziyaga berilmaslik kerak.
Tahririyatdan: Kun.uz ayni mavzu yuzasidan hukumat rasmiylarining qo‘shimcha izohlari va muqobil fikrga ega iqtisodchilarning munosabatlariga ham minbar bo‘lishga tayyor ekanini bildiradi.