“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi ishlab chiqarish va texnologik jarayonlar holatini o‘rganish maqsadida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida bo‘ldi

Jamiyat 20:00 / 26.03.2022 11092

Boshqaruv raisi majmuadagi ishlab chiqarish jarayonlari, olib borilayotgan istiqbolli loyihalar hamda qurilish montaj ishlari bilan, jumladan, Etilen ishlab chiqarish sexining piroliz pechida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan joyida tanishdi.

Etilen ishlab chiqarish sexining asosiy texnik resurslaridan sanaladigan piroliz pechlarining yuqori haroratga chidamli maxsus radiant quvurlari va mutlaqo yaroqsiz holga kelgan, uglevodorodlarni gidrogenlash katalizatori ishdan chiqqan edi.

Boshqaruv raisi tomonidan berilgan topshiriqlar va yaratib berilgan sharoitlardan samarali foydalangan holda, Sho‘rtan gaz kimyo majmusi jamoasi tomonidan uzluksiz ta’mirlash ishlari olib borilib, yakuniy bosqichdagi jarayon amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga qilgan tashrifi davomida korxona rahbariyati, mutaxassislari bilan uchrashib, ko‘rsatkichlarni bajarish uchun belgilangan chora-tadbirlar muhokamasi o‘tkazildi. 2022 yildagi ishlab chiqarish va moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga oid asosiy masalalar muhokama etildi.

O‘z navbatida, majmuada to‘laqonli faoliyat olib borilishini ta’minlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarning oldini olish, ishlab chiqarish jarayonini uzluksiz hamda talafotsiz davom ettirishni ta’minlash maqsadida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi rahbari Shuhrat Aslanov va mas’ul mutaxassislarga topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi tomonidan qurilma, uskunalarni ta’mirlash ishlarini tizimli va o‘z vaqtida to‘g‘ri markazlashtirilgan holda tashkillashtirish, ishchi-xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida o‘tgan yil davomida 4,174 milliard kub metr (rejaga nisbatan 100.4 foiz) tabiiy gaz xomashyosi chuqur qayta ishlandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: