Ta’limda nostandart yondashuvlar g‘oyasiga sodiq qolgan holda Al Beruniy International School (ABIS) koinot ilmini maktabdan tashqariga chiqmay o‘qitish vazifasini kreativ uslubda yechish yo‘lini topdi. Ushbu maqsadda maktab hududida dunyodagi birinchi koinot muhitiga o‘xshash maxsus shart-sharoitlar hosil qilinadigan laboratoriya tashkil etilib, ABIS o‘quvchilari fazoviy-ilmiy tadqiqotlarda qatnashishi uchun imkoniyat yaratilayapti.
Mazkur o‘quv-ilmiy loyihani ro‘yobga chiqarishga Al Beruniy International School bosqichma-bosqich va tizimli tayyorgarlik ko‘rdi. Bir yil avval maktab O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi fizika-texnika ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlik memorandumini tuzib, ushbu dargoh olim va mutaxassislari tavsiyalar asosida, zamonaviy muhandislik fani yechimlariga tayangan holda, elektr energiyasi ta’minoti borasida va boshqa texnologik masalalarda qizil sayyoradagi tabiiy muhitni maksimal darajada takrorlovchi sharoitga ega laboratoriyani bunyod etishga kirishdi.
Keyingi davrda ushbu o‘quv yili davomida o‘quvchilarni bo‘lajak ilmiy izlanishlarga tayyorlash uchun “Marsda omon qolish” mavzusida maxsus STEM seminarlar o‘tkazildi. Tugab borayotgan mazkur o‘quv choragining avvalida maktabga o‘z shaxsiy tajribalari, fazoviy-ilmiy izlanishlari, bolalik orzulari va ularga erishishda yuzaga kelgan to‘siqlarni qanday yengib o‘tganligi yuzasidan o‘quvchilar bilan davra suhbati o‘tkazish uchun ayni damda koinotni tadqiq etishda ancha nomdor bo‘lgan ikki mutaxassis taklif etildi.
Maktabga tashrif buyurgan mehmonlar koinot tadqiqotchisi va muhandis, "Mars 160", "Sirius-19", "MARS ONE" xalqaro loyihalari a’zosi Anastasiya Stepanova hamda koinot ilmi targ‘ibotchisi va tashabbuskori, ilmiy-ommabop yozuvchi edi. Uchrashuvda mehmonlar hozirga qadar erishgan yutuqlari haqida so‘zlab berdilar, Anastasiya Marsda yakkalanish bilan bog‘liq tajribalardagi ishtirok to‘g‘risida, Vitaliy kosmonavtika va ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirishning dolzarbligini yoshlarga tushuntirdilar.
Shunday qilib, ABIS jamoasi o‘z hamkorlari va soha mutaxassislari bilan birgalikda amalga oshirgan ishlari samarasi o‘laroq tez orada maktab o‘quvchilari biologiya, ximiya, fizika, astronomiya fanlari bo‘yicha o‘z nazariy bilimlarini “koinot sharoiti” da amaliy sinash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Zero, ABIS uchun koinot sir-sinoat emas, balki Olam mavjudligining fundamental asoslari bilan bog‘liq savollarga maktab ta’limi kesimida javob izlash platformasidir.
MarsLab nomli laboratoriyaning ochilish marosimi maktab bosh binosi hududida bo‘lib o‘tadi. Barcha xohlovchilarni ushbu nafaqat ABIS, balki O‘zbekiston uchun tarixiy tadbirda ishtirok etishga taklif qilib qolamiz.
Al Beruniy International School,
Shayxontohur tumani, Samarqand Darvoza 107.
Reklama huquqi asosida