Favqulodda vaziyatlar vazirligi 18 mart kuni Yashnobod tumanida joylashgan «Orient Logistik Center» MChJ qo‘shma korxonasidagi (Latviya—O‘zbekiston) yong‘in bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, korxonaga qarashli omborxonada yuz bergan yong‘in murakkabligi, davomiyligi va maydoni nuqtai nazaridan o‘ta jiddiy yong‘in sifatida baholanmoqda. Uni bartaraf etish uchun yigirmadan ziyod yong‘in-qutqaruv avtotexnikasi, bir dona yong‘in-qutqaruv poyezdi va 6 dona suv tashish avtotexnikalari jalb etilgan. Yong‘inni bartaraf etish ishlari bevosita Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati tomonidan amalga oshirilgan.
Yong‘in 18 mart kuni taxminan soat 20 larda boshlangan bo‘lsa, oradan salkam yetti soat o‘tib bartaraf etilgan. Birlamchi tahlillarga ko‘ra, mutaxassislar tomonidan yong‘in omborxonada saqlanmasligi lozim bo‘lgan yuk ko‘taruvchi mexanizatsiyalashtirilgan transportning elektr tizimida avariyaviy holat yuzaga kelganidan deb taxmin qilinib, uning katta maydonga tarqalishi va ko‘p vaqt ichida davom etgani, ushbu omborxonada aralash holda ko‘p miqdorda kanselyariya mahsulotlari, gul qog‘ozlar, polietilen o‘ram mahsulotlari, quruq efir moddasi, shuningdek omborxonada yong‘in xavfsizligi talablariga zid ravishda me’yoridan ortiq yonuvchi motor moyi saqlanganligi sabab bo‘lgan.
«Albatta, qattiq moddalar saqlanadigan omborxonalarga, norma va qoidalar bilan belgilangan talablar yonuvchi suyuqliklar saqlanadigan omborxonalarga belgilangan talablar ancha farqlanadi. Negaki, bu kabi binolarda yong‘in yuz berganda, yonuvchi suyuqliklar idishlardan oqib maydon bo‘yicha tarqalishini, yonish jarayonida juda katta haroratning ajralishini va boshqa ta’sirlarni inobatga olgan holda loyihalashtiriladi», deyiladi xabarda.
Yong‘inning kelib chiqish sabablari asosan tashkilot mutasaddilari tomonidan obektda har kunlik yong‘in xavfsizligi rejimi nazorat qilinmagani bilan bog‘liq bo‘lgan. Yuqorida keltirilgan tovar-moddiy boyliklarning saqlanishi har kuni o‘zgarib va almashib turgan.