«Senatda ishlovchi Sayyora G‘oziyevna» orqali Bosh prokuraturaga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgar qo‘lga olindi

Jamiyat 11:43 / 20.03.2022 18305

Toshkent shahri Yangihayot tumani Green Park bog‘i oldida Abdurazzoq ismli shaxs kimyoviy ishlov berilgan 18 mln so‘m miqdoridagi pulni olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 20 fevral kuni ikki nafar fuqaro Toshkent shahar IIBB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilib, Abdurazzoq ismli shaxs ularni Oliy Majlis Senatida ishlovchi Sayyora G‘oziyevna ism-sharifli tanishi orqali O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, 10 ming dollar olgani, yana 18 mln so‘m talab qilayotganidan shikoyat qilishgan.

Abdurazzoq ismli fuqaro o‘z tuzog‘iga ilingan odamlarga ilgari huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida va Toshkent shahar hokimligida ishlaganini aytgan. Firibgar ularga agarda Milliy gvardiya, ichki ishlar va prokuratura organlariga ishga kirishga qiynalib yurgan tanishlari bo‘lsa, yordam bera olishiga ishontirgan.

Shundan so‘ng tuzoqqa tushganlardan biri Andijon viloyati prokuraturasiga ishga kirish uchun Abdurazzoq tanishtirgan Oliy Majlis Senatida ishlovchi opaning ko‘rsatmalariga amal qilgan holda turli tashkilotlarga boradi va u yerdagi mutasaddilarni opa bilan telefon orqali gaplashtiradi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ishlashini aytgan opaning talablari viloyat tashkilotlari mutasaddilarini sarosimaga solgan. Ba’zi bir tashkilotlarda jabrlanuvchilarning ishlari ma’lum ma’noda hal etilgan. Bunda yuqori lavozimda ishlovchi opa ishga kiruvchidan yana 18 mln so‘m pul talab qiladi. Shundan so‘ng jabrlanuvchilar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishadi.

Tergov-surishtiruv ishlari davomida Abdurazzoq o‘rta-maxsus ma’lumotga ega ekani, ilgari hech qanday davlat tashkilotida ishlamagani, oldin ham shu turdagi jinoyatlarni sodir etgani uchun 5 marta sudlangani va umrining 25 yili jazoni ijro etish muassasalarida o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Qator tashkilotlarda ishlovchi mansabdorlar bilan telefon orqali suhbat chog‘ida Oliy Majlis Senatida ishlovchi martabali shaxs deb tanishtirgan ayolning sim-karta raqami ham Abdurazzoqning yonidan topilgan.

«Dastlabki tergov jarayonida Abdurazzoq Ayupov muqaddam 5 marta shu kabi jinoyatlarni sodir etib, jazo o‘tagani, Oliy Majlis Senatida ishlovchi Sayyora G‘oziyevna mavjud emasligi, uyali telefon orqali ayol kishining ovozida o‘zini Sayyora G‘oziyevna deb tanishtirib, fuqarolarni ishontirib kelgani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan Abdurazzoq Ayupovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, ayni paytda Abdurazzoq Ayupovning boshqa jinoyatlarga ham aloqadorligi tekshirilmoqda. Toshkent shahar IIBB  ushbu shaxsdan jabr ko‘rganlar «102» raqami yoki yaqin oradagi ichki ishlar organlariga xabar berishlarini so‘ragan.

Ko‘proq yangiliklar: