Rossiyada 3 milliondan ortiq o‘zbekistonliklar bor. Ularga shuncha oila ko‘z tikib turibdi. So‘nggi oyda bu davlatda kuzatilayotgan siyosiy-iqtisodiy bo‘hronlar shundoq ham qisinib-qimtinib yuradigan vatandoshlarimizni yanada murakkab vaziyatga tushirayotgani bor gap.
Kun.uz bilan suhbatda bo‘lganlar turli soha vakillari. Sovuq va bepoyon o‘lkaning shafqatsiz muhiti ularni ehtiyotkorlikka o‘rgatib qo‘ygan. O‘zaro suhbatlarda ancha nolib gapirsalar-da, omma uchun fikr bildirishga kelganda yo jimib qoladilar yoki shaxslarini sir tutishni ma’qul ko‘radilar.
– Mana, urushning dastlabki oyi yakuniga yetmoqda. Umumiy kayfiyat va hayotingizdagi o‘zgarishlar haqida so‘zlab bering.
Zohid, Samarqanddan, tikuv sexi ishchisi:
– Bu bir oy hayotimda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi, deya olmayman-u, ammo tinchimiz yo‘qoldi. Ertaga nima bo‘larkin degan xavotir bilan yashashga majbur bo‘lib qoldik. Avvalo urush bo‘lmasin ekan, mana shu narsani chuqurroq anglab yetdim. Shu paytgacha ancha xotirjam yurganimizni tushundim.
Sayyora Sobirjonova, klining kompaniyasi xodimi:
– Kayfiyat yomon! Hayotimdagi o‘zgarish – deyarli ishsiz qoldim. Buyurtmalarim keskin kamayib ketdi. Kunim o‘tishi uchun bir-ikki so‘m topib yuribman. Ammo bu qachongacha?
Alisher aka, 47 yosh, Denovdan, ko‘cha supuruvchi:
– Kayfiyat o‘rtacha, yaxshi deb bo‘lmaydi. Hayotimdagi o‘zgarishlar haqida gapirsam – tinch, bexavotir yashashning qadriga endi ko‘proq yetyapmiz. To‘g‘ri, biz ishlayotgan joyda tinchlik, ammo bu voqealarning ta’siri, vahimasi bor. Har kuni Allohdan butun dunyoda tinchlik bo‘lishini so‘rayman. Halovat yo‘qolgan, shu eng katta o‘zgarish.
Salohiddin, Samarqanddan, quruvchi-usta:
– Yaqinda oldin olgan ishimizni tugatdik. Vaziyat darhol o‘z ta’sirini o‘tkazdi shekilli, hozircha yangi ish chiqmayapti. Ishimiz doimiy emas-da...
– Urush boshlangandan keyingi dastlabki maoshingizni olgandirsiz. Aytingchi, o‘tgan oy uyingizga qancha jo‘natgandingiz-u, bu oyda qancha? Ishingizda qanday o‘zgarish bo‘ldi, qisqarish xavfi yo‘qmi?
Zohid:
– O‘tgan oyda uyga 500 dollar yuborgan edim. Bu oy yuborganim yo‘q, oyligimni oldim va o‘zimda saqlab turibman. Ko‘pchilik qatori dollar kursi pastlashini kutyapman. Harqalay shunga umid qilyapmiz, yo‘qsa, uyga 300 ham bormay qoladi. Qisqartirish, ishdan bo‘shatish haqida gap bo‘lmadi. Lekin maosh kamaysa, bularda ham iqtisod ortga ketsa, ertami-kechmi bo‘ladigan narsa bu. Ishimizda o‘zgarish yo‘q, o‘sha-o‘sha maosh, faqat dollarga aylantirilganda barakasi uchdi.
Sayyora Sobirjonova:
– O‘tgan oyda O‘zbekistonga 300 dollar yuborgandim. Bu oy bu haqida gapira olmayman.
Ishimga kelsak – klinerlik kompaniyasida ishlardim. Mobil ilova orqali ish olamiz. Mana shu oyda buyurtma qiluvchilar soni keskin kamayib ketdi, yo‘q desa ham bo‘ladi. Bu ham tabiiy jarayon, kim ham bunday vaziyatda pul ishlatgisi keladi?
Alisher aka:
– Ha, bu oy oyligimizni oldik. Biz bu joyda er-xotin birga ishlaymiz. Ikkovimiz har oyda 1000 dollar yuborib turardik. Bu oy uyga 600 jo‘natdik.
Ish joyimizda qisqarish haqida gap yo‘q. Chunki biz ko‘chalarni tozalash bilan shug‘ullanamiz, bu sohada doimo odam yetishmaydi.
Salohiddin:
– Ishsizmiz. Qiyin vaziyati shu-da endi. Menga savol-pavol qilmasdan, imkoningiz bo‘lsa ming rubl berib turing, pul ishlasam qaytaraman.
– Qiyin vaziyatda ishsiz qolgan yurtdoshlarimiz haqida so‘zlab bering. O‘zingiz qaytish haqida o‘ylayapsizmi?
Zohid:
– Qiyin vaziyatda qolgan yurtdoshlarimiz haqida gapirsam, yaqinda ikkita o‘rtog‘im ish joyida bo‘lgan qisqarishlar sababli ishsiz qolishgan ekan, vaziyatning bunaqa bo‘lib ketayotgani uchun oxirgi oyliklarini uyiga yubormasdan ushlab turishgan ekan, chipta olib vatanga ketishdi.
Umuman, biz musofirlar qaytish haqida doimo o‘ylaymiz, ammo ishlashga ro‘zg‘or kamini to‘ldirish uchun shu joylarda yurishga majburmiz. Oxirgi olgan oyligimni saqlab turibman, ahvol o‘zgarmasa, ketish mo‘ljalda bor.
Sayyora Sobirjonova:
– O‘sha qiyin vaziyatda qolgan odamlardan biri o‘zimman. Ochig‘i, hozirgi vaziyatda o‘zimdan boshqani ko‘zim ko‘rmayapti. Hammada shu ahvol bo‘lsa, demak, qiyin vaziyatda qolganlar ko‘p bo‘lsa kerak.
Ketishdan ko‘ra, yaxshiroq bir ish topib, uyga pul chiqarish haqida ko‘proq o‘ylayapman. Yolg‘iz ayolman, farzandlarimni boqishim kerak axir.
Alisher aka:
– Qiynalib, ishsiz qolgan odamni yaqin o‘rtada ko‘rmadim. Eshitaman, ammo shaxsan taniganlarim ichida yo‘q. Sababi pandemiya davrini boshdan o‘tkazdik, yurtdoshlarimiz ham bunaqa vaziyatlarga tayyor turishni o‘rganishdi. Pandemiya boshlangan vaqtlarda og‘ir ahvolda qolganlar ko‘p edi. Hozir doimo zaxirada pul saqlashadi, ishsiz qoldimi, yoki boshqa ish topadi yoki uyiga qaytadi.
Salohiddin:
– Qaytib ham nima qilaman? Duo qilib turinglar, ishimiz yaxshi bo‘lib ketsin...
Abror Zohidov suhbatlashdi.