Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan advokat Leonid Tselishev o‘z faoliyatida guvoh bo‘lgan, Toshkent shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar haqida so‘zlab berdi.
«NAVOI CORPORATION» MChJ manfaatlarini ximoya qilayotgan advokat Leonid Tselishev huquqni muhofaza qiluvchi organlarning noqonuniy xatti-harakatlariga, faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlariga duch kelgan.
Ish hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi ish yurituvida «NAVOI CORPORATION» MChJning ta’sischisiga nisbatan JKning 228-moddasi bilan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan qo‘zg‘atilgan 32/19-1227-sonli jinoyat ishi mavjud.
Jinoyat ishi 2019 yil 12 aprelda ko‘zg‘atilgan bo‘lib, oradan deyarli 3 yil o‘tgan bo‘lsa-da, haligacha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan. Hujjat soxtalashtirish holatining o‘zi 2006 yilda sodir etilgani (16 yil o‘tgan) uchun tergovchilar tomonidan jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi asosi bilan jinoyat ishi bir necha bor tugatilgan. Shuningdek, prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi bir necha bor qayta tiklangan. Xususan:
2019 yil 12 iyunda jinoyat ishi ish yuritishdan tugatilgan;
2019 yil 17 dekabrda jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan bekor qilingan;
2020 yil 17 yanvarda jinoyat ishi ish yuritishdan tugatilgan;
2020 yil 24 iyulda jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan bekor qilingan;
2020 yil 5 avgustda jinoyat ishi ish yuritishdan tugatilgan;
2020 yil 10 noyabrda jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror Toshkent shahri prokuraturasi tomonidan bekor qilingan;
2020 yil 16 dekabrda jinoyat ishi ish yuritishdan tugatilgan;
2021 yil 14 yanvarda jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror Toshkent shahri prokuraturasi tomonidan bekor qilingan;
2021 yil 12 aprelda jinoyat ishi ish yuritishdan tugatilgan;
2021 yil 13 aprelda jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror Yakkasaroy tumani prokuraturasi tomonidan bekor qilingan;
2021 yil 7 sentyabrda jinoyat ishi ish yuritishdan tugatilgan;
2021 yil 30 sentyabrda jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror Toshkent shahri prokuraturasi tomonidan bekor qilingan;
2022 yil 19 yanvarda jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish to‘xtatilgan.
“Ushbu holatda prokuratura organlari o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda, tergovchining jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi asossiz qarorlar chiqarayotganiga, tergov organlariga dastlabki tergov o‘tkazish to‘g‘risida qonunga xilof ko‘rsatmalar yuborish orqali ichki ishlar organlariga bosim o‘tkazayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish to‘xtatilgan. Shunisi e’tiborga molikki, qonunda jinoyat ishini tugatish va qayta boshlash chegarasi belgilanmagan, shuning uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan keyin u abadiy tergov qilinishi mumkin, bundan faqat fuqarolar va yuridik shaxslar jabr ko‘radi”, – deydi advokat.
Uning bildirishicha, tergovda qonunlarning qo‘pol buzilishi ortidan kompaniya zarar ko‘rmoqda.
Tahririyatga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, 2021 yil 28 yanvar kuni tergovchi tomonidan JPK 290-moddasi asos qilinib, kompaniyaga tegishli mol-mulk xatlangan.
JPK 290-moddasiga ko‘ra, mol-mulk hukmning fuqaroviy da’voga va boshqa mulkiy undirishlarga doir qismining ijrosini ta’minlash, ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan mol-mulkni o‘zlashtirishning, xarj qilib yuborishning, yashirishning, yo‘q qilib tashlashning yoki shikastlantirishning oldini olish uchun xatlanadi. Ammo advokatning ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat ishi doirasida hech kim fuqaroviy da’vo bermagan, hech kimga zarar yetkazilmagan, qarorda ko‘rsatilgan mulk gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga emas, yuridik shaxs – “NAVOI CORPORATION” MChJga tegishli, shuningdek qarorda ko‘rsatilgan mulk jinoyat ishi doirasida ashyoviy dalil deb ham topilmagan, bu esa yuridik shaxs mol-mulkini xatlash to‘g‘risidagi qarorning noqonuniyligini bildiradi.
JPK 290-moddaning to‘rtinchi qismida mol-mulki xatlangan shaxsga bu haqda e’lon qilinishi aytilgan. Biroq advokatning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya bu haqda xabardor qilinmagan hamda xatlash jarayonida JPK 291, 292, 294-moddalari talablari buzilgan.
Bundan tashqari, JPK 295-moddasiga ko‘ra, jinoyat ishi tugatilganda, mol-mulkning xatlanganligi bekor qilinishi lozim. Biroq “NAVOI CORPORATION” MChJ mol-mulklari xatlangandan buyon jinoyat ishi 2 marta tugatilgan bo‘lsa-da, xatlov haligacha olib tashlanmagan.
“Mol-mulki noqonuniy xatlangani natijasida kompaniya bir yildan beri o‘ziga tegishli mol-mulklarni tasarruf etolmayapti. Bu esa kompaniyaga zarar keltirmoqda”, – deydi advokat jinoyat ishi tafsilotlarini bayon qilarkan.
Shuningdek, tergov jarayonida kompaniya ta’sis hujjatlarining qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishiga taqiq qo‘yilgani aniqlangan bo‘lib, bu holat ham JPK 290-moddasiga zid ekani ta’kidlanmoqda.
Jumladan, kompaniya ta’sischisi jamiyat ustav kapitalini kamaytirish haqida qaror qabul qilib, uni 2021 yil 15 oktyabrda Chilonzor tumani davlat xizmatlari markaziga yuborganida 20 oktyabrda markaz tomonidan rad javobi berilgan. Markaz bunga asos sifatida tergovchining kompaniya ta’sis hujjatlarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘yishni so‘rab 2021 yil 18 oktyabrda yuborgan xatini keltirgan.
“Jinoyat protsessual kodeksi tergovchiga ta’sis hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga taqiq qo‘yishga vakolat bermagan. Kodeksning 290-moddasiga asosan tergovchi oddiy xat emas, qaror bilan faqat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki fuqaroviy javobgarning mol-mulkini xatlashi mumkin. Tergovchining noqonuniy qarori sababli hozirda kompaniya ustav kapitalini kamaytira olmayapti, yuridik manzilini o‘zgartira olmayapti, ustav jamg‘armaga ulush qo‘shadigan investorlarni jalb eta olmayapti”, – deydi Leonid Tselishev.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahri IIBB tergov boshqarmasi tergovchisining 2021 yil 30 iyundagi qarori bilan kompaniyaga nisbatan moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tayinlangan, biroq taftish o‘tkazish muddatini uzaytirishda ham qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Xususan, 2021 yil 6 iyul kuni tadbirkorlik sub’yekti taftish tayinlash haqidagi qaror bilan tanishtirilgan va shu kuni taftish boshlangan. JPK 187-7-moddasiga ko‘ra, taftish o‘tkazish muddati bir oyni tashkil etadi. Shunga ko‘ra, taftish 2021 yil 5 avgustgacha tugatilishi lozim bo‘lgan. Ammo 5 avgust kuni taftish yakunlangani haqida ma’lumot berilmagan va taftish o‘tkazish davom ettirilgan.
Advokat Toshkent shahri soliq boshqarmasiga murojaat qilishi natijasida taftish o‘tkazish muddati tergovchining 2021 yil 16 avgustdagi xatiga asosan uzaytirilganini bilib qolgan.
JPK 187-7-moddasining 2-qismida zarur bo‘lgan taqdirda, taftish muddati moliya-xo‘jalik faoliyatining taftishini o‘tkazuvchi shaxsning asoslantirilgan iltimosnomasi bo‘yicha surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yoki uning o‘rinbosarining roziligiga ko‘ra yoxud sudning ajrimi bilan yana 30 kalendar kunga uzaytirilishi mumkinligi belgilangan.
Advokat taftish qilish muddatini uzaytirishda Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosaridan rozilik olingan-olinmagani xaqida ma’lumot olish maqsadida Bosh prokuraturaga bir necha bor so‘rov jo‘natib murojaat qilgan. Ammo unga tayinli javob berilmagan.
Xususan:
2021 yil 25 avgust kuni ma’lumot olish uchun Bosh prokuraturaga advokat so‘rovi yuborilgan;
2021 yil 27 avgust kuni advokat so‘rovi Bosh prokuratura rahbariyatining roziligi mavjudligi so‘ralganiga qaramay, ijro uchun Toshkent shahar prokuraturasiga yo‘naltirilgan.
2021 yil 2 noyabrda ma’lumot olish uchun Bosh prokuraturaga takroriy advokat so‘rovi jo‘natilgan;
2021 yil 18 noyabrda Toshkent shahri prokurorining o‘rinbosari Ikrom Narimov tomonidan so‘rovga quyidagi mazmunda javob berilgan:
“Tergov jarayonidan noroziligingiz to‘g‘risidagi arizangiz ko‘rib chiqildi. Jinoyat ish tugatildi, jinoyat ishi qayta tiklandi, ish doirasida belgilangan moliya-xo‘jalik faoliyatining taftishi o‘tkazildi”.
So‘ralgan ma’lumotlar taqdim etilmagach, Leonid Tselishev prokuror o‘rinbosarini advokat faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik holati bo‘yicha sud orqali ma’muriy javobgarlikka torttirishni maqsad qilgan. Ammo bu jarayonda ham to‘sqinliklarga duch kelgan.
MJtKning 197-1-moddasiga ko‘ra, advokat so‘roviga ko‘ra nazarda tutilgan axborotni (hujjatlarni) taqdim etmaslik advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik deb hisoblanadi va ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
2018 yil 12 maydagi PF-5441-sonli prezident farmoniga ko‘ra, advokat so‘roviga ko‘ra ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmaslik, yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlikda aybdor mansabdor shaxslar advokatning sudga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaatiga asosan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilangan.
Shu normaga asosan advokat 2021 yil 25 noyabr kuni Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari Ikrom Narimovni ma’muriy javobgarlikka tortish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilgan.
Ammo 2021 yil 6 dekabr kuni JIB Chilonzor tumani sudi xatga javoban arizada xuquqbuzar xaqida ma’lumotlar yo‘qligini sabab qilib keltirib, arizani ko‘rib chiqishni rad etgan. Jumladan, sud arizada prokuror o‘rinbosarining familiyasi, ismi, sharifi, tug‘ilgan kuni, oyi va yili, millati, fuqaroligi, pasport seriyasi va raqami, ma’lumoti, sog‘lig‘i, ilgari ma’muriy javobgarlikka tortilgan-tortilmagani, ish joyi, oilaviy ahvoli, yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keltirishni talab qilgan.
Advokat sudning javob xatiga asosan 2021 yil 10 dekabr kuni Toshkent shahri prokuraturasiga prokuror o‘rinbosari haqidagi yuqoridagi ma’lumotlarni taqdim qilishni so‘rab ariza bilan murojaat qilgan.
Lekin ushbu xatga bergan javobida ham shahar prokuraturasi umumiy gaplar bilan cheklanib, so‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etmagan.
“Shunday qilib, MJtK, “Advokatura to‘g‘risida”gi qonun, JPK va prezident farmonining hech biri ishlamayapti. Hech qanday himoya yo‘q. Oddiy fuqarolar o‘z mulki va huquqlarini qonuniy yo‘l bilan himoya qilinishiga erisholmay, prokuratura oldida ojiz qolmoqda”, – deydi advokat Leonid Tselishev.
PS: Advokatlar tomonidan tahririyatga yuboriladigan ko‘plab murojaatlarda Leonid Tselishevniki bilan “qofiyadosh” holatlar yetarlicha uchrab turadi. Hududlarda ayrim prokuratura xodimlarining noqonuniy ko‘rsatmalari o‘rniga qonunlar ishlaganida va advokatlarning so‘rovlariga hurmat bilan munosabatda bo‘linganida, balki bunday murojaatlar umuman bo‘lmagan bo‘lardi.
Temur Tursunboyev,
Kun.uz muxbiri