Buxoroda “Ibn Sino vorislari” olimpiadasi o‘tkazildi

Jamiyat 19:00 / 26.03.2022 10866

Olimpiadani yuqori saviyada va shaffof o‘tkazish maqsadida Buxoro viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha hokim o‘rinbosari Mirali Hamroyev, viloyat hokimining Xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Feruza Ibragimova, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev hamda Buxoro hududiy DTM rahbari Ne’mat Sevinchov tadbirda ishtirok etishdi.

Olimpiadada Buxoro viloyati Xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli 537 ta maktabning 8-9-sinf o‘quvchilari orasidan 2345 nafar o‘quvchilar biologiya, kimyo, matematika, fizika, ingliz tili fanlaridan o‘zaro bilimlarini sinashdi.

Olimpiadaning ochilish marosimida Buxoro viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva va Buxoro davlat tibbiyot instituti akademik litseyi direktori, dotsent Ra’no Ismatovalar so‘zga chiqib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tilashdi.

Olimpiada Akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish maqsadida tegishli qarorga binoan iqtidorli, dunyoqarashi keng, intellektual salohiyati yuqori, ijodiy va mustaqil fikrlay oladigan, ilm-fanga qiziqishi yuqori bo‘lgan bilimli o‘quvchilarni tanlash bilan birga Buxoro viloyatida Xalqaro olimpiadalarga qatnashadigan terma jamoani tuzish uchun zamin hozirlash va ularning bilimini yanada kuchaytirish niyatida tashkil qilindi. Olimpiada topshiriqlari 20 ta ochiq va 10 ta yopiq testdan iborat bo‘lib, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quv ta’lim standartlariga mos keladi va ekspertlar tomonidan test savollari tekshirilgan. Testlar qiyinlik darajasiga ko‘ra, 1,2,3 darajali testlarga ajratilgan.

G‘olib o‘quvchilarni rag‘batlantirish uchun sovrindorlarga:

1-o‘rin:1 ta 1 milliondan;

2-o‘rin: 2 ta 700 ming so‘mdan;

3-o‘rin: 3 ta 500 ming so‘mdan;

4-o‘rin: 4 ta 300 ming so‘mdan;

5-o‘rin: 5 ta 200 ming so‘mdan pul mukofoti belgilandi.

Har bir fan yo‘nalishida jami 15 tadan faxrli o‘rinlar bo‘lib, barcha fanlardan 75 nafar o‘quvchi pul mukofoti bilan taqdirlandi hamda ularning barchasi 2022-2023 o‘quv yilida BDTI ALda DTM markazi tomonidan bo‘lib o‘tadigan kirish test sinovlarining dastlabki bosqichidan ozod etish haqida sertifikatlar berildi.

Shuningdek, 300 nafardan ortiq o‘quvchilar aprel oyidan boshlab to sentyabr oyi oxirigacha bo‘lgan muddatda bepul tayyorlov kurslariga qatnashish uchun yo‘llanmaga ega bo‘lishdi.

Buxoro DTI akademik litseyi matbuot hizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: