“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ: Xalqaro hamkorlik bo‘yicha  navbatdagi qadam

Jamiyat 15:36 / 25.03.2022 11951

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi PQ-72-sonli “O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan bir qator yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan.

Jumladan, Talimarjon IESda jami quvvati 900 MVtga teng bo‘lgan ikkita, Navoiy IESda 1300 MVtga teng ikkita bug‘-gaz qurilmalari hamda Toshkent IEMda har birining quvvati 32 MVtdan bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmalarini qurib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, mavjud elektr stansiyalarining xavfsiz va barqaror ishlashi va texnik xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish, uskunalarni modernizatsiya qilish, zaxira qismlarini yetkazib berish, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning imkoniyatlarini rivojlantirish va shu bilan O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarishning yuqori samaradorligi va ishonchliligini oshirish maqsadida ham qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shunga ko‘ra, 24 mart kuni ish boshlagan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan xalqaro hamkorlar bilan bir qator manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, Yaponiyaning JICA agentligi bilan ehtiyot qismlarni yetkazib berish va faoliyatdagi zamonaviy bug‘-gaz qurilmalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 340 million AQSh dollari miqdorida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, 2022 yilning fevral oyida Italiyaning “AC BOILERS S.p.A” kompaniyasi vakillari bilan an’anaviy issiqlik elektr stansiyalarida barqarorlikni oshirish maqsadida modernizatsiya ishlarini olib borish, amaldagi gaz turbinalari va bug‘ qozonlaridan foydalanishda issiqlik qozonlarining samaradorligini oshirish kabi masalalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan edi. O‘zaro muhokamalar natijasi sifatida forum doirasida “AC BOILERS S.p.A” kompaniyasi bilan “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ o‘rtasida tizim korxonalarida “ekologik toza” energiya uskunalarini o‘rnatgan holda quvvatlarni oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati. Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: