“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi ishlab chiqarish holatini o‘rganish maqsadida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida bo‘ldi

Jamiyat 20:00 / 23.03.2022 13719

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi va korxona rahbariyati, mutaxassislari bilan uchrashib, zavoddagi holatni o‘rgandi. Zavodning 2022 yildagi ishlab chiqarish va moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga oid asosiy masalalar muhokama etildi.

Tashrif davomida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi bayram kunlarida barcha soha obektlarining ishonchli ishlashini ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonlari holatini doimiy nazorat qilib borish zarurligini ta’kidladi.

“Xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratish, obektlarni qo‘riqlash choralarini kuchaytirish va xavfsizlik texnikasi, mehnatni muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligi va harakat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilishni ta’minlash kerak. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholini neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash asosiy vazifadir”, – dedi Boshqaruv raisi.

O‘z navbatida, Buxoro NQIZ direktori Akbar Fozilov korxonada rahbarlar navbatchiligi, tezkor otryadlarning kecha-yu kunduz navbatchiligi, bayram kunlarida uzluksiz ishlash uchun moddiy-texnik resurslar zaxirasi, avtotransport vositalari tashkil etilgani, zarur vositalar yaratilganligi borasida hisobot berdi.

Ta’kidlash kerakki, iste’molchilarga neft mahsulotlari yetkazib berish to‘liq hajmda amalga oshirilmoqda, energotizim obektlari shtat rejimida ishlamoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi zavodning texnologik obektlarini ko‘zdan kechirdi, o‘z navbatida, GTL kerosini qabul qilish, saqlash va aralashtirish uchun sig‘imi 5000 kub metr bo‘lgan 2 ta rezervuar qurilish maydonchasida o‘rganish o‘tkazildi hamda qurilish-montaj ishlarining hozirgi holati joyida tahlil qilindi.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mutaxassislariga joriy loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish, belgilangan muddatlarda yakunlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, Boshqaruv raisi tomonidan bayram munosabati bilan belgilangan dam olish kunlarida zavodning uzluksiz ishlashini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yuqoridagi masalalarga doir ko‘rsatmalar berildi.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 2020 yilda 843,9 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilib, zavodning 23 yillik tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichga erishilgan bo‘lsa, 2021 yil yakuni bilan ushbu ko‘rsatkichni 874,9 ming tonnaga ko‘paytirishga erishildi va rekord natija yangilandi. Zavod jamoasi 2022 yilda oldingi yillardagidan yaxshiroq natija qayd etish yo‘lida uzluksiz mehnat qilishmoqda.

2022 yil 22 yanvar kuni o‘tkazilgan Respublikaning toifalangan obektlar o‘rtasida alohida nominatsiyalar bo‘yicha navbatdagi tanlov natijalariga ko‘ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi “Xavfsizlik talablariga rioya qilish bo‘yicha eng ilg‘or o‘ta muhim obekt” va “O‘ta muhim va toifalangan obektlardagi eng ilg‘or Fuqaro muhofazasi tuzilmasi" nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib deb topilgani fikrimiz isbotidir.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan neftni qayta ishlash zavodlariga zamonaviy ilg‘or innovatsion texnologiyalar, yuqori samarali uskunalar, yangi materiallar, shu jumladan, yangi katalizatorlar, yirik investitsiya loyihalarini jalb etish orqali neft va gaz sanoatini rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: