Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston yetakchisi amirliklar poytaxti Abu-Dabi shahrida BAA prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan samarali muzokaralar hamda ushbu mamlakatning yetakchi davlat tashkilotlari, kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlar to‘plami, shu jumladan, Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi.
Davlat rahbari «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi» xalqaro sammiti ochilishi hamda barqaror rivojlanish sohasidagi Shayx Zoid nomidagi mukofotni topshirish marosimida ishtirok etdi, sammitning yalpi majlisida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Bugun Dubay shahrida Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tashrif yakunida Dubay xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Dubay fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi prezidenti, Emirates kompaniyalar guruhi raisi va bosh direktori Shayx Ahmad bin Said Ol Maktum va BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulla al-Gargaviy kuzatib qo‘ydi.
O‘zbekiston prezidenti Toshkentga jo‘nab ketdi.